Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Qur’onga xizmat qilgan mashhur qori

24.12.2024   869   4 min.
Qur’onga xizmat qilgan mashhur qori

Shu yil 10 dekabr Shayx Toha al-Fashniyning vafotiga bag‘ishlangan kun bo‘lib, u Qur’on karim qiroatiga hayotini bag‘ishlagan eng buyuk qori bo‘lgan.

“IQNA” axborot agentligi “Sada El Balad”ga tayangan holda xabar berishicha, 2024 yil shayx Toha al-Fashniyning vafotining 53-yilligi sifatida nishonlandi. U Qur’on qiroati va diniy tavosheh (nashida) sohasida Misr va musulmon olamida katta iz qoldirgan zotlardan biri sanaladi.

Yoshligi

Shayx Toha Hasan Marsiy al-Fashniy 1900 yilda Misrning Bani-Suvayf viloyatidagi Al-Fashn shahrida tug‘ilgan. Bolaligidayoq Qur’oni karimni yod olgan va bu uning kelajakdagi diniy san’atga asos bo‘lgan. Maktab direktorining topshirig‘i bilan u har kuni tonggi marosimlarda Qur’on tilovati qilgan va uning ajoyib ovozi yoshligidanoq e’tiborga tushgan.

 Keyinchalik, shayx Toha  “Al-Azhar” universitetida ta’lim olib, Qur’oni karim qiroati va tadjvid qoidasini mukammal o‘rgandi. U shayx Abdulhamid al-Sahariydan ijoza sertifikati olib, diniy bilimlari va qiroat san’atida yetukligini isbotladi.

Iste’dodning shakllanishi

  Shayx Toha al-Fashniyning mashhur Qur’on hofizi bo‘lib yetishishida shayx Ali Mahmud katta hissasini qo‘shgan. U diniy tavoshehning “qiroli” sifatida tanilgan bo‘lib, Toha al-Fashniy undan duo va madhiya nashidalari aytishni  o‘rgangan. Keyinchalik u buyuk bastakor Zakariya Ahmad bilan hamkorlik qilib, tavosheh jamoasida ishtirok etgan. Bu hamkorlik uning o‘z davrining eng yaxshi qori va ijrochilaridan biri sifatida tanilishini mustahkamladi.

 Shayx Toha al-Fashniy o‘zidan keyin nafaqat boy Qur’on qiroati merosini, balki Islom san’atida chuqur iz qoldirdi. Uning xotirasi Qur’onga xizmat qilishga bel bog‘lagan kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib qolmoqda.

Misr radiosidagi faoliyati

 Shayx Toha al-Fashniyning Misr radiosiga xushovozi bilan kirib kelishi  uning kasbiy faoliyatida ulkan burilish nuqtasi bo‘ldi. 1937 yilda Misr radiosi rahbari Said Pasha Lutfiy “Husayn” majmuasi hududida o‘tkazilgan tadbirda shayx Toha al-Fashniyning ovozidan hayratlandi va uni yuqori darajadagi qori sifatida tasdiqladi.

  Shundan so‘ng shayx Toha  al-Fashniy Qur’on karim eshittirishida  Qur’on tilovat qila boshladi. Bu esa uning ovozini butun Misr uylariga yetkazdi va xalq orasida katta shuhrat qozondi.

Qirollik saroylari qorici

Shayx, buyuk qori Toha al-Fashniy hayotining eng muhim bosqichlaridan biri uning Qur’on tilovat qilish uchun qirollik saroyiga taklif qilingani bo‘ldi. U 9 yil davomida “Obiddin” va “Ras at-Tiyn” saroylarida Qur’on tilovat qildi va Qirol Foruq Ramazon oyi kechalari uning ovozini intizorlik bilan tinglardi.

Shuningdek, Misr sobiq prezidenti marhum  Jamol Abdunnosir ham unga o‘z qo‘l tamg‘asi tushirilgan kumush tovoqni sovg‘a qildi. Bu harakat uning xizmatlariga bo‘lgan hurmat va e’tirof ramzi edi.

Bebaho meros va unutilmas ovoz

Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati sohasida beqiyos meros qoldirdi. Uning betakror ovozi va tilovatdagi mahoratlari uni Misr tarixidagi eng mashhur qorilardan biriga aylantirdi.

Qori va ovoz san’ati bo‘yicha alohida iqtidor

   Qiroat mutaxassislari shayx Toha al-Fashniyni maftunkor ohang va yoqimli ovoz egasi deb hisoblashadi. U 17 musiqiy maqomni nodir osonlik va noziklik bilan o‘zgartirish qobiliyatiga ega bo‘lgan.

   Shayx Toha al-Fashniy Qur’on tilovati va diniy tavosheh janrida ulkan meros qoldirdi. Uning noyob ijrolari hanuzgacha Misr radiosi va Arab radiosi orqali efirga uzatiladi. Bu esa uning butun dunyodagi ixlosmandlari uchun yodgorlik vazifasini o‘taydi.

Vafoti

 Shayx Toha al-Fashniy 1971 yil 10 dekabrda 71 yoshida vafot etdi. Uning umri Qur’on va Ahl al-Bayt alayhimussalom yo‘lida xizmat qilish bilan o‘tdi.

Shayx Toha al-Fashniyning ismi hanuzgacha uning ixlosmandlari qalbida saqlanib qolgan. Uning hayot yo‘li esa kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Shayx Toha al-Fashniy nafaqat qori yoki diniy nashidlar kuychisi, balki Islom ummatining qalbida abadiy iz qoldirgan  badiiy va ma’naviy ramz sohibidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi

Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

27.12.2024   736   2 min.
Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson

1. Diniy sohani tanlashingizga nimalar va kimlar turtki bergan?

– Diniy sohani tanlashimga padari buzrukvorim sababchi bo‘lgan. U kishi bizga yoshligimizdan qisqa suralarni yodlattirgan. Tumanimizdagi jome masjidlar imomlariga shogird tushdim. Maktabni tugatgach, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga o‘qishga kirdim.
 

2. Bugungi imom qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi imom ilmli, odobli, muomalada, yurish-turishda barchaga ibrat va namuna bo‘lishi zarur. O‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak. Shu bilan birga, yurtimizda diniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor va bu xayrli ishlarni xalqqa yetkaza oladigan bo‘lishi zarur.


3. Imom-xatib odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘lishi kerak. Shunday emasmi?

– Bugun xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish, ­bid’at-xurofotlarga murosasiz bo‘lishda imomning o‘rni alohida. Imomning so‘zi va amali uyg‘un, ya’ni aytganiga o‘zi amal qiladigan bo‘lishi kerak. Shunda­gina u odamlar orasida xuddi yuzdagi xoldek bo‘ladi.


4. Bugun jamiyatimizda sizni qaysi jihatlar quvontiradi va tashvishga soladi?

– Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar barcha qatori meni ham quvontiradi. Ayniqsa, Qur’on va tajvidni o‘rgatish kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani tahsinga sazovor.

Ayrim yoshlarning bilib-bilmay aqidasi buzuq turli g‘alamislar tuzog‘iga tushib qolayotgani dilni xufton qiladi.


5. Eng ko‘p o‘qiydigan kitoblaringiz? Diniy manbalardan tashqari qanday mavzulardagi kitoblarni mutolaa qilasiz?

– Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahi­mahullohning “Tafsiri Hilol”, “Hadis va hayot”, “Ruhiy tarbiya” asarlarini qo‘ldan qo‘ymay mutolaa qilaman. Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” kitobi, jadidchi bobolarimizning asarlari meni maftun etgan.


6. Tanlagan kasbingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan paytlar ham bo‘lganmi?

– Kasbim – faxrim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning meroslarini imkon qadar xalqqa yetkazayotganimdan behad baxtiyorman, alhamdulillah.


Ma’lumot o‘rnida, Shokirxon Imomiddinov 1979 yilda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. 1997–2001 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. 2001 yildan beri Quyi Chirchiq tumani “Olmazor” jome masjidida imom-xatib hamda 2019 yildan buyon mazkur tuman bosh imomi bo‘lib ishlab kelmoqda. 

"Hidoyat" jurnalining 8-sonidan olingan

 

Imom – so‘zi va amali uyg‘un inson
Maqolalar