Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov