Cavol: Tishimni davolatdim. Tahoratim bor edi, lekin shifokor tishimni tozalayotganda qon chiqib ketdi. Shundan keyin plombalab qo‘ydi. Endi tahoratlarim chala bo‘lib qolmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar zarurat tufayli tish qoplatish va qoplama (plomba) qo‘yishni joiz deyishgan. Chunki buni davolanish deb hisoblanadi. Bu holatda bemor tahoratli, pok bo‘lishi shart qilinmagan. Tish, qoplama qo‘ydirgandan keyin tahorat yoki g‘uslda og‘zini chayqaganda qoplangan tishning ustini yuvish ostini yuvish o‘rniga o‘tadi. Chunki ulamolar jarohat ustiga biror narsani bog‘lash vaqtida tahoratli bo‘lish shart emas, deyishgan. Qoplangan tish va plombalar ham mana shu hukmga tushadi (“Al-lubob fi sharhil kitob” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «(Umrida) aslo yaxshilik qilmagan bir kishi o‘z ahliga: «O‘lsam, (jasadimni) kuydirib, yarmini quruqlikka, yarmini dengizga sochib yuboringlar. Allohga qasamki, agar Alloh meni topib olsa, hech kimga bermagan azobi bilan azoblaydi», dedi.
O‘sha odam o‘lgach, buyurganidek qilishdi. Alloh quruqlikka buyurdi, u (kulning) o‘zidagi qismini to‘pladi, so‘ng dengizga buyurdi, u ham uning o‘zidagi qismini to‘pladi. Keyin U Zot: «Nega bunday qilding?» dedi. U: «Sendan qo‘rqqanimdan, yo Robbim! Axir O‘zing bilguvchisan!» dedi. Shunda Alloh uni mag‘firat qildi» (Imom Muslim rivoyati).