Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: «Qur’onni o‘qish va yodlashda bardavom bo‘linglar. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Qur’on ipini yechib, qochib ketish borasida tuyadan ham tezroq», dedilar (Imom Buxoriy, 5033; Imom Muslim, 791).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni yod olgan (Qur’onni o‘ziga do‘st tutgan) kishining misoli bog‘lab qo‘yilgan tuyaning misoliga o‘xshaydi. Agar qattiq turib, uni bog‘lashda bardavom bo‘lsa, tuyasini saqlab qoladi. Agar bo‘sh qo‘sa, ketib qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, 5031; Imom Buxoriy, 789).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimningdir men falon-falon oyatni sedan chiqardim, deb aytishi qanday ham yomon. Balki, u sedan chiqartirildi. Qur’onni (o‘qish bilan uni) esda saqlanglar. Chunki u kishilarning qalbidan ketib qolishda tuyalardan ham tez”, dedilar.
"Qur’on fazilatlari haqida qirq hadis" kitobidan
Bomdod namozi kirgach to quyosh chiqquncha Qur’on tilovati, zikrlar, ilm yoki boshqa xayri ishlar bilan shug‘ullanish o‘rniga dunyoviy gap-so‘zlar bilan vaqt o‘tkazish makruhi tanzihiydir. Chunki bu vaqtda qilingan zikrlar uchun juda katta savoblar va’da qilingan, mo‘min bandaga bunday imkoniyatni boy berish to‘g‘ri kelmaydi.
Ilm bilan shug‘ullanish, solihlarning hikoyasini o‘qish yoki tinglash, mehmon bilan yoki hojati bor odam bilan gaplashish xayrli ish hisoblanadi, shuning uchun bular makruh emas, aksincha mustahab bo‘ladi.
Albatta, hojat yoki zarurat bo‘lgani uchun dunyoviy gaplar so‘zlashning hech qanday ziyoni yo‘q.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning «Til sayqali» kitobidan