Shu yil 10 dekabr Shayx Toha al-Fashniyning vafotiga bag‘ishlangan kun bo‘lib, u Qur’on karim qiroatiga hayotini bag‘ishlagan eng buyuk qori bo‘lgan.
“IQNA” axborot agentligi “Sada El Balad”ga tayangan holda xabar berishicha, 2024 yil shayx Toha al-Fashniyning vafotining 53-yilligi sifatida nishonlandi. U Qur’on qiroati va diniy tavosheh (nashida) sohasida Misr va musulmon olamida katta iz qoldirgan zotlardan biri sanaladi.
Yoshligi
Shayx Toha Hasan Marsiy al-Fashniy 1900 yilda Misrning Bani-Suvayf viloyatidagi Al-Fashn shahrida tug‘ilgan. Bolaligidayoq Qur’oni karimni yod olgan va bu uning kelajakdagi diniy san’atga asos bo‘lgan. Maktab direktorining topshirig‘i bilan u har kuni tonggi marosimlarda Qur’on tilovati qilgan va uning ajoyib ovozi yoshligidanoq e’tiborga tushgan.
Keyinchalik, shayx Toha “Al-Azhar” universitetida ta’lim olib, Qur’oni karim qiroati va tadjvid qoidasini mukammal o‘rgandi. U shayx Abdulhamid al-Sahariydan ijoza sertifikati olib, diniy bilimlari va qiroat san’atida yetukligini isbotladi.
Iste’dodning shakllanishi
Shayx Toha al-Fashniyning mashhur Qur’on hofizi bo‘lib yetishishida shayx Ali Mahmud katta hissasini qo‘shgan. U diniy tavoshehning “qiroli” sifatida tanilgan bo‘lib, Toha al-Fashniy undan duo va madhiya nashidalari aytishni o‘rgangan. Keyinchalik u buyuk bastakor Zakariya Ahmad bilan hamkorlik qilib, tavosheh jamoasida ishtirok etgan. Bu hamkorlik uning o‘z davrining eng yaxshi qori va ijrochilaridan biri sifatida tanilishini mustahkamladi.
Shayx Toha al-Fashniy o‘zidan keyin nafaqat boy Qur’on qiroati merosini, balki Islom san’atida chuqur iz qoldirdi. Uning xotirasi Qur’onga xizmat qilishga bel bog‘lagan kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.
Misr radiosidagi faoliyati
Shayx Toha al-Fashniyning Misr radiosiga xushovozi bilan kirib kelishi uning kasbiy faoliyatida ulkan burilish nuqtasi bo‘ldi. 1937 yilda Misr radiosi rahbari Said Pasha Lutfiy “Husayn” majmuasi hududida o‘tkazilgan tadbirda shayx Toha al-Fashniyning ovozidan hayratlandi va uni yuqori darajadagi qori sifatida tasdiqladi.
Shundan so‘ng shayx Toha al-Fashniy Qur’on karim eshittirishida Qur’on tilovat qila boshladi. Bu esa uning ovozini butun Misr uylariga yetkazdi va xalq orasida katta shuhrat qozondi.
Qirollik saroylari qorici
Shayx, buyuk qori Toha al-Fashniy hayotining eng muhim bosqichlaridan biri uning Qur’on tilovat qilish uchun qirollik saroyiga taklif qilingani bo‘ldi. U 9 yil davomida “Obiddin” va “Ras at-Tiyn” saroylarida Qur’on tilovat qildi va Qirol Foruq Ramazon oyi kechalari uning ovozini intizorlik bilan tinglardi.
Shuningdek, Misr sobiq prezidenti marhum Jamol Abdunnosir ham unga o‘z qo‘l tamg‘asi tushirilgan kumush tovoqni sovg‘a qildi. Bu harakat uning xizmatlariga bo‘lgan hurmat va e’tirof ramzi edi.
Bebaho meros va unutilmas ovoz
Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati sohasida beqiyos meros qoldirdi. Uning betakror ovozi va tilovatdagi mahoratlari uni Misr tarixidagi eng mashhur qorilardan biriga aylantirdi.
Qori va ovoz san’ati bo‘yicha alohida iqtidor
Qiroat mutaxassislari shayx Toha al-Fashniyni maftunkor ohang va yoqimli ovoz egasi deb hisoblashadi. U 17 musiqiy maqomni nodir osonlik va noziklik bilan o‘zgartirish qobiliyatiga ega bo‘lgan.
Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati va diniy tavosheh janrida ulkan meros qoldirdi. Uning noyob ijrolari hanuzgacha Misr radiosi va Arab radiosi orqali efirga uzatiladi. Bu esa uning butun dunyodagi ixlosmandlari uchun yodgorlik vazifasini o‘taydi.
Vafoti
Shayx Toha al-Fashniy 1971 yil 10 dekabrda 71 yoshida vafot etdi. Uning umri Qur’on va Ahl al-Bayt alayhimussalom yo‘lida xizmat qilish bilan o‘tdi.
Shayx Toha al-Fashniyning ismi hanuzgacha uning ixlosmandlari qalbida saqlanib qolgan. Uning hayot yo‘li esa kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shayx Toha al-Fashniy nafaqat qori yoki diniy nashidlar kuychisi, balki Islom ummatining qalbida abadiy iz qoldirgan badiiy va ma’naviy ramz sohibidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD