- 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.
Nazmiy bayoni:
Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.
Lug‘atlar izohi:
دُخُولُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.
فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.
مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.
الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Matn sharhi:
Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.
Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.
Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:
Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.
Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;
2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;
3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.
Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].
Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.
Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV