Inson yaratilgan vaqtdan buyon jamiyat o‘rtasida uning huquqlari va majburiyatlari birga shakllandi. Huquq va majburiyatlar insonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan nizolarni oldini olish uchun yuzaga kelgan. Asrlar osha inson takomillasha borgan sari uning huquq va majburiyarlari ham shunga monan rivojlanib bordi. Shuning uchun ham Alloh taolo turli zamonlarda va turli millatlarga turli xil shariat mezonlarini nozil qilgan. Boshlang‘ich bosqichda islom davlatida huquqiy institutlar rivojlanmagan shaklda mavjud bo‘lib, islomning axloqiy vazifalari va mazhabiy figurasi bir-biri bilan hamohang va uyg‘unlashgan edi.
Shuni ta’kidlash kerakki, har bir jamiyatda, uning qanday sharoitda yashashidan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lgan ishlar, muammolar, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatda tinchlikni ta’minlab, jinoyatning oldini olish va boshqa ko‘p hayotiy muammolarini yechish uchun bir miqdor qonun-qoidalarga zarurat bo‘lgan. Islom dinini birinchi bo‘lib qabul qilgan arablar jamiyati yetarli darajada rivojlangan bo‘lmasa ham, o‘ziga xos qoidalar va an’analarga ega edi. Ularda salam (pulni oldindan to‘lab, pishib yetmagan mol, masalan, bug‘doyni keyinroq olish bitimi), muzoraba (sheriklik asosida pulni foydaga ishlatish uchun birovga berish), xilma-xil nikoh shakllari, hakamiyat (hakamlik), savdo va muomalotga tegishli bir qator urf-odatlar mavjud bo‘lib, jamiyatda qonun tusini olgan edi. Lekin mazkur udum va qoidalar yetarli darajada o‘sib rivojlanmagani tufayli, butun jamiyat hayoti sohalarini qamrab olib, birlashgan jamiyat va umumiy huquqiy tizim qurish uchun yetarli emasdi. Arablar qabilaviy sharoitda yashaganliklari uchun ularda markazlashgan hokimiyat yo‘q edi, bu esa yagona sud tizimini tashkil etish uchun imkon bermasdi. Makka shahri eng muhim tijorat markazi bo‘lgan. Savdo va tijorat sohasidagi qonunlarni savdogarlar o‘zaro ijro etardilar.
Oilaviy munosabatlar (qarindoshlik va meros)ga oid qonunlar, shuningdek, jazo qonuni,ham ko‘chmanchilar va ham shaharlarda yashovchi aholi orasida eski qabilaviy tuzum ta’siri ostida edi. Unga binoan biron-bir qabilaga mansub bo‘lmagan kishi qabilaviy qonun himoyasidan chetda qolardi[1]. Arablar orasida nizo va kelishmovchiliklar paydo bo‘lganda, tomonlar muzokara yo‘li bilan kelisha olmasalar, hakamlarga murojaat qilinardi. Hakamlar biron-bir xos firqaga mansub bo‘lmay, keng ma’lumotli, zukko va yaxshi nom chiqargan kishilar hamda ilohiy kuchga ega hisoblangan kohinlar ichidan tanlanardi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam (payg‘ambarligidan ilgari) Ka’bani ta’mirlash ishlari olib borilganda Qoratosh (Hajarul-asvad)ni o‘rniga qo‘yish bo‘yicha urug‘lar orasida yuzaga kelgan nizoni hakam sifatida hal qilishga muvaffaq bo‘lgan edilar. Islom dini o‘z huquqiy tizimi va qonunchiligini rivojlantirar ekan, Qur’on va Sunnaga asoslangan holda arablar jamiyatida qonun darajasiga ko‘tarilgan urf-odatlar va an’anaviy udumlardan ham foydalandi. Shu ma’nodaki, ularning ayrimlari Qur’on oyatlari yoki hadislar orqali bekor qilindi, ayrimlariga o‘zgartirishlar kiritib qabul qilindi va ba’zilariga qonuniy tus berildi. Shuningdek, muzoraba va shirkat me’yorlari qabul qilinib, ribo (sudxo‘rlik) butunlay harom deb e’lon qilindi.
Hijriy I asrda islom huquqi shakllana boshlab, hijriy II va III asrlarda taraqqiyot bosqichlariga ko‘tarildi. Hijriy II asr boshlarida ilk huquqiy maktablar (mazhablar) yuzaga kela boshladi va yangi shakllangan islom jamiyati o‘zining boshlang‘ich huquqiy va qonuniy institutlari-muassasalarini qurishga muvaffaq bo‘ldi[2]. Arab xalifaligida ijroiy faoliyatlar va qonun tuzish ishlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq edi va uning maqsadi yangi tasarruf qilingan mamlakatlar idoralarini islom qonunlari asosida tashkil etib, boshqarish edi. Hijriy I asr o‘rtalariga kelib islom siyosiy qarama-qarshiliklarga duch keldi. Xavorij (xorijiylar) va shia firqalari ko‘pchilikni tashkil etgan ahli sunna val-jamoaga qarshi turdilar. Keyinroq shialar sunniylikning buyuk olimlari tomonidan asos solingan va takomillashtirilgan huquqiy tizimlarni iqtibos etib, hijriy II asrning ikkinchi yarmida ularga ayrim o‘zgartirishlar kirgizdilar[3]. Hijriy I asr asosan tasarruf etilgan mamlakatlar huquqiy normalarini ko‘rib chiqib, ularning urf-odatlarini shariat qonunlariga moslashtirish jarayoni bilan o‘tdi. Islom huquqining yaratilib, tartibga solinishi hijriy II asr o‘rtalarida boshlandi va o‘z taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Islom huquqi o‘z rivojlanish bosqichlarini shu yo‘sinda bosib o‘tdi. Asli arab bo‘lmagan ko‘p xalqlar, ayniqsa, Movarounnahr faqihlari va muhaddislari uning rivojiga beqiyos darajada katta hissa qo‘shib keldilar. Islom tarixchilarining fikrlariga ko‘ra, islom huquqi (fiqh) o‘z taraqqiyot jarayonida quyidagi olti davrni bosib o‘tgan:
Birinchi bosqich: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam davrlari;
Ikkinchi bosqich: Sahobalar davri;
Uchinchi bosqich: Tobeinlar davri;
To‘rtinchi bosqich: Mujtahidlar davri;
Beshinchi bosqich: Muharrijlar davri;
Oltinchi bosqich: Muqallidlar yoki taqlid davri[4].
Abdulhay Laknaviy rahimahulloh hanafiy mazhabi faqihlarini tabaqalashtirishda muharrijlar davridan so‘ng as’hobut-tarjih, ya’ni buyuk faqihlar tomonidan yozib qoldirilgan hukmlardan ayrimlarini zaruratga binoan bir-biridan ustun qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan olimlar davrini ham ko‘rsatib o‘tadi. Lekin bizning fikrimizcha, muharrijlar va as’hobut-tarjih davrini bir bosqich deb hisoblash mumkin, chunki ular ko‘pincha bir davrda yashab, o‘z vazifalarini bajarib kelganlar. Zamon o‘tishi va davr taqozosi bilan islom huquqi, ya’ni fiqh ilmi rivojlanib, asta-sekin tafsir, hadis va boshqa islomiy ilmlardan ajralib bordi. Payg‘ambarimiz hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobalar davri va undan keyin tobeinlar davri qaror topdi.
Hijriy II asrning dastlabki o‘n yilliklarida ilk huquqiy maktablar yuzaga kela boshladi. “Islomda huquq” kitobida ular “qadimiy huquqiy maktablar” deb atalgan. Biz ularni “ilk huquqiy maktablar” deb atadik. Mazkur maktablar hech qanday mushaxxas va konkret tashkilotni ko‘rsatmaydi, ularning foydalanadigan usul va qoidalari tizimga solinmagan va hech qanday rasmiy tus olmagan edi[5]. Ushbu maktablar vakillari bo‘lgan faqihlar o‘z sohalari bo‘yicha iqtidorli kishilar bo‘lib, islom ta’limotiga asoslangan barcha ilmlar, masalan, tafsir, hadis va fiqh ilmlariga qiziqardilar va ular bo‘yicha keng ma’lumot va yuksak malakaga ega edilar. Ular o‘z shaxsiy qiziqishlari asosida musulmonlar jamoasi orasida yuksalib, o‘z ilmu fazilatlari bilan barcha xalq tomonidan ishonch va hurmatga sazovor bo‘lgan edilar.
Ahli sunna val-jamoaga tegishli bo‘lgan ilk huquqiy maktablar quyidagilardan iborat edi:
1. Madina huquqiy maktabi;
2. Makka huquqiy maktabi;
3. Basra huquqiy maktabi;
4. Kufa huquqiy maktabi;
5. Shom huquqiy maktabi.
Basra va Kufa huquqiy maktablari Iroq maktabini tashkil etadi.
Misr o‘ziga xos huquqiy maktabga ega bo‘lmay, boshqa huquqiy maktablar, ayniqsa, Madina maktabi ta’siri ostida edi .
Ilk huquqiy maktablarning mashhur vakillari quyidagilardan iborat edi:
1. Madina maktabi namoyandalaridan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Umar, Zayd ibn Sobit, Said ibn Musayyib, Zuhriy, Yahyo ibn Said va boshqalar.
2. Makka maktabidan Abdulloh ibn Abbos, Sufyon ibn Uyayna, Muslim ibn Xolid.
3. Iroq maktabidan Alqama ibn Qays, Qozi Shurayh, Ibrohim Naxaiy, Hammod ibn Sulaymon, Ibn Abi Laylo.
4. Shom maktabining vakili Abdurahmon Avzo’iy edi.
Fiqh tarixi mutaxassislari ta’kidlashlaricha, Iroq islom huquqining muhim markazlaridan biri edi. Hijriy II asr davomida ham Iroq bu sohada o‘z ustunligini saqlab qoldi[6]. Faqat doktor Muhammad Yusuf Muso turli shaharlarda tashkil topgan huquqiy maktablar qatorida Misrda ham shunday maktab bor ekanligini qayd etib o‘tadi . Ilk huquqiy maktablarning eng muhim jihatlari shundan iborat ediki, birinchidan, ular Qur’onga asoslanar edi va Sunnaga katta e’tibor qaratardi. O‘sha davrlarda qiyos, shariatning asosiy manbai sifatida o‘z rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tmagani uchun, ular ushbu metoddan keng ko‘lamda foydalanmasdilar deyish mumkin[7].
Xulosa:
Zamon o‘tishi bilan islom dini keng miqyosda tarqalib, turli dinlarga mansub kishilar unga o‘tgani, ayrim siyosiy, ijtimoiy va aqidaviy sabablarga ko‘ra musulmonlar orasida yuzaga kelgan qarama-qarshiliklar oqibatida Islom muxoliflari tomonidan ko‘p to‘qima hadislar ishlab chiqilib tarqatila boshlandi va bu hodisa ushbu manbadan qat’iy ishonch bilan foydalanishni og‘irlashtirdi. Shu vaqtlarda hadislarni chuqurroq o‘rganib, tahlil qilish, ular orasidan to‘qima hadislarni chiqarib tashlash va faqatgina haqiqiy hadislar, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadislardan huquqiy manba sifatida foydalanish zarurati yuzaga keldi. Bunday yondashuv bir tomondan hadisshunoslik ilmining rivojlanishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yangi huquqiy maktablarning yuzaga kelishi uchun zamin yaratib berdi. Ilk huquqiy maktablarning ish uslubiga tanqidiy yondashilib, har bir maktab tarkibida yangi uslub tarafdori bo‘lgan olimlar yuzaga keldi. Shunday qilib, ilk huquqiy maktablar negizida to‘rtta asosiy sunniy huquqiy maktab shakllandi va har biri o‘z muhitidagi sharoitga muvofiq rivojlandi. Shu yo‘sinda ahli sunna val-jamoa fiqhi, ya’ni islom huquqi bir mukammal va rivojlangan huquqiy tizim sifatida o‘z taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tdi.
Ro'zimuhammad VAHOBOV,
Surxondaryo viloyati, Sho'rchi tumani
“Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom-xatibi.
[1]Islomda huquq./ To‘plovchilar: Majid Xadduriy va Herbert J.Libesni. (Mualliflar guruhi: Sharq va G‘arbning 12 ta mashhur huquqshunos, islomshunos va sharqshunos olimlari jumlasidan Muhammad Abu Zahra, Subhiy Muhassamoniy, Shukriy Qardoshiy, Abul’alo Mordin, Jozef Shaxt va boshqalar). Tehron–Nyu-York, 1955 y. B.37.
[2]O‘sha asar. B.40.
[3]I.Tabariy. Erondagi dunyoqarashlar va ijtimoiy harakatlar haqida tekshirishlar. Kobul: Davlat chop va nashr qo‘mitasi, 1361 h.y. B.221.
[4]Shayx Muhammad Xuzariybek.Tarixut tashri’il islomiy.Bayrut: 1988. B.14-6.
[5]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. Bayrut: Dorulfikr. 1984. 30-b.
[6]Shayx Muhammad Xuzariybek, Tarixut tashri’il islomiy.Bayrut: 1988. B.149-b.
[7]Vahba Zuhayliy. Islom fiqhi va uning manbalari. J.1. Bayrut: Dorulfikr. 1984. 29-b.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi