Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Cavol: Hozirgi kunda “taqsit savdosi” haqida ko‘p eshitib qolyapmiz. U qanday savdo?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. “Taqsit” savdosi deb savdo molini xaridorga darhol topshirib, bahosini bo‘lib to‘lashga kelishgan holda nasiya qilib sotishga aytiladi. Bunda masalan bir kishi mashinani 10 oyga, har oyda 1000 dan, jami 10 000 ga kelishgan holda sotib oladi.
Bu savdoda sotuvchi xaridorga turli takliflarni kiritganda, masalan, “3 oyga narxi 8000 bo‘ladi, 6 oyga 9000 bo‘ladi, 10 oyga 10 000 bo‘ladi” deganda ikki tomon ham muddat va narxni aniq qilib olishlari kerak bo‘ladi.
Agar xaridor va’da qilgan to‘lovlarini to‘lay olmasa, qarzga ustama qo‘shish mumkin emas, garchi uni oldindan shart qilingan bo‘lsa ham.
O‘ziga to‘q (imkoniyati bor) xaridor ado qilishi kerak bo‘lgan qarzni vaqti kelganda to‘lamasligi shar’an nojoizdir. Bu sotuvchiga zulm qilish, ya’ni katta gunoh bo‘ladi.
Taqsit savdosida sotuvchi xaridorning qarzi muqobilida garov talab qilish haqqiga ega. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.