Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ramazon — cheksiz ne'matlar ato etuvchi va gunohlardan poklanish oyidir. Ramazon oyida Alloh taologa duolar ila iltijo qilish mo'minning muhim ibodatlaridan biridir. Ramazon oyida Allohga yaqinlashtiradigan ibodatlarni qilganlar bandalarining gunohlarini Yaratgan albatta kechiradi.
Bu oyda eng afzal va eng samarali amallardan biri bu duo qilishdir. Shunday ekan, Ramazon oyida imkon qadar Alloh taologa duo qilish lozim.
Mo'min duo qilganida boshqa foydalar bilan birga, o'z duosi uchun katta ajr oladi, chunki muborak Ramazonda Alloh taolo ro'za tutganlarning ibodatlarini rad etmaydi. Shuning uchun bu oyda har birimiz tez-tez duolar bilan Alloh taologa yuzlanishimiz kerak bo'ladi.
Ramazon oyining istalgan vaqtida duo qilish mumkin va Alloh taolo ularni qabul qiladi. Biroq bu oyda ham shunday paytlar borki, bu vaqtda ibodatlar bilan Yaratganga murojaat qilinganda duolar qabul bo'lish ehtimoli ancha ortadi:
1. Og'iz yopiq vaqtda
Duo kechayu kunduz o'qilishi kerak, zero, butun Ramazon oyi aynan duo oyidir. Biroq, Alloh taolo uchun ro'za tutganlarning duosi qabul bo'ladi, chunki ro'za duosi rad etilmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Uch kishining duosi qaytarilmaydi: ro'zadorning iftor qilguniga qadar qilgan duosi, adolatli hukmdorning duosi va mazlumning duosi”. (Imom Ahmad, 8043; Ibn Moja, 1752; Termiziy, 3598; Ibn Hibbon, 3428).
Imom Navaviy bu haqda o'zining “Al-Majmu' Sharhul Muhazzab” kitobida shunday yozadi:
“Ro'zador ro'za tutgan vaqtida duo qilishi, oxirat va dunyoning muhim ishlarini Alloh taolodan so'rashi tavsiya etiladi. Hatto o'zidan tashqari barcha yaxshi ko'rgan kishilari va barcha musulmonlar ehtiyoji uchun ham so'rashi mumkin. Darhaqiqat, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam:
“Uch kishining duosi qaytarilmaydi: ro'za tutganning duosi, toki u ro'zasini buzmagunicha…», dedilar. Bu hadisni Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan va Termiziy uni hasan hadis, degan.
Hadisdan anglashiladiki, ro'zador kunning boshidan oxirigacha duo qilishi maqsadga muvofiq, chunki odam shu vaqt davomida (kunduzi butun kun davomida) ro'za tutgan hisoblanadi.
2. Tong otgunga qadar
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Robbimiz tabaroka va taolo har kecha tunning oxirgi uchdan biri qolganda bu dunyo osmoniga tushadi. So'ngra: “Kim Menga duo qiladi, Men uni ijobat qilsam? Kim Mendan so'raydi, Men unga so'raganini bersam? Kim Menga istig'for aytadi, Men uning gunohlarini kechirsam», deydi». (Buxoriy, 7494; Muslim, 758).
Bu hadisning faqat Muslim tomonidan berilgan shaklida:
“… va bu tong otguncha davom etadi”, deyilgan.
3. Iftorlik vaqti
Abdulloh ibn Amr ibn Al-Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:
“Albatta shunday duo borki, agar ro'zador iftor paytida u bilan Allohga tavba qilsa, rad etilmaydi”. Bu hadisni Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan Ibn Abu Mulayka Abdullohning iftorlik paytida shunday deganini eshitganligini qo'shimcha qiladi:
«Allohim, men Sendan hamma narsani qamrab olgan rahmating ila meni mag'firat qilishingni so'rayman». (Ibn Moja, 1753; Ibn as-Sunniy, “Amal al-yavmi va al-layla”, 481)
Iftor chog'ida mo'min och, tashna va ojiz bo'lib, o'zining naqadar ojizligini anglab etadi va qalbida tavoze' bilan qilgan duosi qabul bo'lishi ehtimoli ko'proq.
4. Qadr kechasida
Har qanday ibodat kabi, bu kechada Alloh taologa duolar bilan murojaat qilish ming oy duo qilish bilan barobardir. Bunday duoning kuchini tasavvur qilib ko'ring! Bu muborak kechada farishtalar erga tushib, mo'minlarni o'rab oladilar va ularning har bir namozidan keyin «amin»ni takrorlaydilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Yo Allohning Rasuli! Ayting-chi, agar Laylatul qadr kechasi qaysi kecha ekanini bilsam, unda nima deyman?» dedim.
«Allohim! Albatta Sen afv qiluvchi va karamlisan. Afvni yaxshi ko'rasan. Bas, meni afv qilgin», degin», dedilar». (Imom Ahmad, 35497; Ibn Moja, 3850; Termiziy, 3513; An-Nasoiy, “Amal al-yavmi va al-layla”, 876).
5. Qur'on o'qishni tugatgandan keyin
Ramazon — Qur'on oyidir. Solih salaflar bu oyda Qur'on o'qishga urg'u berib, boshqa vaqtlarga qaraganda bu ibodatga ko'proq e'tibor qaratganlar.
Shuning uchun Ramazon oyida imkon qadar tez-tez Qur'on o'qishimiz tavsiya etiladi va Qur'on o'qish (xatm) oxirida biz Alloh taologa o'zimiz va oilamiz, qarindoshlarimiz va do'stlarimiz uchun barcha yaxshiliklarni tilab duolar bilan murojaat qilishimiz mumkin.
Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Anas ibn Molik roziyallohu anhu Qur'on o'qishni tugatmoqchi bo'lganlarida, oila a'zolarini yig'ib, ular uchun duo qildilar». (Tabaroniy, «Al-Mu'jam al-kabir», 674; Ad-Dorimiy, 3517).
Ayni damda mo'minning duosi bilan Alloh taoloning rahmati o'rtasida hech qanday to'siq yo'q. Irboz ibn Sariya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Qur'onni to'liq o'qigan (xatm qilgan)ning duosi qabul bo'ladi». (Tabaroniy, “Mujm al-kabir”, 647).
Ramazon oyida Allohga taologa ibodat qilishda mo'min kishi jiddu jahd qilishi, ko'proq duo qilib, siz eng muhim narsalarni so'rashi lozim. Albatta so'ralgan narsalarning barchasi oxiratimiz uchun foydali amallar bo'lishi lozim.
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati