Suhbat davomida Islom tushunchasi va sivilizatsiyasi xalqaro instituti direktori Abdulaziz Berghout Yangi O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini yuqori baholadi.
Ushbu ilmiy muassasa Malayziyada alohida nufuzga ega institut bo‘lib, bu yerda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan tadqiqotchilar islom ilm-fani, zamonaviy diniy jarayonlar, qadimiy qo‘lyozmalarga oid tadqiqotlarni amalga oshiradi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur institut o‘zining noyob arxitekturaga ega binosi bilan Kuala-Lumpur shahrida alohida ajralib turadi. U Ispaniyada joylashgan musulmon me’morligining noyob namunasi – Algambra (al-hamro) asosida bunyod etilgan. Bu yerda islom ilm-faniga oid minglab qo‘lyozmalar saqlanadi. Ular orasida Beruniy asarlarining qadimiy nusxalarini ko‘rish mumkin.
Institut direktori O‘zbekistondagi xalqaro tadqiqot markazlari bilan birgalikda davra suhbatini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Shuningdek, A.Berghout ushbu institut imkoniyatlaridan foydalanib, Malayziya ilmiy jamoatchiligi uchun O‘zbekistonning qadimiy va boy tarixi, ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati haqida ko‘rgazmalar, ilmiy seminarlar va taqdimotlar o‘tkazish istagida ekanini ta’kidladi.
N.Usmonova, O‘zA
IQNA sayti xabariga ko‘ra, Misrdagi mashhur “Qur’on karim” radioeshittirishi rahbari Ismoil Duvaydar uzoq tanaffusdan so‘ng mashhur “Mus'haf muallim” dasturi yana efirga qaytganini ma’lum qildi. Dastur har kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:45 da efirga uzatiladi. Uni Sa’d al-Mut’aniy olib boradi.
Ushbu dastur Qur’on karimni yangi o‘rganayotgan va yod olishni istagan kishilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda tajvid qoidalariga muvofiq to‘g‘ri talaffuz o‘rgatiladi. Dasturda Shayx Mahmud Xalil Husariyning tilovatlari asos qilib olingan.
Shuningdek, Qur’on karim radioeshittirishi Misr Vaqflar vazirligi bilan hamkorlikda har kuni diniy tanlov ham o‘tkazmoqda. G‘oliblardan ikki nafariga 2 500 misr funti miqdorida mukofot beriladi. Tinglovchilarning savoliga javobni (sura va oyat raqami) vazirlikning “Facebook” sahifasidagi maxsus havola orqali yuborishlari lozim.
Ismoil Duvaydar ta’kidlashicha, radioeshittirish hozirda Misrning yetuk qori va mashhur ulamolari marhum shayx Abdufattoh Sha’sha’iyning ilgari efirga uzatilmagan noyob tilovatlarini ham taqdim etmoqda. Bu tilovatlarni shayxning oilasi radioeshittirishga sovg‘a qilgan.
Shuningdek, shayx Mustafo Ismoilning nabirasi tomonidan berilgan 18 ta noyob tilovat ham ushbu boy jamg‘armaga qo‘shildi. Shu bilan birga, Shayx Muhammad Rif’at, Shayx Abdulbosit Abdussomad va Shayx Muhammad Tabloviy kabi mashhur yetuk qorilarning tilovatlari ham efirda yangramoqda.
Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.