Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bomdod namozi kirgach to quyosh chiqquncha Qur’on tilovati, zikrlar, ilm yoki boshqa xayri ishlar bilan shug‘ullanish o‘rniga dunyoviy gap-so‘zlar bilan vaqt o‘tkazish makruhi tanzihiydir. Chunki bu vaqtda qilingan zikrlar uchun juda katta savoblar va’da qilingan, mo‘min bandaga bunday imkoniyatni boy berish to‘g‘ri kelmaydi.
Ilm bilan shug‘ullanish, solihlarning hikoyasini o‘qish yoki tinglash, mehmon bilan yoki hojati bor odam bilan gaplashish xayrli ish hisoblanadi, shuning uchun bular makruh emas, aksincha mustahab bo‘ladi.
Albatta, hojat yoki zarurat bo‘lgani uchun dunyoviy gaplar so‘zlashning hech qanday ziyoni yo‘q.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning «Til sayqali» kitobidan