عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلي الله عليه وسلم قال: مَن أنْفَقَ زَوْجَيْنِ في سَبيلِ اللَّهِ، دَعاهُ خَزَنَةُ الجَنَّةِ، كُلُّ خَزَنَةِ بابٍ: أيْ فُلُ هَلُمَّ، قالَ أبو بَكْرٍ: يا رَسولَ اللَّهِ، ذاكَ الذي لا تَوَى عليه، فقالَ النبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنِّي لَأَرْجُو أنْ تَكُونَ منهمْ. رواه البخاري.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning yo‘lida bir juft (narsa) nafaqa qilsa, uni jannat xozinlari chaqiradi. Har bir eshik xozini: “Ey falonchi, kel bu yoqqa”, (deydi)”, dedilar. Abu Bakr: “Yo Allohning Rasuli, zoye bo‘lmaydigan o‘sha ekan-ku”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sen ulardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar.
Ushbu hadisi sharifda rahmat payg‘ambari Sayyidimiz Nabiy alayhissalom biz ummatni oson, ammo Alloh taoloning huzurida katta darajalarga, ajr-mukofotga yetkazadigan amalga buyuryaptilar. E’tibor bilan qaraladigan bo‘linsa, hadisi sharifda aytilayotgan amalni hammamiz har kuni qila olishimiz mumkin bo‘lgan amalki, hech birimiz Alloh taoloning fazl-u marhamatidan umidimizni so‘ndirmasak ham bo‘ladi.
Hadisi sharifda “bir juft”, deyildi. Bunda har qanday narsadan bir juftni tushunishgan ushbu hadisni sharhlagan ulamolarimiz. Bir juft kiyim, bir juft dirham, bir juft dinor, bir juft non, bir juft taom va hokazo. Insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan, unga foyda berishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tushuniladi. Demak, aynan qaysidir narsaning qanday turini infoq qilish shart emas. Kishi topganini musulmon birodariga ilinib uni sadaqa qilsa hadisi sharifda aytilayotgan va’daga yetishi aniq ekan. Qarang, ushbu hadisi sharifda zikr qilingan amalni ixlos bilan, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amalga oshiradigan bo‘lsak, jannatni hayotimizda doim uchraydigan, hamma ham qila oladigan, oddiy amal bilan qo‘lga kiritishimiz aniq ekan.
Savol tug‘iladiki, bu amalni bir marotaba qilsa kifoyami yoki doimiy shunday amalda bardavom bo‘lish kerakmi? Hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu amalni bir marotaba yoki doim qilgan odamga ushbu va’da yetishi mumkinligini tushunamiz. Mana shunday amalda chin ixlos-la, Alloh taoloning roziligini maqsad qilib sobit bo‘lgan odamga qiyomat kuni har bir Jannat darvozasida turgan farishtalar uni ey, falonchi, bu yoqqa, kel, deya chaqirar ekan.
Boshqa hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim Alloh yo‘lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma’nosi: Alloh yo‘lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi”. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: “Yo Alloh payg‘ambari, ota-onam sizga fido bo‘lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo‘larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?” deb so‘radilar. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha. Siz o‘shalardan bo‘lsangiz kerak”, deb javob berdilar.
Ulamolardan Ibn Abdul Barr rahimahulloh “At-Tamhid” nomli asarlarida (7/184-185 betlar) quyidagilarni aytadilar:
“Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ‘ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg‘or bo‘lolmaydi, birida jonbozlik ko‘rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to‘planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko‘proq odatlangan kishi o‘shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo‘lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). “Kim namoz ahlidan bo‘lsa”, degan so‘zlariga e’tibor bering, ya’ni, “kim namozdan ko‘paytirgan, ko‘p o‘qigan bo‘lsa” degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma’lum. “Kim jihod ahlidan bo‘lsa”, “kim ro‘za ahlidan bo‘lsa” deganlari ham shu ma’noda.
Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so‘zlari ham shunga o‘xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko‘proq uzlatga da’vat etib, zikru namoz, amalni ko‘paytirishga, odamlar bilan hadeb o‘tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo‘lgan edi: (Alloh taolo xuddi rizqlarni bo‘lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo‘ydi; ba’zilarga namozda g‘ayrat berilib, ro‘zada uncha berilmagan bo‘lsa, ayrimlar ro‘zada peshqadam bo‘lib, namozda bunday bo‘lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko‘rsatib, ro‘zada ilg‘or bo‘la olmagan, tag‘in birlar jihodda o‘rnak bo‘lib, namozda o‘rtahol bo‘lgan. Ilmni yoyib, undan ta’lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo‘yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo‘lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman)”. Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.
Demak, hayotimizning jabhalari turlicha. Insonlar ham turli xil tabiat, turli xil qarash, turfa xillik bilan yaratilgan. Ularning dunyo qarashi, qiziqishi, biror bir narsaga bo‘lgan rag‘bati ham turli xil. Mana shularni juda yaxshi bilgan Robbimiz Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmat nabiysi sayyidimiz Muhammad alayhissalomning muborak tillari bilan bizga ta’lim berib aytyaptiki, barchangiz hayotning turli xil jabhalaridan yurib mening roziligimni istanglar, har kim o‘ziga muyassar qilingan amal ila mening roziligimni topishga harakat qilsin! Zero, sizlarning qay biringizni qay bir amali qabul qilinishini Mendan o‘zga hech kim bilmaydi. Sizlarni ko‘zingizga katta ko‘ringan amalni qabul qilmasligim, sizlarning nazdingizda kichik, haqir ko‘ringan amalni qabul qilib, undan rozi bo‘lishim hamda uni amalga oshirgan bandamni jannatimga kiritishim ham mumkin.
Azizlar! Dinimiz barchamizni amalga buyuradi. U katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday amalni ixlos, muhabbat va asosiysi Robbimiz azza va jallaning roziligini istagan holda amal qilishga harakat qilishimiz lozimki, zero, Alloh taolo pokdir, pokni qabul qiladi. Alloh taolo barchamizni solih amallarda sobit qilsin! O‘zining roziligiga yetkazsin! Bizlarni nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarga qovushtirsin! Omin!
Abdulloh Abdulg‘ofir,
TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.
Yoshlarni murg‘aklik vaqti dan ona mehri, ota e’zozi ila tarbiyalab borish ular ning Vataniga muhabbatli, odob-axloqli, ma’rifatli bo‘ lib ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi.
Shonli tariximizda yurtimiz himoyasi yo‘lida jonlarini qur bon qilgan ajdodlarimizning nomlari hali-hanuz yuksak ehti rom ila tilga olinadi. Chunki ular Vatanga muhabbatni amalda isbotlab, kelajak avlodga o‘rnak bo‘ldilar.
Dinimiz ta’limotida kishi ning o‘z Vataniga muhabbatli bo‘ lishi yuksak qadriyatlardan eka ni ta’kidlangan. Imom Abu Homid G‘azzoliy rahimahulloh aytadi: “Bashariyat o‘z yerlarini qanday bo‘lsa, shundayligicha, garchi u yer qa rovsiz, qo‘rqinchli bo‘lsa-da, yaxshi ko‘radilar. Vatanni sevish inson qalbidagi tabiiy tuyg‘u bo‘lib, u in sonni o‘z Vatanida rohat topishiga sabab bo‘ladi. Undan yiroqlashsa, sog‘inadi, unga dushman hujum qil sa, himoya qiladi, u haqda nojoiz gap aytilsa, g‘azablanadi”.
Ibrohim ibn Adham rahi mahulloh aytadi: “Nafs istak larini ibodat bilan muolaja qildim, lekin nafsimning Va tanga intilishiday og‘ir narsa ni topmadim... Men qoldirgan narsalarning birortasi Va tanni tark etishdek og‘ir bo‘l gan emas”. Imom Zamaxshariy rahi mahulloh: “Hamma o‘z Vatanini, yashaydigan yerini, tug‘ilgan jo yini va vatandoshlarini yaxshi ko‘radi”, degan (“Asosul balog‘a”).
Albatta, Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham begona emas. U zot Makkadan chiqib ketayotganla rida unga qarab: “Ey Makka, qancha lar chiroylisan. Sen men uchun eng se vimlisan. Agar qavmim meni sendan quvib chiqarmaganida, sendan boshqa yerda yashamagan bo‘lar edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollal lohu alayhi va sallam qachon safardan qaytsalar va Madinaning devorlari ko‘rina boshlasa, tuyalarining yurishi ni tezlatar, agar xachirda bo‘lsalar, uni niqtar edilar” (Imom Buxoriy ri voyati). Ya’ni, sog‘inchdan shunday qi lar edilar. Alloh taolo biz bandalarini hidoyat yo‘llariga chorlar ekan, jumladan, bunday deydi: «Savobli va taqvoli ishda hamkorlik qilin giz, gunoh va adovat ishlarida ham korlik qilmangiz» (Moida surasi, 2-oyat). Taqvo faqat ibodat qilish yoki sadaqa berishda emas, balki Va tanni sevish, uni asrash ham taqvodir. Alloma Shayx Muhammad Sho kir rahimahulloh aytadi: «“Taqvo” deganda, faqat namoz, ro‘za va shu kabi ibodatlarni tushunmang. Al lohga haqiqiy taqvo qilish hamma narsada bo‘ladi. Rabbingizga ibodat qilishda ham taqvo qiling, unda sustkashlik qilmang. Birodarla ringiz borasida ham Allohga taqvo qiling, ularning birortasiga ozor yetkazmang. Vataningiz borasida ham Allohga taqvo qiling, unga xiyonat qilmang, uni dushmanning qo‘liga topshirib qo‘ymang. O‘z nafsingiz borasida ham Allohga taqvo qiling, uning salomat bo‘lishiga beparvo bo‘lmang, yomon xulq bilan xulqlan tirib qo‘ymang». Demak, oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, umumjamiyat ishlarida hamkorlik qilish zimmamizga farz dir. Bu ishda har kim imkoniyati darajasida o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
Ayniqsa, Vatan ravnaqi, uning tinchligini asrash, turli tahdid lardan himoya qilish nafaqat mudo faa tizimi kishilarining vazifa si, balki hamma qilishi shart bo‘l gan ilohiy ko‘rsatmadir. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadi: “Ummat shu narsaga itti foq qilganki, shariat ahkomlari beshta zarur narsalarni himoya qi lishga qaratilgan. Ular: din, jon, nasl, mol va aql” (“Al-muvofaqot”). Modomiki, Alloh taolo o‘z sharia tini mana shu besh narsani muhofa za qilishga qarata joriy etgan ekan, nima uchun bandaning ana shu narsa larni asrash yo‘lida jon fido qili shi ibodat bo‘lmasin? Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim oilasini himoya qilib o‘ldiril sa, u shahiddir. Kim dinini himoya qi lib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim joni ni himoya qilib o‘ldirilsa, u shahid dir” (Imom Termiziy rivoyati). Imom Bayhaqiy “Sunan”da, Toyalisiy ”Mus nad”da rivoyat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar bir kishi boshqa bir kishining jonini omon qoldirishga ishontirib, so‘ngra uni o‘ldirsa, men u qotildan bezorman, garchi o‘ldirilgan kishi kofir bo‘lsa-da”. Vatangadolik – eng og‘ir kulfat. Inson uchun eng og‘ir jazo ham shu. Shuning uchun ham shariat ahkomla rining jinoyatga jazo berish bobla rida eng jirkanch gunoh qilgan (oi lasi bo‘laturib zino qilgan) kishi larni Vatandan quvg‘in qilish ja zosi belgilangan. Alloh taolo Qur’oni karimda qalbida iymoni yo‘q munofiqlar haqida bunday deydi: «Agar biz ularga: “Yo o‘zlaringizni o‘ldiring yoki vatanlaringizdan chiqib ke tingiz”, deb buyurganimizda edi, oz qismidan boshqasi uni qilma gan bo‘lar edi» (Niso surasi, 66-oyat). Imom Abu Hayyon Andalusiy rahimahulloh aytadi: “Mazkur oyatda vatanni tashlab chiqib ketish juda og‘ir ish ekaniga dalolat bor. Shuning uchun Alloh taolo uni o‘z jo niga qasd qilish bilan birga zikr qildi” (“Bahrul Muhiyt”). Qaysi sa babdan bo‘lishidan qat’i nazar, in son uchun vatandan ayrilish o‘lim bilan barobar musibatdir. Payg‘ambar alayhissalom ayta dilar: “Sizlardan qay biringiz tong otganda uyi tinch, tani sog‘, uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, go‘yoki uning uyida dunyoning hamma ne’matlari mujassam bo‘libdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, inson uchun o‘z uyi da, tinch-osoyishta, vatanida sog‘ va omonlikda umrguzaronlik qilishi katta baxt va buyuk ne’matdir. Ne’matni esa, zoye qilmaslik, ak sincha uni asrab-avaylash, uning shukronasini bajo keltirish har bir banda uchun ham qarz, ham farzdir.
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o‘rinbosari