Bismillahir Rohmanir Rohiym
Germaniyaga Islom dini XVI-XVII asrlarda yoyila boshladi. Bunga Usmonlilar sultonligi bilan diplomatik, harbiy va iqtisodiy munosabatlar zamin yaratdi. XVIII asr boshlarida Prussiya qiroli Fridrix Vilhelm I qo‘shinida musulmon askarlar xizmat qilgani tarixdan ma’lum. 1745 yili qirol Fridrix II boshnoq, alban va tatarlardan iborat musulmon lashkariy bo‘linmasini tuzgan.
Germaniyadagi ilk masjid 1915 yili Berlinning Vunsdorf tumanida ochildi. 1922 yili Berlin Islom uyushmasiga asos solindi, u 1930 yili Olmon musulmonlari idorasiga aylandi. 1927 yili musulmonlar oliy ta’lim muassasasi – Ma’hadul Islom ish boshladi. Bu institut hozir Germaniya markaziy islomiy arxiv instituti deb ataladi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng mamlakatda ishchi kuchiga talab keskin oshdi. Chunki urush tufayli aholining mehnatga yaroqli qismi juda kamayib ketgan, bolalar, yarador va nogironlar esa katta hajmdagi ishni bajara olmasdi. 1961 yildan boshlab G‘arbiy Germaniya hukumati xorijiy ishchilarni mamlakatga taklif etdi. Turkiya, Marokash va Tunisdan kelgan mehnat muhojirlarining aksariyati musulmonlar edi. Ikki Germaniya birlashgach, Yugoslaviya, Livan, Falastin va Afrika mamlakatlari vakillari ham o‘lkada qo‘nim topdi. Mahalliy aholi orasida Islom dinini qabul qilganlar ko‘paydi. Bugun Germaniyada besh millionga yaqin musulmon yashaydi.
Germaniya musulmonlari asosan sunniylik mazhabida. Mamlakatda 2500 dan ortiq namozxona, 240 ta masjid faoliyat yuritadi. 2008 yil kuzida Duysburgda ochilgan masjid nafaqat Germaniyadagi, balki butun Yevropadagi eng katta masjiddir.
Quyi Saksoniya kriminologiya tadqiqot instituti (KFN) tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, musulmon talabalarning aksariyati (67,8 foiz) Qur’on qoidalari Germaniya qonunlaridan muhimroq, deb hisoblaydi. Respondentlarning deyarli yarmi (45,8 foiz) islom teokratiyasi boshqaruvning eng yaxshi shakli degan qarorga kelgan.
Germaniyada o‘quvchilarning ota-onalari ko‘proq maslahat markazlariga murojaat qilmoqda, chunki ularning nasroniy farzandlari maktabda ajralib qolmaslik uchun islom dinini qabul qilishni xohlaydi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Germaniyada musulmon bolalar soni keskin oshgan. Yirik shaharlardagi maktablarda nasroniy o‘quvchilar soni kamaygan.
Oxirgi sakkiz yil ichida immigratsiyaning yuqori darajasi tufayli maktablarda musulmon o‘smirlar va bolalar ulushi sezilarli darajada oshdi. Bundan tashqari, ko‘plab bolalar qat’iy dindor oilalardan keladi: xususan, bular ko‘pincha Suriya, Afg‘oniston va Iroqdan kelgan muhojirlardir.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimi ba’zi maktablardagi musulmon o‘g‘il bolalar o‘zini "g‘arbcha" tutadigan qizlarga "bosim o‘tkazishini" da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning ishlari ko‘pligi sababli bunday vaziyatlarga munosabat bildirishga vaqtlari yo‘q.
Germaniyaning Berlin, Frankfurt yoki Essen kabi yirik shaharlarida musulmon o‘quvchilar ulushi 80 foizdan oshgan maktablar mavjud.
Sh.Badiyev,
Toshkent Islom instituti "Ijtimoiy fanlar" kafedrasi o‘qituvchisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan