Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hayotda inson uchun odob va madaniyat asosiy masala hisoblanadi. Ular bilan xulq go‘zal, amal ziynatli bo‘ladi. Kechasiyu kunduzi sodir qilinadigan turli-tuman yaxshi amallar natijasida jamiyat a’zolari o‘rtasida totuvlik, ittifoq paydo bo‘ladi. Shuning uchun Islom shariati inson hayotining har bir jabhasida odob va axloq borasida rahnamolik qiladi. Zero, Alloh taoloning O‘zi har bir yaxshilikka muvaffaq qiluvchi va yordam so‘raluvchi Zotdir.
Quyida safar odoblari va unga oid ba’zi masalalarni zikr etib o‘tamiz.
1. Safar oldidan istixora qilish.
2. Gunoh-ma’siyatlardan tavba qilish.
3. Imkon qadar qarzlarini to‘lash yoki shu ishga vakil tayinlash, omonatlarni egalariga topshirish kabi ishlar bilan zimmasidagi boshqalarning haqini halollab olish.
4. Ahli ayolini nafaqa bilan ta’minlash.
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh safar qiluvchi safarga chiqishdan oldin ba’zi vazifalarni ado etishi lozimligini aytib o‘tganlar:
a) Ahli ayolini nafaqa bilan ta’minlash;
b) O‘zida biron kishining omonati yoki qarzi bo‘lsa, uni ado etish;
v) Biror ishga mas’ul bo‘lsa, ishidagi joriy intizomga rioya qilish;
g) Safar xarajatlari haloldan bo‘lishi.
5. Ota-onasini yoki itoat etishi vojib bo‘lgan kishilarni rozi qilish.
6. Juma kuni zavol vaqtidan oldin safarga chiqish.
7. Solih hamroh tanlash.
Sherik tanlash safarning muhim jihatlaridan bo‘lib, tanlangan hamroh taqvodor, yaxshi fikrli, toat va ibodatda ko‘makchi bo‘lishi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehtiyot yuzasidan tunda yolg‘iz safar qilishdan qaytarganlar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar yolg‘izlikda nimalar borligini men bilganchalik bilganlarida, birorta otliq kechasi yolg‘iz yurmas edi», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Burda ibn Abu Muso otasi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Solih suhbatdosh bilan yomon suhbatdosh mushk sohibi bilan temirchining dam urgichiga o‘xshaydi. Mushk sohibidan quruq qaytmaysan – yo uni (mushkni) sotib olasan, yo hidini tuyasan. Temirchining dam urgichi esa badaningni yoki kiyimingni kuydiradi yoxud undan noxush hid tuyasan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hamrohlarning eng yaxshisi to‘rt kishi bo‘lishidir», dedilar» (Dorimiy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning nazdida hamrohlarning eng yaxshisi – hamrohiga yaxshi bo‘lganidir. Allohning nazdida qo‘shnilarning eng yaxshisi – qo‘shnisiga yaxshi bo‘lganidir», dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
8. Birodarlariga safarga ketayotganini bildirib, ularning xayrli duolarini olish.
9. Imkoni bo‘lsa, safarga payshanba kuni chiqish.
10. Haj safari uchun ajratilgan molning halol bo‘lishiga, shubhadan xoli bo‘lishiga qattiq e’tibor berish.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar:
«Musofirning zodi rohilasi (safarga sarflaydigan xarajatlari) halol, pokiza bo‘lishi, safar mobaynida (yon-atrofdagilarga) shirinsuxanligi, hamsafarlariga xushmuomalaligi, yeb-ichish va xarajatlarda qo‘lidan kelganicha ularga yordam berishi ulug‘ inson ekanining alomatidir».
11. Safarga tong saharda chiqish.
12. Safar oldidan ikki rak’at namoz o‘qish.
13. Sadaqa qilish.
14. Safar anjomlarini olish.
15. Hamrohlardan birini boshliq qilib saylash.
Hadisi sharifda safardagi sheriklar tajribali, omonatdor, fahm-farosatli, solih kishini boshliq qilib saylab, unga itoat etishga buyurilganlar.
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Safar qiluvchilar uch kishi bo‘lsa, albatta birlarini boshliq qilib olsinlar», deganlar» (Abu Dovud rivoyati).
16. Qarindosh, do‘st-birodarlari bilan vidolashish.
17. Safar duolarini o‘qish.
Safar oldidan, safar asnosida, safardan qaytganda o‘qiladigan duo va zikrlar hadisi shariflarda kelgan. Alloh nasib etsa, keyingi sonlarda o‘sha duolardan ba’zilarini zikr qilamiz.
Abdumannon Abdulloh
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.