Alloh taologa beadad shukrlar bo'lsin O'zi bizni muborak Ramazon oyiga etkazib, bu oyning ibodatlaridan bahramand etmoqda. Alloh o'zining ibodatiga loyiq ko'rishi biz uchun cheksiz ne'matdir. Chunki ibodat bandaning bu dunyodagi eng asosiy maqsad va vazifalaridan biridir. Inson yaratilishidan ko'zlangan bosh g'oya ham shundan iboratdir. Bu haqda Qur'oni karimda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Zoriyot surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi biz uchun Allohga yaqin bo'lish, xulqimizni sayqallash, savobli amallarni ko'proq qilish, imonimizni mustahkamlash kabi ibodatlar uchun qulay bir fursatdir.
Qur'oni karimda ro'za tutish ibodati Odam alayhissalomdan boshlab to Muhammad alayhissalom davrigacha o'tgan barcha payg'ambar va ummatlarga farz qilingani ta'kidlanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Demak, ro'za banda uchun shunchalik muhim ibodatdirki Alloh uni tutishlikni barcha ummatga farz qildi. Ehtimol, ro'zaning fazilati bunchalik ko'p bo'lmaganda barcha ummat uchun birdek farz bo'lmagan bo'lardi.
Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali o'zi uchun, faqat ro'za Men uchundir va uning mukofotini Men – O'zim beraman”, dedi (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).
Alloh taolo barcha solih amallar ichidan faqatgina ro'zani O'zi uchun tanlagani bu ibodatning nechog'lik ulug' ekanligiga dalolat qiladi.
Ro'za ibodati banda va Robbi o'rtasidagi eng maxfiy ibodatlardan biri hamdir. Ro'zador kun davomida bir necha bor o'zi yolg'iz qolganda eyish yoki ichishga imkoni bo'lsa ham Allohning kuzatib turganligini his qilib, eyish-ichishdan nafsini tiyadi, sabr qiladi. Shunda ro'zaning asl haqiqati namoyon bo'lib, banda Allohga tobora yaqin bo'lib boradi.
Ro'za qiyomat kuni o'z egasini shafoat qiladi. Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ro'za va Qur'on (qiyomat kuni) bandani shafoat qiladi. Ro'za aytadi: “Yo, Robbim, men uni kunduzi taom va shahvatlardan to'sdim, endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. So'ngra Qur'on aytadi: “Yo, Robbim, men uni kechasi uyqudan to'sdim. Endi uni shafoat qilishim uchun izn ber”. Bas, u ikkisiga (bandani) shafoat qilish imkoni beriladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Darhaqiqat, ro'za oyining fazilatlari cheksiz, uni sanab adog'iga etib bo'lmaydi. Har bir inson o'zining sa'y-harakat va niyatiga ko'ra bu oyning savobidan turlicha bahramand bo'ladi. Biroq Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislariga ko'ra har bir ro'zadorning jannatga “Rayyon” deb atalgan eshikdan kirishi haqdir.
Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir eshik bor. U «Rayyon» deyiladi. Qiyomat kuni undan ro'zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ro'zadorlar qani? deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo gunohlarimizni mag'firat etib, jannatga “Rayyon” eshigi orqali kirishimizni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov