Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Ba’zilar qashshoq oila yoki faqir jamiyatda hayot kechiradi. Bunday sinovli vaziyatda ona – farzandlariga qambag‘allikni yengishga va qashshoqlikdan ham ustun turadigan boy qadriyatlar borligini o‘rgatishi lozim. Ya’ni kambag‘allikda yashayotgan farzandlar onaning go‘zal tarbiyasi sababli o‘zlarini aslo kambag‘al deb bilmasliklari lozim.
Ushbu hikoyani jajji qizaloq ulg‘ayganida so‘zlab bergan.
Yoshligimda qashshoqlikda yashaganimizga qaramasdan onam meni “Qizim, biz boymiz” deb katta qildilar. Kambag‘al oilada yashashimizni kattaroq sinfga o‘tganimda bilganman.
Onam hamisha kiyimlarimni pokiza, ozoda qilib qo‘yardi. Kechalari kiyimlarimni tikardi. Kiyimimda yamoqlar juda ko‘p bo‘lardi. Har kuni ertalab sochlarimni tarardi. Oyoq kiyimlarini ham tozalardi. Onamning g‘amxo‘rligi sababli men hech qachon o‘zimni kambag‘al oilaning farzandi deb hisoblamasdim.
Kunlarning birida maktabdagi darslarim tugaganidan so‘ng ikki sinfdoshim: “Sen kambag‘alsan” deb meni mazax qilishdi. Ularning aytgan so‘zlari menga og‘ir botdi, qattiq xafa bo‘ldim.
Uyga yig‘lab bordim. Uyimga yaxshilab razm soldim, uyimiz juda eski va ta’mirsiz edi. Ko‘p joylarni onam o‘z qo‘llari bilan ta’mirlab, bo‘yab qo‘ygandi. Muzlatgich ham bo‘m-bo‘sh edi. Onam maktbdan qaytganimdan beri meni kuzatib turgan ekan.
Muzlatgichda yeyishga yegulik ham yo‘q edi. Stol ustida onam menga tayyorlab qo‘ygan 3-4 bo‘lak non ham 4-5 kunlik edi. “Bu nimasi? Nahotki men kambag‘al ekanimizni bilmagan bo‘lsam. Biz haqiqatdan ham qashshoq ekanmiz”.
Onamning oyoqlariga yopishib olib: “Onajon biz kambag‘almizmi?” deb so‘radim. Men o‘zimcha onam meni aldashga urinib, meni yupatsa kerak deb o‘ylagandim. Ammo onam menga xotirjam qarab: “Kambag‘al? Biz kambag‘al ekanmizmi?! Yo‘q, jonginam biz aslo kambag‘al emasmiz”, dedi.
Keyin onam muzlatgichni ochib: “Ozgina bo‘lsa ham yeyishga loviyamiz bor. Ayrimlarning uyida shu ham yo‘q”, dedi.
Ha, agar qizalog‘im bizning pulimiz yo‘q, shuning uchun biz kambag‘almiz demoqchi bo‘lsang, to‘g‘ri pulimiz kam bo‘lishi mumkin, ammo bizda boshqalarda yo‘q ko‘p narsalarimiz bor. Ayrimlar biz kabi baxtli tabassum qila olmasligi mumkin. Biz baxtlimiz.
Boshqalarning boyligi bo‘lsa ham, sog‘lig‘i bo‘lmasligi mumkin. Biz esa sog‘-salomatmiz.
O‘zgalarning puli ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin oila a’zolari bir-biriga ahil bo‘lmasligi va biz kabi bir-birini qattiq yaxshi ko‘rmasligi mumkin. Shunday ekan, aslo xavotir olma qizalog‘im, biz haqiqatdan ham boymiz. Bizda juda ko‘p boyliklar bor”.
Onam meni shu tariqa ko‘nglimni ko‘tarardi. Hayotda yengilmaslikka o‘rgatardi. Onam hamisha qornimni to‘yg‘izish bilan birga, menga ruhiy ozuqa ham berardi.
Farzandlarimizning yuzi hamisha umid tabassumidan porlab tursin. Ularning qalblari aslo kambag‘allikdan o‘ksimasin. Dilbandlarimizga Alloh bizga juda ko‘plab ne’matlarini beminnat berganini o‘rgataylik. Zero, Robbimizning karami keng Zotdir. U O‘zi xohlagan bandasining qalbini va rizqini keng qilib qo‘yadi.
MAQOLANING VIDЕOLAVHA SHAKLI
Davron NURMUHAMMAD
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati