Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohni zikr qilish ila qalblar orom olur...
Musulmon mutaxassislarning bir necha o‘rganishlari, tadqiqotlaridan, shuningdek, amerikalik olimlar olib borgan izlanishlaridan ma’lum bo‘lishicha, Alloh taolo haqida fikr yuritish, tafakkur insonning ruhiy iztiroblarini, og‘riq-alamlarini yengillatar ekan.
Tadqiqotlarning natijasiga ko‘ra, Alloh taolo haqida tafakkur qilish asnosida miyada sodir bo‘ladigan elektromagnit to‘lqinlarda o‘zgarish yuzaga keladi. Shuning uchun shifokorlar bemorlarga ko‘proq zikr qilib, duoga mashg‘ul bo‘lishni tavsiya qilishadi. Bu narsa bemorning shifo topishida, xususan, surunkali kasallarda katta yordam beradi.
Subhanalloh... O‘zini zikr qilishni buyurgan va O‘zining zikrini qalbga rohat va xotirjamlik etib qo‘ygan Zot barcha aybu nuqsonlardan pokdir!
«Ular iymon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish ila orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish ila qalblar orom olur» (Ra’d surasi, 28-oyat).
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.