Har birimiz hayotda muvaffaqiyat qozonish istagida bo‘lamiz-u, lekin unga yetisha olmaymiz. Buning sababi esa “muvaffaqiyat”ni yetib bo‘lmas bir ro‘yo deb o‘ylashimizdir. Aslida biz muvaffaqiyatga eltuvchi omillarga bee’tibor bo‘lamiz, natijada muvaffaqiyatsizliklarimiz ko‘payib boraveradi.
Muvaffaqiyat – bu yaxshidan yanada yaxshirog‘i tomon intilishimizdir. (Barkamollik Alloh taoloning O‘zigagina xosdir). Birortasi sizga “Hayotdagi maqsadimga erishdim” desa, bilingki, u odam qulay boshlabdi. Kishi muvaffaqiyat sari harakat qilishi zarur. Zero, Alloh azza va jalla hech bir odamning ajrini zoye qilmas. Badi’uz zamon Hamazoniy bunday deydilar:
Vojib manga tirishmog‘im, qilmoq jahd,
Shart bo‘lmag‘ay najohni idrok etmak.
Hayot bo‘stonidan muvaffaqiyat mevalarini terish ilinjidagi kishiga oid mana bu nasihatlar sizga ham asqatadi. Bu nasihatlar ikki dunyo saodatini topish uchun chaqiriqdir. Zero, oxirat diyorida kishi ochiq-oydin xusronga yuz tutar ekan, uning dunyo hayotidagi zafaridan ne naf?!
Alloh taologa taqvoni lozim tuting, shuning o‘zi xayrli oziqa va a’lo nasihatdir. Zero, Alloh taolo Taloq surasining 2–3-oyatlarida: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...», deya marhamat qiladi va yana xuddi shu suraning 4-oyati so‘ngida ham: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradur!» – deya taqvo qilishga amr qilgan.
Qalbingiz avval Alloh taolo va Uning Rasuliga, keyin esa ota-onangiz va atrofingizdagilarga muhabbat ila to‘lib-toshsin. Zero, muhabbat kishini yoshartiradi, umrni uzaytiradi, xotirjamlik baxsh etadi. Nafrat esa qalbni qoraytiradi. Muhabbat jarohatga malham bo‘lib xizmat qiladi hamda qalbga mehr va yaqinlik taftini soladi.
O‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz boshqalarga nisbatan kichikroq, ozroq bo‘lsin. Alloh taolo Hashr surasining 9-oyatida ansoriylarni maqtab: «...Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar...», deya marhamat qiladi. Odamlarga yaxshilik ilinib farahmand bo‘ladigan kishilar haqiqiy baxtiyor insonlardir. Badbaxtlar esa faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Oxir-oqibatda hech qanday savobga erishmaydilar.
Qalbingizni muhabbat, bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik kabi tuyg‘ular bilan to‘ldirish uchun harakat qiling. Hech shak yo‘qki, badbaxtlarning qalblari hasad, g‘azab va nifoq ila limmo-lim bo‘ladi.
O‘tgan ishlarga qayg‘urmang! Noxushliklarga ko‘z yosh to‘kish foyda bermaydi. Birovlarning musibatlaridan kuladiganlar esa o‘zlariga jabr qiladilar. Ko‘zadagi to‘kilgan sutga ayyuhannos solgandan ko‘ra, uning o‘rnini qoplash payida bo‘ling. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu muborak so‘zlarini doimo yodda tuting: “Senga biror ish sodir bo‘lsa, “agar bunday qilganimda, mana bunday bo‘lardi-da” deya ko‘rma, faqatgina “Alloh taqdir qilgan ekan, O‘zi xohlagani bo‘ldi” deb
aytgin. “Agarda” shaytonga yo‘l ochib beradi”[1].
Nafsingizni yaxshi gumon qilishga o‘rgating! Zero, yaxshi gumonda bo‘ladiganlar tunda osmonga tikilib, oyning nazokatini ham ko‘ra oladilar. Badgumonlar esa samoga tashlagan nazari ortida zulmatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydilar. Boshqalarni o‘zidan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylaydiganlardan bo‘ling. Yaxshilikka yo‘yuvchilar boshqalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Badgumonlar esa o‘z atrofidagilarni go‘yo quvib-soladilar.
Haliymiy aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gumonni xush ko‘rardilar. Chunki badgumonlik Alloh taolo xususidagi yomon o‘ylovdir. Nekgumonda bo‘lish esa Alloh taolo xususidagi yaxshi o‘ydir. Mo‘min hamma holatda ham Alloh taolo xususida yaxshi gumonda bo‘lishga ma’murdir”.
Boshqa bir hadisda Muoviya ibn Hakam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: “Yo Allohning Rasuli, bizning oramizda shumlanadiganlar bor”, dedim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ko‘ngillariga kelgan narsa xolos. Bu narsa ularni (biron ish qilishdan) to‘smasin”, dedilar».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).