Bismillahir Rohmanir Rohiym
Isro nima degani?
“Isro” (الإسراء) Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir bo‘lagida Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirishidir.
Me’roj nima degani?
“Me’roj” (المعراج) esa, Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Quddusi sharifdan yuqoriga, ya’ni, O‘zining Huzuriga ko‘tarishidir.
Isro va me’roj kechasi qachon bo‘lgan?
Isro va Me’roj hodisasi yuz bergani haqida Islom ummatida mutlaqo ixtilof yo‘q. Bu haqda Qur’oni karimda: «(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidul Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidul Aqsoga tunda sayr qildirgan Zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U eshituvchi va ko‘ruvchidir» (Isro surasi, 1-oyat), deyilgan.
Ammo qachon sodir bo‘lgani haqida turlicha qarashlar bor. Alloma Muborakfuriy rahimahulloh “Ar-Rahiyqul maxtum” kitobida “Isro va Me’roj” voqeasi qachon sodir bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:
Bu kechaning hikmatlari ko‘p. Ulardan biri –
Isro hodisasi Islom da’vatining eng og‘ir va mashaqqatli davrida sodir bo‘ldi. Bu vaqtda mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kuchli tazyiq o‘tkazishardi. Ularning zulmidan himoya qiluvchi Abu Tolib, Xadiyja binti Xuvaylid onamiz ham vafot etgandi.
Shunday qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me’roj kechasi sodir bo‘ldi. Bu narsa u zotdagi g‘am-tashvishni ketkazish, da’vat yo‘lida sobitqadam bo‘lish, qalbga surur bag‘ishlash uchun tasalli berish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam osmonga qanday qilib ko‘tarildilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Menga Buroq keltirildi. U eshakdan balandroq, xachirdan esa pastroq hayvon bo‘lib, yugurganda tuyog‘ini ko‘zi yetgan joyga tashlab sakrar edi. Unga minib bir lahzada Baytul Muqaddasga yetdim. Masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qib chiqdim. Menga Jabroil bir idishda sharob, ikkinchi idishda sut keltirib tutdi. Men sutni olgan edim, Jabroil: “(Sof) fitratni tanladingiz”, dedi. Keyin biz osmonga ko‘tarildik...” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Nabiy alayhissalom samoda qaysi payg‘ambarlar bilan uchrashdilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “...Birinchi osmonda men Odam alayhissalom bilan ko‘rishdim.
Ikkinchi osmonda Iso va Yahyo alayhimassalom bilan uchrashdim.
Uchinchi osmonda Yusuf alayhissalomni ko‘rdim.
To‘rtinchi osmonda Idris alayhissalomni,
beshinchisida Horun alayhissalomni,
oltinchisida esa Muso alayhissalomni ziyorat qilib, duolarini oldim.
Yettinchi osmonda Ibrohim alayhissalomni Baytul Ma’murga suyanib turganlarini ko‘rdim”.
“Baytul Ma’mur”dan “Sidratul muntaho”ga
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Baytul Ma’murga har kuni yetmish ming farishta kirib, ziyorat qiladib ketar ekan. So‘ng “Sidratul muntaho” daraxti yoniga keldim. Allohning amri bilan bu daraxt shunday go‘zal holga kelgan edi, uni ta’riflashdan inson tili ojiz edi”.
5 mahal namozda 50 mahal namozning savobi bor...
Nabiy alayhissalom: “Alloh shu yerda mening ummatimga ellik vaqt namozni farz qildi. Men Muso alayhissalomning yoniga tushdim va ummatimga buyurilgan farz amalni aytdim.
Muso alayhissalom: “Ummatingiz bu amalni bajarolmaydi, Allohdan yengillatishini so‘rang”, deb qaytardi. Men Muso alayhissalom bilan Alloh o‘rtasida bir necha marta qatnadim, nihoyat Alloh: “Ey Muhammad, sizning ummatingiz uchun har kecha-kunduzda besh vaqt namozni farz qildim va uni ellik vaqt o‘rnida qabul qilaman”, deb marhamat qildi.
Muso alayhissalom yana meni qaytardi. Men endi Allohdan hayo qilaman, deb besh vaqt namozning farzligiga rozi bo‘ldim”.
Bu kecha yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nimalar berildi?
Bu kecha – besh vaqt namoz farz bo‘ldi, Allohga sherik qilmay, gunohlariga tavba qilganlarning kechirilishi haqidagi xushxabar berildi va “Baqara” surasining so‘nggi uch oyati nozil bo‘ldi...
Davron NURMUHAMMAD
Olmaota shahrida O‘zbekistonning “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashabbusi bilan xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, ziyoratchilar oqimini O‘zbekistonga jalb etish hamda “Umra plyus” dasturi doirasida yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.
Yarmarkada 50 nafarga yaqin xorijiy hamkorlar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sohasida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston, Hindiston, Afg‘oniston va Belarus konsullik idoralari vakillari ham qatnashib, xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir doirasida “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yirik turoperatorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, “Umra plyus” dasturi doirasida 2026 yil yakuniga qadar qariyb 10 ming nafar ziyoratchining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, turistik xizmatlar eksportini oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizga xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu yarmarka O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy turoperatorlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir so‘nggida Bosh konsulxona vakillari tomonidan faol ishtirokchilar va hamkorlarga “Umra plyus” xalqaro turizm yarmarkasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati