Ramazonni shukuhli kunlarida kishilar qalbiga quvonch ulashishi xayrli amallardan sanaladi. Ayniqsa, ehtiyojmand, etim, beva-bechora va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni xursand qilish, ularga mehr-muruvvat, hadyalar taqdim etish nihoyatda savobli ishdir.
Bugun mamlakatimiz bo'ylab bunday saxovat ishlari keng quloch yoydi.
Shu kunlarda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov tashabbusi bilan Samarqand shahar “O'zbekkenti” MFYda joylashgan, “Kelajak vorislari” nomidagi oilaviy bolalar muruvvat uyida ularning qalbida xursandchilik va baxtiyorlik hissini uyg'otish maqsadida iftorlik dasturxoni tashkil qilindi. Unda Samarqand shahar va Oqdaryo tumanlaridan kelgan 19 nafar o'g'il-qizlar va ularning vasiylari ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirok etayotgan har bir oilaviy bolalar muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari hamda vasiylik va homiylikka olingan bolalarga televizor qurilmasi hamda boshqa ehtiyoji bor buyumlar “Ramazon hadyasi” sifatida topshirildi.
Bunday xayriya ishlari Samarqand shahar “Imom Vose” va “Zominiy” MFYlarda davom etdi. U erda yashovchi, kam ta'minlangan oilalardan xabar oliindi. Iftorlik dasturxonida Zayniddin domla yig'ilganlarga “Ramazon oyining barakoti va fazilatlari” hamda “Sabr qiluvchilarga Alloh taolodan ulkan ajrlar bor” mavzularida ma'ruza qildi. Shu bilan birga xonadon egalariga “Ramazon hadyalari”ni topshirdi.
Shu kunlarda viloyatdagi boshqa hududlarda ham faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar tomonidan aholining 100 ga yaqin nogironligi bor, kam ta'minlangan, bemor, boquvchisini yo'qotgan holidan xabar olinib, ularga “Ramazon hadya”lari ulashildi.







O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati