Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.
Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.
Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.
Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.
Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!
Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).
Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!
«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).
Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
– Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).
Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).
So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».
Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
– Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
– Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
– Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).
Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).
Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan
Abul Barakot Nasafiyning ilmiy meroslari va xususan “Tafsirun Nasafiy” asari
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent Islom instituti talabasi
Hamidullayev No‘monxon
Annotatsiya: Mazkur maqolada mo‘g‘ullar istilosi davrida yashagan, hanafiy fiqh va moturidiy aqida yo‘nalishining yetuk vakillaridan biri bo‘lgan alloma Abul Barakot an-Nasafiyning ilmiy merosi o‘rganiladi. Uning kalom, fiqh va tafsir sohalariga oid muhim asarlari, xususan “Madorik at-Tanzil va Haqoiq at-Ta’vil” nomli tafsiri alohida tahlil qilinadi. Ushbu tafsir asari hanafiylik va ahli sunna ta’limotiga asoslangan bo‘lib, unda Zamaxshariyning “Kashshof” va Bayzoviy tafsirlaridan tanlab olingan jihatlar, ammo mo‘taziliy yondashuvlardan holi uslub qo‘llanilgan.
Muallif Qur’on oyatlarini fiqhiy, tilshunoslik va kalomiy jihatdan izohlab, tafsirni mo‘tadil, ixcham, isroiliylardan pok va ilmiy yondashuvga asoslangan holda yozgan. Shuningdek, maqolada Abul Barakot Nasafiyning boshqa mashhur asarlari va ulamolar tomonidan berilgan ta’riflar ham bayon etilgan. Bu maqola tafsir ilmi rivojiga qo‘shilgan boy ilmiy merosni ochib berish barobarida, hanafiy tafsir maktabining o‘ziga xos jihatlarini ham yoritadi.
Kalit so‘zlar: Abul Barakot an-Nasafiy, Madorik at-Tanzil, Tafsir an-Nasafiy, hanafiy mazhabi, moturidiy aqida, tafsir ilmi, Kashshof, Bayzoviy, ahli sunna val jamoa, fiqh, kalom, Qur’on tafsiri, mo‘g‘ullar davri, isroiliyat, qiroatlar, tafsir uslubi.
Nasafdan yetishib chiqqan ulug‘ olimlardan biri Abul Barakot Nasafiy o‘zining tafsir, fiqh, aqida sohalariga oid asarlari bilan mashhur bo‘lgan. U tug‘ilib, yashagan payt mo‘gullar hukmronligi davri bo‘lganligi uchun Movarounnahrda ilmiy, madaniy va iqtisodiy holat tanazzulga tushib qolgan edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan Abul Barakot Nasafiy kabi fidoiy olimlar ilmni jonlantirishga va qayta tiklashga harakat qilganlar[1]. Abul Barakot Nasafiyning turli sohalardagi asarlari;
“Al-Musaffo fi sharh al-manzuma an-Nasafiya” (“an-Nasafiy nazmining musaffo sharhi ”) – ilmi kalomga oid;
“Al-Mustasfo fi sharh al-fiqh an-nofi” (“Tanlangan foydali fiqh sharhi”) – islom huquqshunosligiga oid;
“Umdat al-aqoid” (“Aqidalar asosi”) – kalom ilmiga oid.
Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo‘yicha ahli ilm orasida “Tafsir an-Nasafiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil” (Qur’on ma’nolari va ta’vil haqiqatlari) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsir an-Nasafiy” kitobi dunyo bo‘yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta’limotiga binoan bayon etilib, o‘sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir. Bu asarni yozishda Nasafiy Zamaxshariyning “al-Kashshof an haqoiqi-t tanzil”, Bayzoviyning “Anvorut-tanzil va asrorut-ta’vil” va boshqa tafsirlardan foydalangan[2].
Alloma Laknaviy Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag‘dodga kelgani, mudarrislik qilgani va shu yerda vafot qilganlini aytib o‘tgan[3]. 1310 yili rabi al-avval oyining juma kuni kechasi Bag‘dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj shahrida (Xuziston va Isfahon oralig‘ida) dafn qilingan.
Quyida ushbu buyuk imom haqida ba’zi ulamolarning fikrlari keltiramiz: Imom Laknaviy uni shunday ta’riflagan: “Komil imom, zamonasining ziyrak olimlaridan, fiqhda asosiy manbalarga amal qilgan, hadis va uning ma’nolarida yetuk olim”[4].
Imom Ibn Hajar uni “dunyoning allomasi”[5] deb atagan.
Ibn Kamol Pasha uning yuksak ilmiy maqomi haqida shunday degan: “U mutaqaddim faqihlar va muhaqqiqlar qatorida yuqori mavqega ega bo‘lib, zaif va mavzu' hadislarni o‘z asarlarida keltirmagan, balki mustahkam dalillarga tayangan”.
Shuningdek, u shunday degan: “Ijtihod eshigi u kishi bilan yopilgan, undan keyin hech bir mazhabda yangi mujtahid kelmagan”[6].
Abul Barakot Nasafiyning bir qator asarlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Nasafiy tafsiri ta’rifi va muallifining undagi uslubi.
Bu tafsirni Imom Nasafiy rohimahulloh “Tafsirul Bayzoviy” va Zamaxshariyning “Kashshof” tafsirlaidan muxtasar qilib olgan. Lekin u Kashshofdagi mo‘tazila e’tiqodidagi fikrlarni tashlab, Ahli sunna val Jamoa mazhabiga ko‘ra ta’lif qilgan. Bu tafsir uzun tafsirlar bilan qisqa tafsirlar orasidagi o‘rtacha tafsirdir. Bu tafsirda Imom Nasafiy rohimahulloh qiroat va tarkib qoidalari o‘rtasidagi vajhlarni jamlagan. Bunga Kashshofda kelgan balog‘at qoidalari va yashirin nozik ma’nolarni kashf etishdan iborat bo‘lgan bir qancha narsalarni ham kiritgan.
Shu bilan birga, Zamaxshariy o‘z tafsirida qo‘llagan savol va javoblarni ham keltirgan. Lekin imom Nasafiy rahmatullohi alayh o‘zining bu tafsirida oyatlarni asos qilib olgan. Shuning uchun “Kashshof”ning sohibi suralarning fazilati haqida mavzu' hadislarni keltirganidek u kishi mavzu' hadislarni keltirmagan.
Imom Nasafiy rohimahulloh grammatik qoidalarga chuqur kirmay, balki yengil to‘xtalib o‘tgan. Mutavotir yetti qiroatni lozim tutib, har bir qiroatni o‘z qorisiga nisbatini bergan. Hukm oyatlarning tafsirida fiqhiy mazhablarga qisqacha to‘xtalib o‘tgan. Har bir mazhab keltirgan fikrlarni qisqacha bayon qilib, asosan, ko‘pincha o‘zining hanafiy mazhabini qo‘llab-quvvatlagan. Mazhabiga muxolif kelganlarga raddiyalar bergan. Bu tafsirda Isroiliyot rivoyatlarining zikri kamdan-kam uchraydi. Shunda ham bunday rivoyatlarni keltirib turib, so‘ngra rad qiladi.
Darhaqiqat, imom Nasafiy rohimahulloh o‘z tafsirining avvalida qisqa bir iborani keltirib, unda o‘zining bu tafsirini yozishdagi yo‘nalishi va uslubini bayon qilib, jumladan, shunday deydi: “Tafsir ilmida qiroat va tarkib vajhlarini jamlagan, «Badi' va ishorat” ilmining nozik jihatlarini o‘z ichiga olgan, Ahli sunnat val jamoatning so‘zlari bilan bezalgan, bid’at va zalolat ahlining botil fikrlaridan xoli bo‘lgan, malol keladigan darajada juda uzun bo‘lmagan va xalal beradigan darajada juda qisqa bo‘lmagan, o‘rtacha bir kitobni yozdim».
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR RO‘YHATI