Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Baquvvat va bo‘yi uzun bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tib ketdi. U zot sahobalar bilan birga o‘tirgan edilar. Sahobalar uning kuch va quvvatidan hayron qolib deyishdi:
– Yo Allohning Rasuli! Qani endi uning mana shu kuchi Allohning yo‘lida ishlatilganida edi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga dedilar:
– Agar u go‘dak bolalari uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u qari ota-onasi uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u riyo va faxrlanish uchun ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir!
Insonlar faqatgina jangga qilich yalang‘ochlab chiqishni jihod deb o‘ylashadi. Qolgan narsalar ularning nazdida go‘yo bir maromdagi oddiy urf-odatlar. To‘g‘ri, jang qilish Alloh yo‘lidagi ishlar ro‘yxatining avvalida turadi. Ammo negadir «Allohning yo‘lida» deyilsa, eng avval miyaga jihod keladi. Holbuki, halol tirikchilik qilish ham Allohning yo‘lidagi ish!
Sahobalar insonning kuchi va quvvati faqat Allohning yo‘lidagi jihodda ishlatilishi kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tushunchalarini to‘g‘rilab qo‘ydilar. Ularga kishi xotini va bola-chaqasining tashvishida ko‘chaga chiqsa, ota-onasining xizmati uchun ko‘chaga chiqsa, uylanish uchun mahrga yaroqli narsa topish ilinjida uchun ko‘chaga chiqsa, u ham Allohning yo‘lida yurganini anglatdilar!
Alloh yo‘lida qilgan har bir halol amalingizning ajrini tasavvur qilib ko‘ring! Farzand va ayolingiz yaxshi yeb, yaxshi kiyinishi uchun ko‘chada, uyingiz tartibli bo‘lishi uchun uyingizda ishlashingiz oddiygina odatiy ish emas, Alloh yo‘lidagi kundalik jihoddir!
Ota-onangizni shifoxonaga olib borishingiz oddiy ish emas. Bu yaxshilik Alloh yo‘lidagi amalingizdir!
Bir bemorni ko‘rgani borishingiz oddiy insoniy burch emas. Bu Alloh yo‘lidagi ko‘ngil olishdir!
Birovning otasi yoki onasi vafot qilganida borib ta’ziya bildirishingiz oddiygina ijtimoiy ko‘rinish emas. Bu Alloh yo‘lida bir-biriga qilinadigan rahm-shafqatdir!
Toat, yaxshilik va ma’ruf ishda hayot kechirish barchasi Alloh yo‘lida hayot kechirishdir. Bu ishlardagi ajrni tasavvur qilsak, Alloh yo‘lidagi kurash bizga yengil kechadi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.