Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga etkazishini so'rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so'rardilar”.
Sahobai kiromlar Ramazon oyi kirib kelishi bilan juda ham xursand bo'lar va o'zlaridagi shodu xurramlikni zohir qilishar edi.
Zubayd Yomiy roziyallohu anhu sahobai kiromlarni jamlab, Qur'on tilovat qilish va uni bir martabadan ko'p xatm qilish borasida musobaqalashar edilar.
Sufyoni Savriy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kirishi bilan boshqa ishlarni quyib, Qur'on tilovati bilan mashg'ul bo'lar edilar.
Imom Molik rahimahulloh Ramazon oyi kirishi bilan hadis aytish va ilm majlisidan uzulib, mushafdan Qur'on tilovatiga kirishardilar.
Alloma Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh aytadilar: “Imom Shofe'iy rahimahulloh Ramazon oyida namozdan tashqari oltmishta xatm qilardilar”.
Imom Zuhriy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kirsa: “Albatta bu oy Qur'on tilovat qilish va miskinlarga taom ulashish oyidir”, deb aytardilar.
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahmatullohi alayh Ramazon oyida har kuni kunduzi bitta xatm, Ramazondan so'ng esa har uch kunda xatm qilar edilar.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh Ramazon oyi kelishi bilan o'zlariga vazifa qilib olgan virdlarini to'xtatib, Qur'on tilovat qilish bilan mashg'ul bo'lardilar.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o'qib bo'lingandan so'ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.
Alloh taolo bu muborak oyni barcha musulmonlar uchun manfaatli qilib, bu oydan ulkan ajr-savoblar bilan chiqishimizni muyassar aylasin.
حدثنا العباس الدوري نا عبيد الله أنا شيبان عن يحيى بن أبي كثير حدثني يعيش بن الوليد بن هشام قال :حدثت عن الزبير بن العوام أنه حدث أن رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم قال: دب إليكم داء الأمم قبلكم الحسد والبغضاء هي الحالقة أما إني لا أقول: تحلق الشعر ولكن تحلق الدين ثم قال: والذي نفس محمد بيده لن تدخلوا الجنة حتى تؤمنوا ولا تؤمنوا حتى تحابوا ثم قال :ألا أنبئكم بأمر إذا فعلتم تحاببتم. قالوا: ما هو يا نبي الله قال : أفشوا السلام بينكم.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Sizlardan ilgarigi ummatlar kasali – hasad va yomon ko‘rish orangizga o‘rmalab kirdi. Hasad va yomon ko‘rish qiruvchidir. Men sochni qirish haqida emas, dinni qirish haqida aytayapman”, dedilar.
So‘ngra yana: “Muhammadning joni “qo‘li”da bo‘lgan Zotga qasamki, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmassiz. Bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha mo‘min bo‘lmassiz. Bir-biringizni yaxshi ko‘rsatadigan bir amalga dalolat qilaymi?” dedilar.
Odamlar: “Yo Allohning Nabiyi, u qaysi amal?” dedi.
“Orangizda salomni keng yoying”, dedilar”
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi