Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Hijri Ismoil

14.01.2025   8221   4 min.
Hijri Ismoil

Hijri Ismoil — Ka’ba yaqinida joylashgan yarim oy shaklidagi hudud. Hijri Ismoil “Ismoil toshi” degan ma’noni anglatadi. Aynan shu yerda Ibrohim alayhissalom rafiqalari Hojar va o‘g‘li Ismoilni qoldirganlar. Hijri Ismoil Xatim ham deb nomlanadi. Xatim deb nomlanishiga sabab u Ka’badan sindirib, ya’ni ajratib olingandir.

  • Hijr marmardan qilingan.
  • Xatim devorining balandligi 1 metr-u 32 sm.
  • Devorning eni 1 metr-u 55 sm.
  • Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr-u 77 sm.
  • Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr-u 46 sm.
  • Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
  • Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr-u 29 sm.
  • Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr-u 23 sm.
  • Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr-u 57 sm.

Hijri Ismoil haqida qiziqarli ma’lumotlar

  1. Ibrohim va Ismoil alayhissalom Ka’bani qurganlarida, Hijri Ismoil baytning bir qismi hisoblangan. Ibrohim alayhissalom qurgan Ka’ba devori Hijri Ismoilni ham o‘rab olgan edi. Hozirgi paytda Ka’ba bilan Hijri Ismoilning tashqi devori orasidagi bo‘shliq joy bor. Ka’bani tavof qilganda o‘sha oraliq hududga kirmasdan aylanish kerak, sababi bu joy ham Ka’baning bir qismi sanaladi.
     
  2. Keyinchalik qurayshliklar Ka’bani qayta tiklaganlarida, Baytulloh kub shaklida bo‘ldi va Hijri Ismoil devori Ka’baga tutash yarim doira shaklida qoldi. Bu yerda Ismoil va uning onasi Hojar onamizning qabri bor, degan fikr bor, lekin bu ilmiy jihatdan asosli emas.
     
  3. Qurayshliklar Makkada sodir bo‘lgan toshqin va yong‘indan so‘ng ba’zi joylari buzilgan Ka’bani qayta tikladilar. Ka’bani rekonstruksiya qilish rejasida Hijri Ismoil Ka’baning umumiy maydoniga kirishi kerak edi, ammo Qurayshda buning uchun yetarli mablag‘ yo‘q edi.
  4. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan…», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

  5. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab hijrga kirgizdilar, Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar», deb aytdilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
     
  6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan (Hijri Ismoil) joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
     
  7. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men Hijrda turar, Quraysh esa tungi sayrim (Isro) haqida savollar berar edi. Ular Baytul Maqdisdagi men eslab qololmagan narsalar haqida so‘rashganida avval hech qachon bo‘lmagan qattiq qayg‘uga cho‘mdim. Shunda qarab turgan tomonimda Alloh Quddusni ko‘z o‘ngimda gavdalantirdi – ular mendan nima haqida so‘rasa, shuning xabarini berardim… (Imom Muslim rivoyati). Salaflardan qilingan rivoyatda «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.

 

Boshqa maqolalar

Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

18.06.2025   3486   2 min.
Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi: 

1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).

Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.

Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.