Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Masiyh Dajjolning sifatlari (birinchi maqola)

23.12.2024   5495   8 min.
Masiyh Dajjolning sifatlari (birinchi maqola)

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَامَ رَسُولُ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي النَّاسِ فَأَثْنَى عَلَى اللهِ بِمَا هُوَ أَهْلُهُ ثُمَّ ذَكَرَ الدَّجَّالَ، فَقَالَ: «إِنِّي َلَأُنْذِرُكُمُوهُ وَمَا مِنْ نَبِيٍّ إِلَّا وَقَدْ أَنْذَرَ قَوْمَهُ، وَلَكِنِّي سَأَقُولُ لَكُمْ فِيهِ قَوْلًا لَمْ يَقُلْهُ نَبِيٌّ لِقَوْمِهِ، إِنَّهُ أَعْوَرُ، وَإِنَّ اللهَ لَيْسَ بِأَعْوَرَ».

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom odamlar orasida turib, Allohga loyiq hamdu sano aytdilar, so‘ng Dajjol haqida so‘zlab, shunday dedilar: «Men sizlarni undan ogohlantiraman! Har bir nabiy ham o‘z qavmini undan ogohlantirgan. Lekin men sizlarga u haqda hech bir nabiy o‘z qavmiga aytmagan gapni aytaman: uning bir ko‘zi yo‘q, Alloh esa unday emas!»

عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «مَا مِنْ نَبِيٍّ إِلَّا وَقَدْ أَنْذَرَ أُمَّتَهُ الْأَعْوَرَ الْكَذَّابَ أَلَا وَإِنَّهُ أَعْوَرُ وَإِنَّ رَبَّكُمْ لَيْسَ بِأَعْوَرَ مَكْتُوبٌ بَيْنَ عَيْنَيْهِ «ك ف ر» أَيْ كَافِرٌ يَقْرَؤُهُ كُلُّ مُسْلِمٍ». رَوَاهُمَا الْأَرْبَعَةُ.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh alayhissalom shunday dedilar: «Qaysi bir nabiy bo‘lmasin, albatta, ummatini bir ko‘zi yo‘q kazzobdan ogohlantirgan. Bilib qo‘yinglarki, uning bir ko‘zi yo‘q! Robbingiz esa unday emas! Dajjolning ikki ko‘zi orasiga «ka», «fa» «ro», ya’ni «kofir» deb yozilgan. Uni har bir musulmon o‘qiydi».

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Sharh: Alloh taolo odamlarni sinash uchun Dajjolga turli imkoniyatlar berib qo‘yadi. Jumladan, Alloh taoloning izni ila u o‘likni tiriltirish, yomg‘ir yog‘dirish, yerni hosildor qilish va shunga o‘xshash ishlarga imkon topadi. So‘ngra o‘zidan ketib, xudolik da’vosini qiladi. Shunda Alloh taolo uning ojizlik taraflarini zohir qilib qo‘ygani ish beradi. Uning bir ko‘zi yo‘qligi, peshonasiga «kofir» deb yozib qo‘yilgani, Dajjol bu narsalarni o‘zidan ketkaza olmasligi uni fosh qiladi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «بَيْنَا أَنَا نَائِمٌ رَأَيْتُنِي أَطُوفُ بِالْكَعْبَةِ فَإِذَا رَجُلٌ آدَمُ سَبْطُ الشَّعَرِ يَنْطُفُ أَوْ يُهْرَاقُ رَأْسُهُ مَاءً قُلْتُ: مَنْ هَذَا؟ قَالُوا: ابْنُ مَرْيَمَ ثُمَّ ذَهَبْتُ أَلْتَفِتُ فَإِذَا رَجُلٌ جَسِيمٌ أَحْمَرُ جَعْدُ الرَّأْسِ أَعْوَرُ الْعَيْنِ كَأَنَّ عَيْنَهُ عِنَبَةٌ طَافِيَةٌ قَالُوا: هَذَا الدَّجَّالُ أَقْرَبُ النَّاسِ بِهِ شَبَهًا ابْنُ قَطَنٍ»، وَابْنُ قَطَنٍ رَجُلٌ مِنْ خُزَاعَةَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Tushimda Ka’bani tavof qilayotgan emishman. Sochlari yaxshilab taralgan bug‘doyrang kishini ko‘rdim. Qarasam, sochlaridan suv tomib turibdi. «Bu kim?» desam, «Bu – Masiyh ibn Maryam», deyishdi. So‘ngra boshqa yoqqa qarab, bir barvasta kimsaga duch keldim. Sochi qizil, jingalak, bir ko‘zi yo‘q, biri esa xuddi bo‘rtib turgan uzum donasiga o‘xshaydi. Bu – Dajjol, unga eng o‘xshaydigan odam esa xuzo’alik Ibn Qatandir».

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Sharh: Ibn Qatan – johiliyat davrida o‘lib ketgan odam edi.

وَلِمُسْلِمٍ: «الدَّجَّالُ أَعْوَرُ الْعَيْنِ الْيُسْرَى، جُفَالُ الشَّعَرِ، مَعَهُ جَنَّةٌ وَنَارٌ فَنَارُهُ جَنَّةٌ وَجَنَّتُهُ نَارٌ».

Muslimning rivoyatida:

«Dajjolning chap ko‘zi yo‘q, o‘zi sersoch bo‘ladi. Uning jannati va do‘zaxi bo‘ladi. Uning do‘zaxi – jannatdir, jannati – do‘zaxdir», deyilgan.

وَلِأَبِي دَاوُدَ: «إِنَّ مَسِيحَ الدَّجَّالَ رَجُلٌ قَصِيرٌ أَفْحَجُ جَعْدٌ أَعْوَرُ مَطْمُوسُ الْعَيْنِ لَيْسَ بِنَاتِئَةٍ وَلَا جَحْرَاءَ فَإِنِ الْتَبَسَ عَلَيْكُمْ فَاعْلَمُوا أَنَّ رَبَّكُمْ لَيْسَ بِأَعْوَرَ».

Abu Dovudning rivoyatida:

«Dajjol pakana, maymoq, jingalaksochdir, uning bir ko‘zi yo‘q, ko‘zi tep-tekis – bo‘rtib ham chiqmagan, ichkariga ham kirmagan. Agar ikkilanib qolsangiz, bilingki, Robbingiz unday emas», deyilgan.

Sharh: Mana shu sifatlardan uni tanib olaveringlar, tag‘in uning xudolik da’vo qilayotganiga aldanib qolmanglar.

عَنِ الْمُغِيرَةِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَا سَأَلَ أَحَدٌ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الدَّجَّالِ مَا سَأَلْتُهُ وَإِنَّهُ قَالَ لِي: «مَا يَضُرُّكَ مِنْهُ»، قُلْتُ: لِأَنَّهُمْ يَقُولُونَ إِنَّ مَعَهُ جَبَلَ خُبْزٍ وَنَهَرَ مَاءٍ، قَالَ: «هُوَ أَهْوَنُ عَلَى اللهِ مِنْ ذَلِكَ». رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Mug‘iyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Hech kim Dajjol haqida Nabiy alayhissalomdan men so‘raganchalik so‘ragan emas. U zot menga «U senga zarar qila olmaydi», deganlar. «Uning non tog‘i, suv anhori bo‘ladi, deyishadi», dedim. «Allohning nazdida u bunchalik bo‘lishga arzimaydi», dedilar».

Ikki shayx rivoyat qilganlar.

Sharh: Alloh taolo unga mo‘jiza kabi narsalarni juda ham oshirib berib qo‘ygan emas.

عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَأَنَا أَعْلَمُ بِمَا مَعَ الدَّجَّالِ مِنْهُ، مَعَهُ نَهَرَانِ يَجْرِيَانِ أَحَدُهُمَا رَأْيَ الْعَيْنِ مَاءٌ أَبْيَضُ وَالْآخَرُ رَأْيَ الْعَيْنِ نَارٌ تَأَجَّجُ فَإِمَّا أَدْرَكَنَّ أَحَدٌ فَلْيَأْتِ النَّهَرَ الَّذِي يَرَاهُ نَارًا وَلْيُغْمِّضْ ثُمَّ لِيُطَأْطِئْ رَأْسَهُ فَيَشْرَبَ مِنْهُ فَإِنَّهُ مَاءٌ بَارِدٌ وَإِنَّ الدَّجَّالَ مَمْسُوحُ الْعَيْنِ عَلَيْهَا ظَفَرَةٌ غَلِيظَةٌ مَكْتُوبٌ بَيْنَ عَيْنَيْهِ كَافِرٌ يَقْرَأُهُ كُلُّ مُؤْمِنٍ كَاتِبٍ وَغَيْرُ كَاتِبٍ».

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Men Dajjolda nimalar bo‘lishini uning o‘zidan ham yaxshi bilaman. Uning ikkita oqib turgan anhori bo‘ladi, biri ko‘zga ko‘rinib turgan oq suv, biri – ko‘zga ko‘rinib turgan alangali olov bo‘ladi. Kimdir unga yetishsa, o‘ziga olov bo‘lib ko‘ringan anhorga sho‘ng‘isin. So‘ngra boshini egib, undan ichsin, chunki o‘sha sovuq suv bo‘ladi. Dajjolning ko‘zi tekis, ustini qalin et qoplagan. Uning ikki ko‘zi orasiga «kofir» deb yozilgan bo‘lib, yozishni bilganu bilmagan har bir mo‘min uni o‘qiy oladi».

Sharh: Dajjolning chap ko‘zi qalin et bilan qoplangan bo‘lib, tep-tekis holda bo‘ladi. Shuning uchun u «masiyh» – tekislangan deb ham ataladi.

وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِنَّ الدَّجَّالَ يَخْرُجُ وَإِنَّ مَعَهُ مَاءً وَنَارًا فَأَمَّا الَّذِي يَرَاهُ النَّاسُ مَاءً فَنَارٌ تُحْرِقُ وَأَمَّا الَّذِي يَرَاهُ النَّاسُ نَارًا فَمَاءٌ بَارِدٌ عَذْبٌ فَمَنْ أَدْرَكَ ذَلِكَ مِنْكُمْ فَلْيَقَعْ فِي الَّذِي يَرَاهُ نَارًا فَإِنَّهُ مَاءٌ عَذْبٌ طَيِّبٌ». رَوَاهُمَا الثَّلَاثَةُ.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Dajjol chiqqanda uning suvi va olovi bo‘ladi. Odamlarga suv bo‘lib ko‘ringan narsa – kuydiruvchi olovdir. Odamlarga olov bo‘lib ko‘rinadigan narsa – muzdek, shirin suvdir. Qay biringiz bunga duch kelsa, o‘ziga olov bo‘lib ko‘ringan narsaga tushsin, o‘sha shirin, pok suv bo‘ladi».

Ikkisini uchovlari rivoyat qilganlar.

(Davomi bor)

«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan

Boshqa maqolalar

Yetti yuz dirham keltiradigan bir dirham

02.06.2025   4675   3 min.
Yetti yuz dirham keltiradigan bir dirham

Alloh taolo bizga bir sadaqamizni yetti yuz barobar ko‘paytirib berishini va’da qildi. Shunday ekan, nega endi muhtojlarga ehson qilishga ikkilanamiz?!

Rivoyatlarda kelishicha, Muhallabiy degan bir vazir o‘tgan bo‘lib, avvalboshda kambag‘al bo‘lgan ekan. Dunyo matohlaridan biror narsasi bo‘lmagan ham ekan. Shu holida u safar qiladi. Borgan joyida ham yeyishga biror narsa topa olmaydi. Go‘sht yeyishni qattiq ishtaha qilsa-da, go‘shtga yetgulik pul topa olmaydi va:

Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu,
Bul maiyshat xayrsiz bo‘ldi manga,
Vooh, bu hayotdin o‘lim totli bo‘lurmu,
Bu xushsiz hayotdin kelib mani xalos etsa…

U kishining hamsafari bo‘lib, ismi Abu Abdulloh So‘fiy edi. U baytni eshitib, bir dirhamga go‘sht sotib olib, pishirib Muhallabiyning qo‘liga tutqazadi. Keyin esa ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ajralib ketishadi.

Kunlar o‘tib Muhallabiy Bag‘dodda vazir darajasiga ko‘tariladi. Bu yoqda Abu Abdulloh So‘fiyning sharoiti og‘irlashib, qiynalib qoladi. U vazirning huzuriga boradi va bir parcha qog‘oz berib, uni soqchidan kirgizib yuboradi. Qog‘ozda quyidagilar yozilgan edi:

Ayo vaziringga yetkaz, unga jonimni fido ayladim,
Yigit hech zamon gapin yoddan chiqarmas.
Yodingdamu yo‘qchilikdan qiynalib aytgan gaping,
“Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu” deganing…

Vazir Muhallabiy xatni o‘qigach, o‘tgan kunlari yodiga tushib, go‘sht yegisi kelganida go‘sht olib pishirib bergan hamsafarini eslaydi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, Allohning ne’matlari ichida yayrab yashayotganini, qanday qilib bu martabalarga erishib, xalifaning vaziri bo‘lib qolgani haqida tafakkur qiladi. Keyin esa: “Bu xatni yozgan kishiga yetti yuz dirham berib yuboringlar”, deb buyuradi va xat ostiga javob tariqasida mana bu oyatni yozib qo‘yadi:

«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchi kishilarning (savobining) misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi...»[1] (ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).

Bu orqali vazir hamsafariga “Menga bir dirham evaziga olib bergan go‘shting haqqini Alloh taolo yetmish barobar ko‘paytirib berdi”, demoqchi edi.

Shoir aytadi:

Yaxshilik o‘gurganning mukofoti yo‘qolmagay hech,
Xoliqu xalq orasindagi sunnat zoil o‘lmagay hech.

Hech bir kishidan minnatdorchilik kutmang!

Hakimlardan biri aytadi: “Kim qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik, rahmat kutsa, shubhasiz, u oxirat savobini dunyoda olishga shoshilibdi”.

Yaxshilik qilish maqtovga arzirli xarajatdir

Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: “Har narsada isrof bor, illoki husni xulqni qo‘lga kiritishda, yaxshilik qilishda, odamgarchilikni yuzaga chiqarishda isrof yo‘q”.

Bir hakim zotning gapini doimo yodingizda tuting: “Yaxshilik qiluvchi kishi hech chohga tushmaydi. Mabodo tushgan taqdirda ham, bir tirgak topadi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 261-oyat.