YANGI ZOHIRIYLAR
Hozirgi paytda ham eski zohiriylarning ba’zi fikrlari bilan qurollangan toifalar mavjud. Biz ularni ushbu satrlarimizda «ixtilofchilar», «bemazhablar» deb atamoqdamiz. Ba’zi ko‘zga ko‘ringan ulamolarimiz esa ularni «yangi zohiriylar» deb atashadi. Ana shu muhtaram ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, «yangi zohiriylar»da ham eski zohiriylarning siymolari mavjud. «Yangi zohiriylar» eskilaridan ko‘p narsalarni, jumladan, juz’iy matnlarga yopishib olib, harfma-harf tahlilga o‘tish, yuzaki ma’no berish, qiyosni inkor qilish, hukmlarni maqsad va hikmatga bog‘lamaslik kabi xususiyatlarni meros qilib olgan bo‘lsalar ham, ilmda, xususan, hadis va osorlarda kenglikni olmaganlar. Bu esa o‘z navbatida ularning dinni tushunishlariga, diniy matnlardan shar’iy hukmlarni chiqarishlariga, hayot va odamlar bilan bo‘ladigan muomalalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Turli guruhlarga mansub yangi zohiriylarning faoliyatini o‘rgangan ulamolarimiz ularning quyidagi xususiyatlariga alohida e’tibor qaratadilar:
1. Oyat va hadislarni fahmlashda hamda ulardan hukm chiqarishda sirtqi ma’nolarga yopishib olib, harfma-harf tahlil qilish hamda matnlarning ortidagi maqsad va hikmatlarga nazar solmaslik.
2. Masalalarning og‘ir tomonini olish va qiyinlashtirishga moyillik.
3. O‘z fikrini yagona to‘g‘ri fikr deb hisoblab, g‘ururga ketish.
4. O‘z fikriga muxolif bo‘lganlarga nisbatan murosasiz bo‘lish.
5. O‘zidan bo‘lmaganlarni «fosiq», «bid’atchi» va «kofir»ga chiqarish.
6. Diniy, mazhabiy va boshqa masalalarda fitna chiqishiga beparvo bo‘lish.
Yuqorida aytib o‘tilgan va bu yerda aytilmagan yana boshqa xususiyatlari ila yangi zohiriylar musulmonlar ichida doimiy ravishda turli ixtiloflarning chiqib turishiga sabab bo‘lmoqdalar. Agar ushbu tushuncha va fikrlarni faqat o‘zlari tatbiq qilib, boshqalarga ta’siri bo‘lmasa, hech kim xafa bo‘lmas edi. Ammo, ming afsuski, ular o‘z fikrlariga boshqalar ham yurishi lozimligini da’vo qilishlari va bu borada olib borayotgan ishlari bilan musulmonlar ommasini parishon qilmoqdalar.
Quyida bizning sharoitimizda ko‘proq tashvishga sabab bo‘lgan ixtiloflar va ularga qarshi berilgan tushuntirish va javoblardan namunalar keltiriladi. Yaxshi niyat bilan hali sodir bo‘lmagan yoki u darajada ko‘p tarqalmagan ixtiloflar haqida so‘z ochmaslikka harakat qildik. O‘sha ixtiloflar bizda qo‘zg‘almas, degan umiddamiz.
Shu bilan birga, biz yuqorida zikr etilgan ixtilofchilardan boshqalarni, ya’ni o‘z ichimizdan chiqqan ixtilofchilardan ham ba’zilarini eslab o‘tdik. Chunki biz faqatgina ma’lum guruh yoki toifaga emas, umuman, har qanday ixtilofga mutlaqo qarshimiz.
Tajribadan sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmonlar va ularning ahli ilmlari, imomlari va diniy sohaga bog‘liq boshqa kishilarining ushbu ixtiloflar bo‘yicha dalil va hujjatli ma’lumotlarga ehtiyojlari tushib turishi ma’lum bo‘lgani uchun ham ularni bir joyga jamlashni ma’qul deb topdik.
NAMOZDAN KЕYIN JAMOAT BILAN DUO QILISH
Ixtilofchi va bemazhablar namozdan keyin jamoat bo‘lib duo qilishni ham inkor qiladilar. Bu ishni qilganlarni xatokorlikda ayblaydilar. Hijriy 1430, milodiy 2009 sananing yozida bemazhablarning bizning yurtimizdagi vakillari faks orqali kelgan ikki varaqli arab tilidagi yozuvni qo‘lga olib, ana unda odamlar ichida ularning namozdan keyingi qilayotgan duolari bid’at va xato ekani bayon qilinganini aytib yurishdi. Varaqda «namozdan keyin jamoat bo‘lib duo qilish» Nabiy sollallohu alayhi vasallam hozir bo‘lmaganlari uchun bid’at bo‘lishi haqida yaqinda olamdan o‘tgan ikki kishining gapi keltirilgan edi.
Biz bu gapdan xabardor bo‘lganimizdan ikki-uch kun o‘tib, huddi shu gap bemazhablar tomonidan boshqa davlatlarda, hatto AQSHda ham tarqatilayotgani to‘g‘risida xabar topdik. Albatta, bu yangi gap emas edi. Bemazhablar uni avvallari ham ko‘tarishgan edi. O‘zi ularning odati shu, o‘zlari qo‘zg‘agan ixtiloflarni tez-tez yangitdan qo‘zg‘ab turishadi.
Namozdan keyin imom qavmga qarab o‘tirib, jamoat bo‘lib zikrlarni aytib, so‘ngra qo‘llarnni ko‘tarib duo qilishlari, qavm imomning duosiga «Omin», «Omin», deb turishi haqida savollar ko‘p. Avvallari bu masalada hech qanday gap ko‘tarilmas edi. Ammo keyingi paytda turli sabablarga ko‘ra, savollar ko‘paydi.
Aslida bu masala allaqachon hal bo‘lgan: muhaddislar o‘z kitoblarida bu boradagi hadislarni rivoyat qilgan va fuqaholar o‘z kitoblarida uni yaxshilab tahlil qilib, yechib bergan edilar. Ammo ba’zi kimsalar eski gapni yana qayta qo‘zg‘ab, odamlarning hayoli parishon bo‘lishiga sabab bo‘ldilar.
Nachora, modomiki o‘zi bilmagan, aqli yetmagan narsalarni inkor qiladiganlar yo‘q bo‘lmas ekan, qayta-qayga ovora bo‘lishdan boshimiz chiqmaydi. Shuning uchun muhtaram kitobxonga qisqacha bayonot berishni lozim ko‘rdik.
Avvalo, bu masalada alohida risolalar yozganlar ham bo‘lganini aytib qo‘ymoqchimiz. Misol uchun, Maxdum Muhammad Hoshim Tontaviy Sindiyning «Muxtasari at-tuhfatul marg‘uba fiy afzaliyati ad-duoi ba’dal maktuba» («Farz namozidan keyingi duoning afzalligi haqida marg‘ub tuhfa muxtasari») kitobini keltirishimiz mumkin.
Bu kitobda muallif farz namozdan keyin qo‘lni ko‘tarib duo qilish, jamoat bo‘lib duo qilish va «Omin», «Omin», deb turish haqidagi ko‘plab hadislarni keltirgan.
Biz o‘zimizga juda kerakli bo‘lgan birgina iqtibosni keltirish bilan kifoyalanamiz:
«Agar «Shayx Abdul Haq Dehlaviy «As-sirotul mustaqiym»ga qilgan sharhida: «Arab va ajam yurtlarida odat bo‘lib qolgan salomdan keyin imom va qavmning to‘planib duo qilishlari, imomlar duo qilib, qavmning «Omin», deb turishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlaridan emas, bu haqda birorta hadis kelmagan, bu narsa mustahab sanalgan bid’atdir», degan, unga qanday javob beriladi?» deyilsa, aytamizki, buning javobi quyidagicha:
«Miftohus-solat»ning sohibi Alloma Fath Muhammad ibn shayx Iyso Shitoriy o‘zining «Futuhul avrod» deb nomlangan kitobida quyidagilarni aytgan: «Albatta, shayx Abdul Haq olti sahih hadis kitoblarida va boshqa asarlarda namozdan keyin qilinadigan duolar haqidagi hadislarni ko‘rmagani uchun bu ishni bid’at deb aytgan.
Agar shayx Abdul Haq namozdan keyin duo qilish aslida bid’atdir, degan gapni iroda qilgan bo‘lsa, shubhasiz, gapi noto‘g‘ri. Chunki biz kitobimizda keltirgan, farz namozidan keyingi duolar haqidagi rivoyatlarning hammasi bu gapni rad qiladi.
Agar shayx Abdul Haq namozdan keyin imomning ikki qo‘lini ko‘tarib duo qilishi va iqtido qiluvchilarning «Omin», «Omin», deb turishi shaklidagi duoni bid’at degan bo‘lsa, bu gapi ham noto‘g‘ri. Chunki duoda ikki qo‘lni ko‘tarish sunnatdir, duoning oxirida ikki qo‘lni yuzga surtish ham duoning sunnatidir, eshituvchilarning «Omin», «Omin», deb turishlari ham duoning sunnatlaridan.
Agar bu ishlarning hammasi mustahab sunnatlardan bo‘ladigan bo‘lsa, sunnat narsalardan tarkib topgan ish nima uchun bid’at bo‘lar ekan?! Bu ishni bid’at deyish mutlaqo noto‘g‘ridir».
Keyin muallif mazkur uch sunnat amalning har biriga o‘nlab hadislarni dalil qilib keltiradi.
Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Namoz ortidan keluvchilarni aytuvchilar – yoki «qiluvchilar» – noumid bo‘lmaslar. Har bir namoz ortidan o‘ttiz uchta tasbeh, o‘ttiz uchta hamd va o‘ttiz to‘rtta takbir», dedilar» (Imom Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan).
Ushbu hadisda qayd qilingan amal, ya’ni har bir namoz ortidan o‘ttiz uch marta «Subhanalloh», o‘ttiz uch marta «Alhamdulillah», o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar»ni zikr qilish keyingi rivoyatlarda keladigan zikrlar bilan uyg‘unlashib, tatbiqqa kirgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
Abu Umomadan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim har bir farz namozdan keyin Oyatul-Kursini qiroat qilsa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim (o‘lmagani) to‘sib turadi», dedilar».
Nasoiy rivoyat qilgan.
Mana shu keltirilgan rivoyatlar asosida namozdan so‘ng Oyatul-Kursini va tasbehlarni jamlab zikr qilish «so‘fiylar hatmi» ham deyiladi. Chunki bu narsaga aynan so‘fiylar boshqalarga nisbatan ko‘proq ahamiyat berishadi. Bunda Oyatul-Kursi tasbeh va tahlillardan oldin yoki keyin o‘qilishining hech qanday farqi yo‘q. Tasbehlar bilan birga Oyatul-Kursini ham o‘qish «nur ustiga nur» deyiladi.
Chunki Oyatul-Kursi Qur’oni Karimdagi eng ulug‘ oyatdir. Ushbu xatmni qilish bizda ham joriy bo‘lib kelayotgan amallardan biridir.
Jamoat bo‘lib duo joizligiga dalil sifatida Quvayt davlati Vaqf va Islomiy Ishlar vazirligi qoshidagi fatvo hayati tomonidan chiqarilgan «Majmu’atul fatavoi shar’iyya» kitobining 7-juzida nashr etilgan quyidagi ma’lumotni ham taqdim qilamiz. Ushbu ma’lumot bu masala bizning diyorimizdan boshqa tomonlarda ham qo‘zg‘alib turishiga dalil bo‘ladi.
«Quvayt Vaqf va Islomiy Ishlar vazirligi huzuridagi hay’atga janob Fahddan quyidagi savol taqdim etildi:
«Ba’zi odamlar Allohga jamoat bo‘lib duo qiladilar. Majlislardan birida buni ko‘rib, hayratlandim va o‘sha kishidan: «Bu narsa shariatda bormi?» deb so‘radim. U menga buning shariatda borligini ifoda qiladigan hadisni aytdi.
Habub ibn Maslama Fehriydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bir qavm jamlansa va ba’zisi duo qilsa, qolganlari «Omin», desa, Alloh ularni albatta ijobat qiladi», deganlarini eshitdim».
Tabaroniy rivoyat qilgan.
Bu jamoaviy duo masjiddagi har bir daryo yoki mav’izadan keyin bo‘lar ekan. Doimo shunday qilishar ekan. Men boshqa joylarda bunday duoni bid’at deb eshitgan edim. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinmagan ekan.
Men haligi odamga bu ish, ya’ni u odam duo qilib, qolganlari uning duosiga «Omin», deb turishi bid’at ekanini aytgan edim, u o‘z fikriga yopishib oldi va menga qarab ham qo‘ymadi.
Ushbu savolga javob berishingizni umid qilaman. Tashakkurlar bo‘lsin!»
Hay’at quyidagi javobni berdi:
«Istisqo va qunutda jamoaviy duo qilish shariatda borligiga hamma ittifoq qilgan.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir kishi qavmga imomlik qilsa, ularni qo‘yib, faqat o‘ziga duo qilmasin. Agar shunday qilsa, ularga xiyonat qilgan bo‘ladi», dedilar».
Termiziy va boshqalar rivoyat qilishgan.
Ibn Asir: «Bu bir kishi duo qilib turganida, boshqalarning qunutdagiga o‘xshab «Omin», deb turishidir», degan.
Ibn Taymiya ham shunga o‘xshash gapni aytgan («Sharhul muntaha». 1\1995).
Jamoaviy duo yuqorida zikr qilingan holatlardan umumiyroq joylarda ham shar’iydir.
Hofiz «Fath»da Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qachon qori «Omin», desa, siz ham «Omin», deng. Chunki farishtalar «Omin», deydilar», degan hadislarining sharhida: «Qori»dan murod namozdagi imomdir. «Qori»dan murod undan ham umumiyroq bo‘lishi ehtimoli bor», degan.
Bu ishga (jamoat bo‘lib duo qilishga) Hokim (sahih isnod bilan) va Tabaroniy Dabib ibn Maslama Fehriy roziyallohu anhudan qilgan rivoyat ham dalildir:
«U kishi duosi qabul bo‘ladigan odamlardan edi. Bir guruh askarga amir bo‘lib bordi. Dushmanga yo‘liqqanlarida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari «Omin», desa, Alloh ularni albatta ijobat qiladi», deganlarini eshitgan edim», dedi.
Keyin Allohga hamdu sano aytib turib:
«Allohim! Qonlarimizni saqlagin. Ajrlarimizni shahidlarning ajrlaridek qilgin», deya duo qilib turgan edi, dushmanning amiri (taslim bo‘lib) Habibning chodiriga kirib keldi».
Baxutiy «Kashful qino’»da (1\367) quyidagilarni aytadi:
«Imom bomdod va asrdan keyin o‘sha paytda farishtalar hozir bo‘lishi e’tiboridan duo qiladi. Qavm «Omin», deb turadi. Shunda ijobatga yaqin bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur ikkisidan boshqa namozlarda ham duo qiladi. Chunki farz namozdan keyingi payt duo qabul bo‘ladigan vaqtlardandir».
Shunday ekan, jamoat bo‘lib duo qilish mustahabdir, bid’at emas. Ammo u sunnat deb bilinmaydi».
«Majmu’atul fatavoi shar’iyya». 7-juz, 45-46-betlar.
Keyingi mavzu:
Qabristonda yoki o‘tganlarga atab tilovat qilish
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi