Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hakimu ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh shunday der edilar: "Qalbga, biron yaxshi amalni qilib olay, degan o‘y kelishi so‘fiylar istilohida "vorid" deyiladi. Ya’ni, men shu savob ishni qilay, namoz o‘qib olay, tahajjudga turay, sadaqa beray, birodarimga yordam qilay, do‘stimning g‘amini ketkazay degan o‘ylar kelishini "vorid" deydilar.
"Vorid" Alloh taolo tarafidan kelgan mehmondir. Agar sen bu mehmonni biroz bo‘lsa ham izzat qilsang, mehmonnavozlik ko‘rsatsang, u holda u yana keladi. Qaysi yaxshi amalni qilish fikri qalbingga kelsa, o‘sha zahoti uni bajarish mehmonnavozlikdir. Agar sen bir marta mehmonnavozlik qilmasang, u mehmon juda hurmatga sazovor bo‘lgani sababli huzuringa boshqa kelmay qo‘yadi. Uning qaytib kelmay qolishidan panoh so‘ragin. U mehmon qaytib kelmay qolishi degani, endi qalbga yaxshi amal qilish fikri kelmaydi deganidir. Alloh taolo bunday holdan O‘zi saqlasin. Qalbga muhr bosilsa, zang qoplasa, ana o‘shanda yaxshi amal qilish fikri kelmay qoladi".
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:
1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.
2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.
Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.