Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’onda zikr etilgan tarixiy shaxslardan biri — Imron va uning oilasidir. Ular oddiy, ammo taqvodor va Allohga qattiq ishongan oila bo‘lgan. Imron va uning xotini ko‘p yillar davomida farzand ko‘rmaganlar. Ularning yagona qizi, kelajakda payg‘ambar bo‘ladigan Zakariyo alayhissalomga turmushga chiqadi. Ammo ular ham uzoq yillar davomida farzandsiz bo‘ladilar.
Bu vaqtda Falastinda rumliklar hukmron bo‘lib, butparastlikni va ko‘pxudolikni targ‘ib qilayotgan, aholini o‘z diniga majburlayotgan edi. Kimki ularning dinini qabul qilmasa, og‘ir jazolanardi, ayrimlarini yirtqich hayvonlarga tashlar, boshqalarini qiynoqqa solar edilar. Shu murakkab vaziyatda Imronning xotini o‘zgarish qilishni, yaxshilikni tarqatadigan farzand ko‘rishni niyat qiladi. U Allohdan samimiy va tinimsiz duo qilib, quyidagicha niyat qiladi:
"Ey Robbim, qornimdagi bolani Senga bag‘ishladim. Uni Sening yo‘lingda xizmat qiladigan, ozod (dunyoviy ishdan xoli) qilaman. Duoimni qabul qilgin. Sen eshituvchi va biluvchi Zotsan" (Oli Imron, 35).
Alloh taolo uning duosini qabul qildi. Biroq, u o‘g‘il tug‘ishni niyat qilgan edi, qiz tug‘ildi. Bu vaqtda xotini aytadi:
"Ey Robbim, men qiz tug‘dim, holbuki o‘g‘il qizga o‘xshamaydi. Men uning ismini Maryam qo‘ydim va uni Senga va uning avlodini la’natlangan shaytondan saqlab qolishingni so‘rayman" (Oli Imron, 36).
Alloh bu qizni qabul qildi va uni yaxshi tarbiyalangan qilib yetishtiradi. Qizning ismini Maryam qo‘ydilar, bu "Allohga xizmat qiluvchi" degan ma’noni anglatadi. Shu bilan birga, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Har bir yangi tug‘ilgan bolani shayton chimchilaydi va u yig‘laydi, faqat Maryam va uning o‘g‘lidan boshqa".
Bu esa Imronning xotini qilgan duoning qanchalik samimiy va ijobat bo‘lganligidan darakdir.
Maryam Qur’onda nomlari aniq zikr qilingan yagona ayoldir. U butun borliqning eng yuksak darajali ayoli deb hisoblanadi. Allohning kitoblarida uning pokligi, ibodatga sadoqati va taqvosi alohida ta’kidlangan.
Maryam ko‘p ibodat qiladi, ko‘p sajda qiladi va ibodat uchun yaqinlari va boshqalardan uzoqlashadi. Qur’onda bu haqda bunday deyiladi:
"Kitobda Maryamni esla: u o‘z ahllaridan uzoqlashib, sharqiy bir joyga ketdi" (Maryam, 16).
Maryamning otasi Imron vafot etganidan keyin uning tarbiyasini payg‘ambar Zakariyo alayhissalom o‘z zimmasiga oladi. Zakariyo har safar Maryamning ibodat qilishi uchun ajratilgan joyga kirganda, u yerda g‘aroyib hodisalarga duch kelardi. Maryamning oldida mavsumga mos kelmaydigan meva va oziq-ovqatlarni ko‘rardi. Shunda u Maryamdan so‘raydi:
"Ey Maryam, bu narsa qaydan keldi?".
Maryam javob beradi:
"Bu Allohdan kelgan. Alloh xohlagan bandasiga hisob-kitobsiz rizq beradi" (Oli Imron, 37).
Bu voqealar Maryamning nechog‘li taqvodor, Allohga bog‘langan va uning marhamatiga munosib inson ekanligini ko‘rsatadi.
Maryamning hayoti butun insoniyat uchun ibratdir. Uning taqvosi, mustahkam e’tiqodi, Allohga sadoqati har bir mo‘min uchun namunadir. U o‘z avlodi — Iso alayhissalomni dunyoga keltirib, Allohning buyuk irodasini amalga oshirgan.
Maryamning qissasi shundan dalolat beradiki, Allohning yo‘lida har qanday holatda ham sobit qolish inson uchun eng oliy maqsaddir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan