Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Umar xalifa bo‘lganidan keyin davlat idora uslubini hazrati Abu Bakr qurgan ijtimoiy va axloqiy meros ustiga bino qildi. U har doim o‘zidan va oila a’zolaridan oldin o‘z xalqini o‘yladi va ularga xizmat qildi. U ba’zan ko‘pchilik qatori och ham qoldi, ba’zan yetimlarni taomlantirdi, ba’zan xalqi bilan birga qiyinchilik va mashaqqatlarning alamini totdi. U ocharchilik va qurg‘oqchilik paytlarida zaytun mevasini yeb, ochligini qondirar edi.
Anas ibn Molikning aytishicha, bir safar ochlikdan uning qorni qulduradi. Hazrati Umar esa barmog‘i bilan qorniga turtib, o‘ziga-o‘ziga: «Qani, qurillayver. Insonlar farovonlikka yetgunicha yonimda undan (zaytundan) boshqa senga beradigan hech narsa yo‘q», dedi.
Agar hazrati Umar xohlaganida, xalifalik davrida boylikka ko‘milib yashash, eng go‘zal kiyimlar kiyishi va eng nafis taomlarni yeyishi mumkin edi. Ammo uning yagona maqsadi har doim zuxd, taqvo, kamtarlik va xalqi orasidagi yo‘qsillar va ojizlarga xizmat qilishdan iborat edi.
Bir kuni uning huzuriga bir hay’at keldi. Ular oldiga qo‘yilgan taomlarni ishtaha bilan yeya boshlashdi. Buni ko‘rgan hazrati Umar oxirat ne’matlarini xotirlab, shunday dedi: «Agar istasam, men sizga o‘xshab go‘zal taomlar pishirtirib yeya olaman. Faqat biz dunyomizni oxiratimiz uchun tark etdik».
Darhaqiqat, hazrati Umar bu dunyoga va uning noz-ne’matlariga mutlaqo e’tibor qaratmagan ulug‘ sahoba edi.
Bir kuni u qizi Hafsaning uyiga bordi. Unga bir kosada sho‘rva olib kelishdi. Qizi sho‘rvaning ustiga zaytun yog‘i quygan edi, buni ko‘rgan otasi shunday dedi: «Bir idishda ikkita aralashmami? Men Robbimga yetishgunimcha ikki xil aralashmani bir joyda yemayman».
Bir kuni hazrati Umar ichish uchun bir narsa so‘radi. Unga asal sharbatini olib kelishdi. Hazrati Umar uni ichmadi va shunday dedi: «Bu (qanday) go‘zal va halol ichimlik! Faqat men Alloh taoloning bir jamoaga tottirgan ne’matlarining lazzatlarini bayon qilib: «Hayoti dunyodayoq huzur-halovatingizni ketkazib, mazasini tatib bo‘lgansiz» (Ahqof surasi 20-oyat) deganini eshitdim. Shuning uchun menga go‘zal narsalar oxiratga qoldirilmay, bu dunyoda berilishidan qo‘rqdim».
«Millioner sahobalar» kitobidan
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi