Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Butun arablar musulmonlarga qarshi oyoqqa turdi. Ichki tomondan Bani Qurayza yahudiylarining xiyonati dard ustiga chipqon bo‘ldi. G‘atafon qabilasidan Uyayna ibn Hisn Bani Qurayza yo‘lidan yurib, ahvolni yanada og‘irlashtirdi. Musulmonlar go‘yo ombirning ikki tishi orasida qolgandek edilar: biri Arab sahrolaridan kelgan uzoqdagi dushman, ikkinchisi esa ahdni buzib xiyonat yo‘liga o‘tgan yaqindagi dushman!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uyayna ibn Hisn agar G‘atafon qabilasini mushriklarga yordam bermasdan olib chiqib ketsa, Madina hosilining uchdan birini bermoqchi bo‘ldilar. Shu maqsadda maslahat qilish uchun Avs qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu bilan Xazraj qabilasining boshlig‘i Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuni chaqirtirdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblari edi. Zero, Madinaning mevalari ularniki edi, ulardan ruxsat olmasdan qat’iy qaror chiqarishni istamadilar. Shu masala haqida gaplashganlarida ular aytishdi:
– Ey Allohning Rasuli! Agar buni sizga Alloh amr qilgan bo‘lsa, bosh ustiga. Ammo agar buni biz uchun qilmoqchi bo‘lsangiz, aslo hojati yo‘q. Biz ham, ular ham mushrik edi. But va sanamlarga sig‘inardik. O‘shanda ular Madina xurmosini yemoqchi bo‘lishsa, faqatgina sotib olib yoki ziyofat bo‘lganida yeyishar edi. Endi Alloh bizni siz tufayli Islom bilan ikrom qilganida ularga molimizni beramizmi?! Allohga qasamki, ularga faqatgina qilichimizni beramiz!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni maqtadilar, fikrlarini qo‘llab-quvvatladilar va dedilar: «Arablar sizga qarshi bir yoqadan bosh chiqargani uchun men buni siz uchun qilmoqchi edim!».
Masala, ko‘rib turganingizdek, siyosiy edi. Urush boshlangan. Hamma ham urushdan kamroq talafot ko‘rib, g‘olib bo‘lib chiqish yo‘lini qidiradi. Barchaning o‘z fikri bor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam G‘atafon qabilasi bilan muzokara olib borib, ularga qaytib ketish evaziga Madinaning uchdan bir hosilini bermoqni istadilar. Ammo Sa’d ibn Muoz bilan Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhumo bu ishda xorlikni ko‘rdilar. Agar Alloh amr qilgan bo‘lsa, bo‘ysunishlarini bildirishdi. Ammo Nabiy alayhissalom qon to‘kilmasligi va Madinani saqlab qolish uchun shunday qilayotgan bo‘lsalar, bu fikrga qo‘shilmasliklarini aytishdi. Dushmanga faqatgina qilich bilan javob qaytarishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham ularning fikrini quvvatladilar!
Har bir insonning shaxsiy fikri, qarashi va voqelikdan chiqargan xulosalari bo‘ladi. Bu uning ma’lumotlarni tahlil qilishi va shu orqali foyda-zararni belgilashidir. Musibatimiz shundaki, biz o‘zimizning fikrimizga yurishga odamlarni majburlamoqchi bo‘lamiz. Go‘yo buni o‘zgartirib bo‘lmaydigan vahiy deb xayol qilishadi. Vaholanki, vahiy sohibi bo‘lmish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining fikrini olyaptilar, e’tirozlarini qabul qilyaptilar. Chunki Nabiy alayhissalomning fikrlari vahiy emas, siyosat, ijtihod va shaxsiy qarash edi!
Boshqa tomondan, har qanaqangi siyosiy fikr, ijtihod va shaxsiy qarashni xiyonat deydiganlar bor. Ular to‘shakda yonboshlab olib, chegarada turganlarga fatvo berib o‘tirishadi. Falon joyda tinchlik mumkin emas, piston joyda urush mumkin emas, deb o‘tirishadi!
Siyosat bilan shug‘ullanayotgan kishi ham insonligini unutmaslik kerak. U ham xato qiladi, to‘g‘ri aytadi. Uning insonlarni o‘zining fikriga majburlashga haqqi yo‘q. Ommaning ishi bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishilar mujtahidni ma’zur tutishi, u haqda yaxshi gumon qilishi, unga nasihatda bo‘lishi lozim!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan