Bismillahir Rohmanir Rohiym
8. Abu Is'hoq Mu’tasim
(xalifalik davri: hijriy 218–227; milodiy 833–842)
Abu Is'hoq Mu’tasim Muhammad ibn Horun ar-Rashid akasi Ma’mundan keyin, uning aqliga binoan hijriy 218 yilda xalifalikni egalladi. U jangu jadalga va boshqa ishlarga turk askarlarini jalb qila boshladi. Turklar tomonidan Bag‘dod aholisiga turli ozorlar yetdi. Shundan so‘ng xalifa qarshi chora sifatida ular uchun Samurro shahrini qurdirdi. Bundan ko‘rinadiki, fors va arablarga ishonch qolmaganidan keyin Mu’tasim turklarga e’tibor berib, askarlikka ulardan olishga qaror qilgan.
Forslar hokimiyatni yolg‘iz o‘zlari olishni qasd qilganlari tajribadan ravshan bo‘lgach, abbosiy xalifalar ularga qarshi juda qattiq choralar ko‘rdilar. Abu Salama Halloldan boshlab, Abu Muslim Xurosoniy, barmakiylar, Fazl ibn Sahl va boshqalar munosib jazolarini olishdi. Arablarning hukmronligi Aminning davlatiga qo‘shilib, forslarning qilichlari ostida zavolga uchradi. Ushbu sabablarga ko‘ra Mu’tasim boshqa diyorlardan askar izladi va ular turklar bo‘ldi.
U o‘zining bu ishi bilan Islom davlatiga katta zarar yetkazayotganini anglamayotgan edi. U davlatning barcha ishlarini ana shu tug‘yonga ketgan turklarning qo‘liga topshirib qo‘ydi.
Mu’tasim “Qur’oni Karim maxluqdir” degan aqiydani davom ettirdi. Odamlarni, xususan imom Ahmad ibn Hanbalni azoblashda davom etdi. U Ma’munning siyosiy sohadagi juda ko‘p ishlarining davomchisi bo‘ldi.
Hodisalar
Bobak Xurramiy harakati
Mu’tasim Bobak Hurramiyga qarshi bir necha marta urush qildi, oxiri hijriy 223 (milodiy 838) yilda uni yo‘q qildi. Bobak ustidan qozonilgan g‘alaba musulmonlar guvoh bo‘lgan g‘alabalarning eng yaxshilaridan bo‘ldi. Bobak Hurramiy o‘ldirilgan kuni hurramiyya mazhabi tugadi. Bu 20 yil davom etgan kurashlarning natijasi edi.
Fathlar
Amuriyya fathi
Rum podshohi va xurramiylar birgalikda Zibtara va Malotiya degan joylarga kirishdi. U yerlarda musulmonlarga qarshi xohlagan ishlarini qildilar. Aytishlaricha,
Zibtara degan joyda bir muslima ayolga qarshi tajovuz qilinganida “Voy, Mu’tasimim!” deb dod solgan, shunda Mu’tasim haligi ayolning nidosiga javoban o‘zi Rum shaharlari tomon yurish qilgan. U Amuriyya degan joydan shaharga kirib borib, katta jangdan so‘ng uni fath qildi. Bu ishlar hijriy 223 yilda sodir bo‘ldi.
Shoir Abu Tamim ushbu voqeani o‘zining mashhur qasidasida bayon qilgan.
Mu’tasimning vafoti
Mu’tasim hijriy 227 (milodiy 842) yilda vafot etdi. Uning xalifalik davri to‘qqiz yil davom etdi.
9. Horun Vosiq
(xalifalik davri: hijriy 227–232; milodiy 842–847)
Horun ibn Muhammad Mu’tasim xalifalikni hijriy 227 yilda otasi Mu’tasimdan keyin egalladi. Uning davrida ahamiyatga molik hodisalar deyarli bo‘lmadi.
Turklar
Vosiqning davrida turklarning lashkarboshilari juda yuqori martabalarga erishdilar. Vosiq ularga juda ko‘p narsalarni berdi. Asli turk bo‘lgan lashkarboshi Ashnosga “Sulton” laqabini berdi. Unga juda ko‘p imtiyozlar taqdim etdi.
Horun Vosiqning vafoti
Horun Vosiq hijriy 232 (milodiy 847) yilda vafot etdi. Uning xalifaligi 5 yil davom etdi.
10. Ja’far Mutavakkil
(hijriy 232–247; milodiy 847–861)
Ja’far ibn Muhammad Mu’tasim xalifalikni akasidan keyin egalladi. Uni hokimiyatning barcha jilovlarini o‘z qo‘liga olgan turk lashkarboshilari xalifa qilib sayladilar. Mutavakkil turklardan xalos bo‘lish uchun ko‘p harakat qildi, lekin uddasidan chiqmadi. Uning hayoti ularning ko‘pida nihoyasiga yetdi. Ja’far Mutavakkil davrida “Qur’oni Karim – maxluq” degan gapga barham berildi. U imom Ahmad ibn Hanbalni ikrom qilib, hurmatini joyiga qo‘ydi.
Hodisalar
Hijriy 238 (milodiy 853) yilda, Mutavakkilning davrida Misrning Dimyot degan joyiga rumliklar g‘orat qilib kelib, u yerni vayron etishdi. Odamlarini qatl qilgach, o‘z yurtlariga qaytib ketishdi. Biror kishi ularga qarshi chiqa olmadi. Ularning musulmon yurtlariga qarshi tajovuzkorliklari davom etdi. Ularga bir necha marta hamlalar qilindi, lekin biror marta ham jiddiy natijaga erishilmadi.
Ja’far Mutavakkilga qarshi uning o‘g‘li Muntasir fitna uyushtirdi. U ba’zi bir turk qo‘mondonlari bilan til biriktirib, uni qatl qildirdi. Turklarning ishi juda ham kuchaygan, sha’nlari yuqorilashgan edi. Hijriy 247 yilda xalifa qatl qilindi. Mutavakkil 15 yil halifalik qildi. Ja’far Mutavakkilning qatl qilinishi bilan abbosiylarning birinchi davri – quvvatli xalifalar davri poyoniga yetdi.
Keyingi mavzular:
Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar.
Dolzarb mavzu
“Qor malikasi” filmida bir gap aytiladi: “Bolalarni erkatoy qilib o‘stirish kerak. Shunda ular buyuk qaroqchi bo‘lib yetishadi...” Atrofga boqib, erkatoy bolalarning bir ko‘zini bog‘lab, birovlarning molini zulm bilan tortib oladigan qaroqchiga aylanishini kutdim. O‘shanda bola ekanman-da... So‘zlarni to‘ppa-to‘g‘ri tushunib olibman.
Men “qaroqchi” bo‘lishini kutgan erkatoylarning aksari oddiygina bolalar kabi ulg‘ayishdi, o‘qishga kirishdi, keyin farzandli bo‘lishdi, turli tashkilotlarda ishlab ketishdi.
Xullas, bu erkatoylikning zarari yo‘qdek ko‘rina boshladi. Biroq bir kuni erkatoy bir tanishim o‘qishga kirishi tarixini gapirib berdi. Suhbat orasida hamkasblarining yomon munosabatlaridan ham nolib o‘tdi...
Shu payt miyamda “yarq” etib chaqin chaqqandek bo‘ldi...
Barchaga birdek ayonki, qaroqchilar o‘zgalarning mol-mulkini zo‘ravonlik, zulm bilan tortib olishadi. Men aslida to‘g‘ridan to‘g‘ri tushungan so‘zning biroz teranroq, biroz falsafiyroq ma’nosi bor ekan. O‘ylab ko‘rilsa, erkatoylar nafaqat moddiy, balki ma’naviy haqlarga ham daxl qilisharkan.
Otasining davrida bilimi yetmasa ham, ta’lim dargohiga “kiradi”. Bilimli bir yetuk mutaxassisning o‘rnini egallaydi. Ishga “joylashadi”. Yana o‘sha manzara... Yetuk bilim va salohiyatga ega korxonaga ham, yurtga ham manfaat keltira oladigan – bir mutaxassis ishsiz. Korxona esa, ish bermaydigan bir xodimga oylik to‘laydi. Uning vazifasi, mas’uliyati o‘zgalar zimmasiga yuklanadi. Natijada ish sifati pasayadi, korxonada muhit izdan chiqadi. Zero, hadisi sharifda Rasululloh sollallohi alayhi va sallam: “Ish o‘z egasining qo‘lidan boshqasiga o‘tsa, qiyomatni kutavering”, deya ogohlantirganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
...Aslida biz sanab o‘tgan va yana tilga olmagan bu kabi illatlar oxir-oqibat jamiyat kishilari orasida norozilik, bir-biriga bo‘lgan yomon munosabat, dushmanlik kabi vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Alal-oqibat, erkatoylar ham taraqqiyotga, ham tinchlikka raxna soladi.
To‘g‘ri, bola tarbiyasining ma’lum bosqichlarida bolani yoshiga yarasha erkalash, rag‘batlantirish, suyish foydali. Lekin uni keyinchalik ham yosh boladay erkalab, aytganini muhayyo qilaverish salbiy oqibatlarga olib keladi.
Ayniqsa, mehri to‘lib-toshib turadigan onalar bu narsani doimo esda tutishlari oilaga ham, jamiyatga ham naf beradi.
Nigora MIRZAYEVA