Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Baquvvat va bo‘yi uzun bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tib ketdi. U zot sahobalar bilan birga o‘tirgan edilar. Sahobalar uning kuch va quvvatidan hayron qolib deyishdi:
– Yo Allohning Rasuli! Qani endi uning mana shu kuchi Allohning yo‘lida ishlatilganida edi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:
– Agar u go‘dak bolalari uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u qari ota-onasi uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u riyo va faxrlanish uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir!
Insonlar faqatgina jangga qilich yalang‘ochlab chiqishni jihod deb o‘ylashadi. Qolgan narsalar ularning nazdida go‘yo bir maromdagi oddiy urf-odatlar. To‘g‘ri, jang qilish Alloh yo‘lidagi ishlar ro‘yxatining avvalida turadi. Ammo negadir «Allohning yo‘lida» deyilsa, eng avval miyaga jihod keladi. Holbuki, halol tirikchilik qilish ham Allohning yo‘lidagi ish!
Sahobalar insonning kuchi va quvvati faqat Allohning yo‘lidagi jihodda ishlatilishi kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tushunchalarini to‘g‘rilab qo‘ydilar. Ularga kishi xotini va bola-chaqasining tashvishida ko‘chaga chiqsa, ota-onasining xizmati uchun ko‘chaga chiqsa, uylanish uchun mahrga yaroqli narsa topish ilinjida uchun ko‘chaga chiqsa, u ham Allohning yo‘lida yurganini anglatdilar!
Alloh yo‘lida qilgan har bir halol amalingizning ajrini tasavvur qilib ko‘ring! Farzand va ayolingiz yaxshi yeb, yaxshi kiyinishi uchun ko‘chada, uyingiz tartibli bo‘lishi uchun uyingizda ishlashingiz oddiygina odatiy ish emas, Alloh yo‘lidagi kundalik jihoddir!
Ota-onangizni shifoxonaga olib borishingiz oddiy ish emas. Bu yaxshilik Alloh yo‘lidagi amalingizdir!
Bir bemorni ko‘rgani borishingiz oddiy insoniy burch emas. Bu Alloh yo‘lidagi ko‘ngil olishdir!
Birovning otasi yoki onasi vafot qilganida borib ta’ziya bildirishingiz oddiygina ijtimoiy ko‘rinish emas. Bu Alloh yo‘lida bir-biriga qilinadigan rahm-shafqatdir!
Toat, yaxshilik va ma’ruf ishda hayot kechirish barchasi Alloh yo‘lida hayot kechirishdir. Bu ishlardagi ajrni tasavvur qilsak, Alloh yo‘lidagi kurash bizga yengil kechadi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.