Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

13.01.2025   6108   3 min.
Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...

Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar

Uzrli ayol pishirgan ovqat

16.06.2025   2461   1 min.
Uzrli ayol pishirgan ovqat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ayol kishi uzrli paytida pishirgan ovqatni yeb bo‘lmaydi, shuning uchun bunday ayol ovqat tayyorlamasligi kerak, degan gap eshitdim. Shu gap to‘g‘rimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, dinimizda bunday ta’qiq mavjud emas. Hayz ko‘rgan ayol bemalol ovqat tayyorlashi, pishirishi mumkin. Ulamolar hayz ko‘rgan ayolga oid hukmlarni bayon qilarkanlar, ayol kishi xamir qorib, yopgan nonini, pishirgan ovqatini yeyish mumkin ekanini ta’kidlaganlar. Shuningdek, ayol kishi uzrli paytlarida, erkak yotoqni alohida qilib olishdan ham qaytarilgan. Ya’ni shariatimizda ayol kishining uzrli bo‘lib qolgani uchun undan jirkanilmaydi, tashlab qo‘yilmaydi. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.