Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

20.12.2024   10651   5 min.
Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

 

 - 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
 

Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.

Nazmiy bayoni:

Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.

Lug‘atlar izohi:

دُخُولُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.

الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.

فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.

مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.

الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.

يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.

أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

 

Matn sharhi:

Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.

Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:

عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.

Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:

“Qilib o‘tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz!” – derlar”[1].

Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.

Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.

 

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:

“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:

1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;

2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;

3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.

Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].

Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.

 

Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.

 


[1] Nahl surasi, 32-oyat

[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 130.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Samarqand nufuzli xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilmoqda

01.05.2025   6419   1 min.
Samarqand nufuzli xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilmoqda

Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.

Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.

Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.

Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.

xs.uz

INFOGRAFIKA