Alloh taologa beadad hamdu sanolar va Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salomlar bo'lsin.
Rajab oyi to'g'risida odamlar orasida turli noto'g'ri tushunchalar tarqalib qolgan. Uning haqiqatini tushunib olish barcha musulmonlar uchun lozimdir.
NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING RAJAB OYINI KO'RGANDA QILGAN AMALLARI
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ، قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ".
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha'bana, va ballig'naa romazona», der edilar» (Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Tarjimasi: «Allohim! Rajab va sha'bon oylarida bizga baraka bergin va Ramazon oyiga etkazgin».
«Ramazon oyiga etkazgin», deb duo qilish Ramazon oyiga mushtoq bo'lishdir. Ushbu duo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan sahih sanad bilan sobit bo'lgandir. Shuning uchun rajab oyi kirganda ushbu duoni qilish sunnat hisoblanadi. Ushbu duoning sunnat ekanini bilmaganligi uchun Rajab oyi kirganida uni o'qimagan kishi rajab oyining qaysi kuni bu amal sunnat ekanini eshitsa, o'sha kuni o'qisa bo'laveradi. Bundan boshqa xalq orasida rajab oyida qilish kerak, deb tarqalgan amallarning barchasining asli yo'qdir.
MYe_''ROJ KYeChASINING FAZILATI
Halq orasida rajab oyining 27 kechasi me'roj kechasi bo'lib, uni qadr kechasi kabi o'tkazish kerak, degan gap-so'zlar mashhur bo'lib qolgan. Hatto ba'zilar me'roj kechasida o'qiladigan muxsus namozlar borligini ham aytib yurishadi. Yana aytishlaricha, me'roj kechasida o'qiladigan namozlarning har bir rak'atida falon, falon xos suralar o'qilar emish. Me'roj kechasida odamlar orasida yana qanday tafsilotga ega namozlar mashhur bo'lib ketganini Alloh biladi. Har birimiz yaxshilab bilib olishimiz kerakki, bu gaplarning hech biri shariatda biror asosga suyangan emas.
MYe_''ROJ KYeChASINI TAYIN QILIShDAGI IHTILOF
Bilingki, rajab oyining 27 kechasi Nabiy sollallohu alayhi vasallam me'rojga chiqqanlar, deb aniq ishonch bilan aytib bo'lmaydi. Chunki bu borada turli rivoyatlar mavjud. Ba'zi rivoyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallam me'rojga robi'ul avval oyida chiqqanlar, deyilsa, ba'zilarida rajab oyi, yana boshqa rivoyatlarda esa boshqa oylarning nomi zikr qilingan. Shuning uchun aniq ishonch bilan «Nabiy sollallohu alayhi vasallam falon kechada me'rojga chiqqanlar», deb aytish durust emas.
NIMA UChUN MYe_''ROJ VOQYeASINING SANASI MA_''LUM EMAS?
Shundan bilib olish mumkinki, agar me'roj kechasi qadr kabi maxsus kecha bo'lganida, albatta, qadr kechasi kabi u haqda ham oyat yoki hadislar orqali maxsus bir hukm sobit bo'lgan va u kunning tarixini, oyini yodda tutishga katta e'tibor qaratilgan bo'lar edi. Lekin me'roj kechasining tarixini yodda tutishga qattiq e'tibor berilgan emas. Demak, «Rajab oyining 27 kechasi me'roj kechasidir», deb aniq tarzda aytish durust emas.
U ULUG' KYeChADIR
Me'roj kechasida buyuk voqealar sodir bo'lganligida shak-shubha yo'q. Chunki unda Nabiy sollallohu alayhi vasallam osmonga ko'tarilib, u zotga «qurb maqomi», ummatlarga namoz tuhfasi ato etilgan. Hech qanday shaksiz u kecha ulug' kechadir. Hech qaysi musulmon u kechaning ulug'ligiga shubha qilmaydi.
NABIY SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING HAYoTLARIDA MYe_''ROJ BO'LGAN SANA O'N SAKKIZ MARTA KYeLGAN
Me'roj kechasi payg'ambarlikning beshinchi yili sodir bo'lgan. Shu voqeadan so'ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'n sakkiz yil yashadilar. Lekin shu yillar mobaynida u zot sollallohu alayhi vasallam me'roj kechasi borasida birorta maxsus hukmga buyurmaganlar yoki u kechaga alohida e'tibor qaratmaganlar yoki me'roj kechasi qadr kechasi kabi ziyoda ajru savob kechasi, degan emaslar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan bu kecha haqida na biror amal sobit bo'lgan va na u zot davrlarida u kechani nishonlashga alohida e'tibor qaratilgan, na Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'zlari u kechaga alohida e'tibor qaratganlar va na sahobiylar u kecha haqida biror so'z aytganlar, na alohida e'tibor bilan nishonlaganlar.
U KABI BIROR AHMOQ YO'Q
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu olamni tark etganlaridan keyin yuz yilgacha sahobiylar dunyoda mavjud bo'lganlar. Ana shu yuz yil ichida biror sahobiyning rajab oyining 27 kechasiga alohida e'tibor berganligi haqida biror narsa sobit bo'lmagan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida mavjud bo'lmagan narsalar sahobiylar zamonalarida ham mavjud bo'lmagan. Shunday ekan, me'roj kechasini dinning bir bo'lagi deb aytish yoki sunnat deyish yoki u bilan sunnat kabi muomala qilish bid'atdir.
Qaysi kecha qanday fazilatga ega ekanini kim Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko'ra yaxshi biluvchi yoki sahobai kiromlardan ko'ra ibodatga shavqliroq bo'lishi mumkin? Aytnig-chi, u zot aytmagan gaplarni aytib, sahobalar qilmagan ibodatni qilishga uringan kishidan ko'ra ahmoqroq kishi bormi?
DINNI SAHOBIYLARDAN KO'RA YaHShIROQ BILUVChI BORMI?
Sahobiy, tobe'in va tabaa tobe'inlar dinga tegishli har bir narsaning haqiqatini barchadan ziyoda biluvchi, yaxshi tushunuvchi va dinga mukammal tarzda amal qiluvchi insonlar bo'lishgan. Agar bir kishi: «Men ularga nisbatan dinni yaxshi biluvchiman» yoki «Dinning zavqini ulardan yaxshiroq his qiluvchiman» yoki «Ulardan ko'ra ibodatliman», desa, haqiqatda u kishi telbadir va dinning haqiqatini tushunmabdi.
BU KYeChADA HOS TARZDA IBODATGA E_''TIBOR BYeRISh BID_''AT
Rajab oyining 27 kechasiga xos tarzda ibodat uchun e'tibor qaratish bid'atdir. Aslini olganda, Alloh taolo qaysi kechada ibodat qilishga tavfiq bersa, nur ustiga nur. Lekin bir kunni alohida ibodatga xos tarzda tayin qilib bo'lmaydi.
قال الطيبي وفيه أن من أصر على أمر مندوب وجعله عزما ولم يعمل بالرخصة فقد أصاب منه الشيطان من الإضلال فكيف من أصر على بدعة أو منكر
“Tiybiy rahmatullohi alayh aytdi: “Bundan kelib chiqadiki, kim mustahab ishda bardavom bo'lib, buni qilmasam bo'lmaydi degan e'tiqodda bo'lsa va ruxsatga amal qilmasa, shayton uni adashtirishga muvaffaq bo'libdi. Endi, bid'at va munkar ishda qattiq turib olgan kishining holi qanday bo'ladi” (Mirqotul mafotih).
27 RAJAB RO'ZASI
Shuningdek, 27 rajab kunining ro'zasi haqida ba'zi odamlar «Ashuro va arafa kunlarining ro'zasi kabi, rajab oyi ro'zasining fazilati bor», deb tushunadilar. Rajab oyining ro'zasi haqida bir-ikkita zaif rivoyatlar naql qilingan. Lekin bu haqda sahih sanad bilan biror rivoyat sobit bo'lmagan.
UMAR ROZIYaLLOHU ANHU TOMONLARIDAN BID_''AT EShIGINING YoPILIShI
Umar roziyallohu anhuning davrlarida ba'zi odamlar rajab oyining 27-kuni ro'za tutar edilar. U kishi roziyallohu anhuga bu haqda xabar bordi. Dindan bir qadam ham siljish mumkin bo'lmagan o'sha paytda kishilarning o'sha kuni ro'za tutishlaridan xabar topgan Umar roziyallohu anhu uylaridan shoshib chiqib, ba'zi kishilarning oldiga borib, zo'rlik bilan: «Ro'za tutmaganingizni bilishim uchun mening oldimda ovqat englar», dedilar. Kishilar orasida tarqab qolgan «Bu kunda tutilgan ro'za ziyoda fazilatlidir», degan e'tiqodni bekor qilish uchun Umar roziyallohu anhu qattiq turib, o'sha kuni ro'za tutganlarni ovqat eyishga majbur qildilar. Rajab oyining 27-kuni tutiladigan ro'zaning fazilati ham boshqa kunlarda tutiladigan nafl ro'zaning fazilati bilan bir xil, degan e'tiqod bilan nafl ro'za tutish mumkin. Yaxshilab bilib olish lozimki, ikki nafl ro'za orasida hech qanday farq yo'q. Lekin Umar roziyallohu anhu bu ishga bid'at eshigini berkitish va kishilar tomonidan dinga qo'shimcha kiritilishidan saqlanish maqsadida shunday qildilar.
O'ShA KYeChADA TURIShNING QANDAY YoMON TOMONI BOR?
Ba'zilar: «Rajab oyining 27 kechasi turib, ibodat qilish, kunduzi ro'za tutishning qanday yomon tomoni bor? O'g'rilik qildikmi yoki sharob ichdikmi yoki qaroqchilik qildikmi? Kechasi ibodat qilib, kunduzi ro'za tutsak, buning nimasi yomon?» deyishlari mumkin.
DIN – BU ERGAShISh
Umar roziyallohu anhu: «Alloh taolo va Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan buyruq va tavsiya bo'lmagan kunda har kim o'zining xohishi va soxta e'tibori bilan ro'za tutishi asl musibatdir», deganlar.
Din bu ergashish va itoat qilishdir, ya'ni Alloh taoloning amriga, Uning hukmlariga quloq tutish va itoat etishdir. Alloh taolo ro'za tutmaslikda ham, ro'za tutishda ham, namoz o'qimaslikda ham, namoz o'qishda ham bir hukmni tayin qilgandir. U Zot bizga «Namoz o'qimanglar», degan o'rinlarda namoz o'qimaslik ibodatdir. Alloh taolo «Ro'za tutinglar» degan o'rinlarda ro'za tutish biz uchun ibodatdir va Alloh taolo «Ro'za tutmanglar», degan o'rinda ro'za tutmasligimiz ham ibodatdir. Agar Alloh taolo «Ro'za tutmanglar», degan o'rinlarda ro'za tutsak, «Namoz o'qimanglar», degan o'rinda namoz o'qisak, dinga xilof ish qilgan bo'lamiz. Bilingki, dinning asli ergashish va itoatdir. Agar Alloh taolo shu gaplarni dilimizga solsa, barcha bid'atlar o'z-o'zidan tag-tomiri bilan yo'q bo'lib ketadi.
DINGA ZIYoDA QILISh
Bir kishi rajab oyining 27-kuni ro'zasiga alohida e'tibor qaratsa, u shaxs dinga o'z tomonidan bir qo'shimcha kiritgan bo'ladi. Shuning uchun rajab oyida alohida e'tibor bilan ro'za tutish joiz emas. Ha, agar boshqa oylar va kunlarda ro'za tutib yurgan odam rajab oyida ham ro'za tutishni iroda qilsa, hech qanday muammosiz ro'za tutishi mumkin va bundan qaytarilmaydi. Lekin aksincha, rajab oyida ro'za tutish fazilatli, deb tushunib yoki sunnat yoki mustahab yoki ziyoda ajru savobga haqli deb bilib ro'za tutsa yoki rajab oyining 27 kechasini alohida e'tibor bilan nishonlasa, bid'at ishga qo'l urgan bo'ladi.
RAJAB OYI MUNOSABATI BILAN ZIYoFAT UYuShTIRISh
Me'roj kechasi bor haqiqatdir, ya'ni Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kechada Osmonga ko'tarilganlar. Lekin uning aniq qaysi kunda sodir bo'lganligi ma'lum emas. Rajab oyida me'roj kechasiga alohida urg'u berib nishonlashdan boshqa yana bir asli yo'q marosim, ya'ni rajab oyi kirishi munosabati bilan xalqqa dasturxon yozish, fotihaxonlik udum bo'lib qolgan va hatto bu an'ana omi xalq nazdida farz, vojib darajasiga ham ko'tarilib ketgan. Ba'zi mintaqalarda rajab oyida dasturxon yozmagan insonlarni, u xoh namoz o'qisin, xoh o'qimasin, xoh ro'za tutsin, xoh tutmasin, xoh gunohdan tiyilsin, xoh tiyilmasin, musulmonligiga shubha qilib qoladilar. Ularning tushunchasida rajab oyining birinchi kunida fotihaxonlikka yurmagan, yaqinlaridan birortasi vafot etgan kishi eshigini ochib turishmaganlar haqida turli kurakda turmaydigan gap qiladilar. Agar biror kishi bu marosimni o'tkazishga qarshilik qilsa, barcha xalq uni malomat qilib, haqoratlaydilar. Lekin ushbu an'ananing kim tomonidan joriy qilinganini hech kim bilmaydi. Aslini olganda rajab oyi munosabati bilan ziyofat uyushtirish na Qur'oni karimda, na hadisi sharifda, na sahobiy, tobe'in va tabaa tobe'inlarning so'z va fe'llarida mavjud.
BIZLAR HUROFOTGA BOTIB QOLDIK
Bu narsalar bizni xurofotga mubtalo qildi. Bu haqda ushbu she'riy parchada shunday deyiladi:
Haqiqatlar rivoyatda qolib ketdi,
Bu ummat xurofotga botib ketdi.
Borgan sayin asli yo'q narsalar ortidan izma-iz, qadamma-qadam yurib borilmoqda-yu, haqiqati bor, amal qilishimiz lozim bo'lgan narsalar chetda qolib ketmoqda. Bularning qaysi biri haqiqiyu, qaysi biri soxta ekani haqida sekin-asta do'stlarimizga tushuntirib borishimiz lozim. Chunki aksariyat xalq bu bid'at-xurofotlarni bilmay qilmoqda. Ular bu amallarni qaysarliklari sababli emas, balki bilmaganliklari tufayli qilishmoqda. U bechoralarda bunday amallar haqida umuman ma'lumot yo'q. Ular rajab oyida qilinadigan ziyofatni qurbonlik kabi zaruriy va Qur'oni karim hamda hadisi sharif bilan sobit bo'lgan amal deb tushunadilar. Shuning uchun bunday kishilarga bu haqda muhabbat va shafqat bilan xabar berish va tushuntirish lozim.
HULOSA
Hulosa qilib aytganda, rajab oyi borasida yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan naql qilingan «Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha'bana, va ballig'naa ramazona», ya'ni «Allohim! Rajab va sha'bon oylarida bizga baraka bergin va ramazon oyiga etkazgin», degan duoni qilish sunnatdir.
Abudumannon Qosimiy
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD