Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «O‘zingizdan yuqoridagilarga emas, o‘zingizdan quyidagilarga qaranglar, shunda Allohning sizga bergan ne’matlarini oz sanamaysiz» (Imom Muslim rivoyati).
Inson mol-dunyoda, chiroyda, ijtimoiy holatda o‘zidan ustunroq odamlarga e’tibor beraversa, Alloh taolo haqida yomon gumonga borib qoladi. «Mendan boshqalarga rosa yaxshi ne’matlar bergan ekan, ular ne’matlarga ko‘milib yashayapti. Men esa doim nimagadir muhtoj bo‘lib yashayman» deb, o‘ziga berilgan ne’matlarni oz sanaydi, hatto ko‘rmay qoladi. Bu esa Alloh taolo bergan ne’matlarni mensimaslikka olib boradi. Natijada rozilik hissini yo‘qotib qo‘yadi, buning halovatini tuya olmay, azob ichida yashaydi. Bu esa uni nafrat, hasad tomon yetaklaydi. Natijada inson o‘zidan ustun bo‘lganlarga yomonlik qilishga o‘tadi. Ba’zida ulardan ustun bo‘lish maqsadida hatto o‘g‘rilik qilishdan, yolg‘on so‘zlashdan ham toymaydi. Boylik orttirish yo‘lida odamlar bilan musobaqalashib, o‘zini g‘am-g‘ussaga, iztirobga ko‘mib tashlaydi.
Inson mol-dunyo, chiroy, sog‘lik, quvvat borasida o‘zidan pastroq bo‘lganlarga qarasa, Alloh taoloning unga ko‘rsatgan karamini ko‘radi, boshqa ko‘plab odamlarga bermagan ne’matlarini unga berganini his qiladi. Natijada sakinat, xotirjamlik tuyadi, odamlarga nisbatan mehr-muhabbatli bo‘ladi, faqir-miskinlarga xayr-ehsonlar qilib, Allohning marhamatiga shukr keltirib, umrguzaronlik qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlariga dunyoda ham, oxiratda ham saodatga erishtiruvchi narsani vasiyat qilganlarini tushunib yetadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotni yana ham go‘zal qiladigan, qalbni baxt va sururga to‘ldiradigan eng go‘zal vasiyatlaridan biri - Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan naql qilingan quyidagi hadisdir.
«Xalilim menga yetti narsani vasiyat qilganlar:
miskinlarni yaxshi ko‘rishni, ularga yaqin bo‘lishni buyurganlar;
o‘zimdan yuqoridagilarga emas, ortdagilarga qarashni buyurganlar;
hech kimdan hech narsa so‘ramaslikni buyurganlar;
silai rahm qilishni buyurganlar;
achchiq bo‘lsa ham, haqiqatni aytishni buyurganlar;
Alloh yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmaslikni buyurganlar.
«Laa havla va laa quvvata illaa billah (qudrat va quvvat faqat oliy, ulug‘ Alloh bilandir)» ni ko‘p aytishni buyurganlar».
Bir qiz aytadi: «Bu hayotdagi shodligimning sababi – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Zarr roziyallohu anhuga qilgan yettita vasiyatlaridir. Bu vasiyatni o‘rganish boshqa, unga amal qilish boshqa ekan. Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan ishonchim sababli bu vasiyatlarga amal qildim. Axir u zot biz ummatlar ikki dunyoda ham baxtli-saodatli bo‘lishimiz uchun yuborilmaganmidilar? Men bu vasiyatlar doim ko‘z oldimda, yonimda bo‘lsin deb, bir nechta qog‘ozga ko‘chirib, birini cho‘ntagimga, birini yostig‘imning ostiga, birini kiyim javonimga, birini dars stolimga qo‘yib qo‘yganman. So‘ngra ularga amal qila boshladim. Shu vasiyat sababli o‘zimga ishonchim ortdi, qalbim sakinatga to‘ldi. Masalan, o‘smirlik muammolari sabab biror kun ham psixolog maslahatiga muhtoj bo‘lmadim. Yaqinlarim, dugonalarim ko‘paydi. Har kecha Allohning fazli bilan xotirjam uyquga ketaman».
Boshqa bir qiz aytadi: «Necha yillar o‘zimdan, hayotimdan, atrofdagi hammadan norozi bo‘lib yashabman. Siqilish, tushkunlik, uyqusizlik – hammasini boshdan o‘tkazdim. Hatto jonimga qasd qilmoqchi ham bo‘lganman. Boy oilaning farzandi bo‘la turib, shu ahvolga tushib qoldim. Bir kuni bir dugonam meni yetimlarga, kambag‘allarga ehson qilaylik deb, yordamlashishga chaqirdi. Uning yaqinlari bir xayriya jamg‘armasida ishlar ekan, bu ehsonlar o‘sha jamg‘armadan edi. Allohning marhamati bilan, xayrli ish ekan deb, rozi bo‘ldim. Mana shu fikr hayotimning o‘zgarishida ilk qadam bo‘ldi. Bir beva ayolnikiga bordik. Yosh-yosh yetim bolalari bor ekan. Uning uyiga bordimu, hayotimda ilk bor saodat, shukrona hissini tuydim. Bu ayolning uyini, sharoitini ko‘rsangiz edi… Ayol murg‘ak go‘daklari bilan hayotning achchiq zarbalariga dosh berib yashayotgan bo‘lsa-da, Allohning ne’matlari, ko‘rsatgan marhamatlari uchun tinmay hamd aytar edi. Biz ozginagina pul, ro‘zg‘or uchun kerakli narsalarni bersak, haqqimizga uzundan-uzoq duolar qildi. Uning duolarida xursandchilik, samimiyat, rozilik va ixlos balqib turar edi. O‘sha kungi ziyoratdan yig‘lab qaytganim hali ham esimda. Chunki shu paytgacha naqadar ahmoqona hayot kechirib kelganimni o‘sha kuni his qilgan edim. Afsuski, umrimning asosiy qismi boylarga qarash, mol-dunyo borasida ular bilan musobaqa qilish bilan o‘tib ketibdi. Birorta dugonam menikidan chiroyliroq narsa sotib olsa yoki unikiga o‘xshash narsani izlab topa olmasam, ko‘zlarimdan uyqu qochib, hatto yig‘lashga tushardim.
Beva ayolning ziyoratidan keyin hayotga munosabatim butunlay o‘zgardi. Shundan keyin endi buyog‘iga zaiflar, ojizlarga, kambag‘allarga yordam beraman deb bel bog‘ladim. Moddiy jihatdan qiynalib turgan odamga yordam berish shunaqangi buyuk saodat ekanki, ko‘plab insonlar bundan mutlaqo bexabar ekan. Kambag‘allar bilan yelkadosh bo‘lib yashasangiz, qanday ahvolda yashayotgan bo‘lsangiz ham, hayotingizdan rozi bo‘lib qolasiz. Ularga yanada ko‘proq yordam berish uchun o‘qishda, ishda yanada ko‘proq ter to‘kasiz. Bu esa hayotingizga baraka kirgizadi, xotirjam uxlashingizga sabab bo‘ladi. Boshimdan o‘tkazgan tajribalarimdan kelib chiqib, barcha mahzun qizlarga kambag‘allarning, yetimlarning onalariga yaqinroq bo‘lishni, ularga imkon boricha moddiy, ma’naviy yordam berishni, ular bilan tez‑tez suhbatlashib turishni tavsiya qilaman. Bu tavsiyaga amal qilsangiz, haqiqiy halovat, chinakam xotirjamlik nimaligini o‘shanda bilasiz. Birovga yordam berishning zavqi birovdan yordam olishning zavqidan ko‘ra totli bo‘lar ekan».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi