Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, futbol o‘ynash va shaxmat donalarini surib turish aqlni peshlaydi, tafakkurni teran qiladi, kishida tez qaror qabul ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida shaxmat va mini futbol sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etib, musobaqani kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tabiiyki, har bir musobaqada g‘oliblar aniqlanadi. Bu bellashuvlarda ham g‘alaba kuchlilarga, tajribalilarga kulib boqdi.
Hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra shaxmat bo‘yicha:
I o‘rin Dilshodbek domla Umirtoyevga (Shayxontohur tumani);
II o‘rin Komiljon domla Nuraliyevga (Yashnobod tumani);
III o‘rin Sarvar domla Muhammadiyevga (Sergeli tumani) nasib etdi.
Shuningdek, mini futbol bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
I o‘rinni Chilonzor tumani imom-xatiblari jamoasi;
II o‘rinni Yunusobod tumani jamoasi;
III o‘rinni Uchtepa tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchi va homiylarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati