Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Alloh taoloning huzurida duodan ko‘ra mahbub narsa yo‘q bo‘lib, duo ibodatning mag‘zi hisoblanadi (Termiziy sharif);
2. Duoning avvali va oxirida Alloh taologa hamdu sano va ikki olam sarvari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga durud yuborish masnundir. «Fazoilu durudi sharif» nomli kitobda duoning o‘rtasida ham durud o‘qish sunnat deyilgan;
3. Duoning qabul bo‘lishiga aniq ishonib, butun diqqat-e’tiborni Alloh taologa qaratib duo qilish lozim;
4. Duoda kishi o‘zining xokisorligi, tavozu’si va ojizligini namoyon qilishi lozim;
5. G‘aflatda, e’tiborsizlik bilan qilingan duo qabul bo‘lmaydi. Shuning uchun qisqa, keng qamrovli duo qilish lozim;
6. Harami sharif va maxsus joylarda qilingan duolar maqbuliyatga yaqin bo‘ladi;
7. Hoji va umra qiluvchilarning duolari Alloh taoloning huzurida qabulga yaqinroqdir. Hadisda «Hojilar mag‘firat qilinadilar. Shunday ekan, gunohlari mag‘firat qilingan hojilar boshqalarning ham mag‘firat qilinishini so‘rab duo qilsinlar», deyilgan;
8. Arabiy lafzda naql qilingan duolarni yodlamagan kishi maxsus joylarda kitobga qarab duo o‘qishi mumkin;
9. Arab tilida naql qilingan duolarni kitobga qarab o‘qishga qiynalgan kishi dilidagi murodlarini o‘z tilida so‘rashi mumkin.
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son