Alloh o‘z fazli bilan kimni xohlasa to‘g‘ri yo‘lga soladi, kimni xohlasa ma’siyatdan asraydi va ofiyatda saqlaydi. O‘z adolati bilan kimni xoxlasa adashtiradi, kimni xohlasa yordamisiz qoldiradi va imtihon qiladi.
Yaralmishlarning barchasi uning xohishida, fazli va adolati orasida aylanib turadi. Bu gapdan bilinadiki, bandalar Allohga aslah (yaxshi) ish qilish vojib deyishga haqli emaslar.
Balki Alloh maxluqotlar borasida xohlaganicha tasarruf qiladi. Chunki olam uni mulkidir. Molik mulkida xohlaganicha tasarruf qila oladi.
Oli Imron surasi 43-oyatida: "Alloh xohlaganini qiladi", deyiladi.
Moida surasi 1-oyatida: "Alloh xohlaganiga hukm qiladi", deyilgan.
Bu yerda moʻtaziliylarning gapiga raddiya bor. Ular Alloh bandalariga eng aslah* (yaxshi) ishni qilishni vojib deydilar. Ularning so‘zlariga ko‘p oyatlarda ochiq-oydin raddiyalar bor.
Nahl surasi 93-oyat: "U Zot kimni xohlasa adashtirur, kimni xohlasa hidoyatga yo‘llab qo‘yur".
Baqara surasi 26-oyat: "U o‘sha bilan ko‘plarni zalolatga solib qo‘yadi, ko‘pchilikni hidoyatga solib qo‘yadi".
Yunus surasi 99-oyat: "Agar Robbingiz xohlasa, yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edi".
Nahl surasi 9-oyat: "Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo‘lardi".
Agar aslah (yaxshi) ish vojib bo‘lganda, olamda hech kim kufr keltirmas, osiy bo‘lmas edi. Chunki kufr va osiylik bandalar uchun aslah ish emas. Agar kimga iymonni iroda qilsa, o‘zining fazli bilan bo‘ladi, bandalar haqli bo‘lganligi uchun emas. Kimga kufrni iroda qilsa, adli bilan bo‘ladi, zolimligi uchun emas.
Zulm- o‘zidan boshqani mulkida tasarruf qilishdir. Alloh o‘zining mulkini tasarruf qiladi.
Anbiyo surasi 23-oyat: "U (Alloh) qilganlari borasida so‘ralmas".
Aslah ishlarni vojibligi Uning quyidagi so‘zi bilan botil bo‘lgan:
Baqara surasi 105-oyat: "(U) buyuk fazl egasidir".
Ustida vojib haqni bajarish fazl emas. Shuningdek, unda Muhsin, Mun’im, Mujmil (go‘zal suratda yaratuvchi) va Mannon ismlari botil bo‘ladi. Chunki unga vojib bo‘lib turgan narsani ado etishda ham ehson, fazl, minnat bo‘lmaydi.
Aslah ish - bandaning xizmat qilgani uchun savob berish muqobilidagi xizmasiz savob berish, yaxshi ishning muqobilidagi undanda yaxshiroq ishlar tushuniladi. Misol uchun banda jannatda bo‘lishi yoki undagi oliy maqomda bo‘lishi kabi ikki ish ko‘ndalang kelib qolsa, Alloh taoloning zimmasiga "aslah" ish vojib bo‘ladi-da, uni jannatdagi oliy martabaga ko‘tarishi lozim bo‘ladi.
Manba: Abu Hafs Sirojiddin Gʻaznaviyning "Sharhu Aqiydatil imom at-Tahoviy kitobi".
Tayyorladi: 3-kurs talabasi Raxmonova.R
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).