Cavol:Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uyg'onganidan keyin suv ichib, niyat qilib ro'zani davom ettirsa bo'ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o'yg'ongach oz bo'lsa ham biror narsa eb-ichib, ro'zani niyat qilaman desa, niyati ham o'sha kuni tutadigan ro'zasi ham to'g'ri bo'lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro'zani buzadigan (ya'ni, eb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro'zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallollohu alayhi vasallam Aslam qabilasidan bir kishiga buyurdilar: “Odamlarga e'lon qilginki, kim (bugun taom) egan bo'lsa, kunning qolgan qismida emay tursin. Kim hech narsa emagan bo'lsa, ro'za tutsin. Chunki bugun – Ashuro kunidir”(Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda Ramazon ro'zasini Ashuro kuniga qiyos qilingan. Chunki Islomning avvalida Ashuro ro'zasi farz bo'lgan (“E'lous-sunan”).
Imom Tahoviy: “Bu hadisda muayyan bir kunda ro'za tutishi kerak bo'lgan kishi, kechasi niyat qilmagan bo'lsa, kunduzi niyat qilishi durustligiga dalil bor”, – deganlar.
“Zavolgacha niyat qilish, tong otgandan keyin ro'zani buzadigan amallar bo'lmagan bo'lsa, joiz bo'ladi. Agar tong otgandan keyin qasddan yoki unutib egan, ichgan yoki jinsiy aloqa qilgan bo'lsa, bundan keyin o'sha kungi ro'zani niyat qilishi joiz bo'lmaydi”(“Fatavoi Hindiya”, “Sharhut Tahoviy”).
Demak, Ramazonda saxarlikka uxlab qolgan kishi, o'yg'ongach, hech narsa emay-ichmay ro'za tutishni niyat qilishi lozim bo'ladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).