Zayniddin domla ESHONQULOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Fotiha surasi 7 oyatdan, 27 so‘z va 140 harfdan iborat.
Fotiha Qur’oni karimning birinchi surasidir. Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi. Bu sura “Ummul Kitob” (Kitobning onasi) deb ham ataladi. Sababi Fotiha Qur’onning mazmunini, Islom dini asoslarini o‘zida jamlagan.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn Ummul Qur’on, Ummul Kitob, Sab’ul masoniy (yetti takrorlanuvchi) va Al-Qur’anul aziym (ulug‘ Qur’on)dir”», dedilar.
Fotiha surasi “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa’id roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotiha surasini “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Fotihatul Kitob – Arshimning xazinalaridan bir xazinadir”».
Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.
Hasan Basriy rahimahulloh bu sura haqida: “Alloh taolo avvalgi kitoblardagi barcha ilmlarni Qur’onga jamladi. So‘ngra, Qur’onni ham mufassal holda jamlab, uni Fotiha surasiga kiritdi. Kim Fotiha surasining tafsirini bilsa, Qur’onning nozil qilingan barcha ma’nolarini tushunibdi”, degan.
Mahmud Zamaxshariy “Kashshof” asarida quyidagilarni keltiradi: “Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri-ma’ruf va nahiy-munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi”.
Faxriddin Roziy “Mafotihul-g‘ayb” asarining Fotiha surasi tafsirida: “Fotiha surasi ilohiyot, oxirat, nubuvvat, qazo va qadar masalalarini o‘zida jamlagandir.
Alloma Husayn ibn Abdulloh Tiybiy “Sharh al-Kashshof” asarida Fotiha surasini quyidagicha sharhlagan: “Fotiha surasi dinning ustuni bo‘lgan to‘rt ilmni o‘z ichiga olgan”.
Birinchisi, shariatning asosi bo‘lgan va Alloh azza va jallaning sifatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilm. Ushbu ma’nolar «Hamd olamlarning Robbi – Allohgakim, (U) Mehribon, Rahmli va jazo (va mukofot) kunining (qiyomat kunining) egasidir» (Fotiha surasi, 1-3-oyatlar)oyatlarida jamlangan.
Ikkinchisi, ibodat masalalariga taalluqli bo‘lgan ilm. Bu ilmning barchasi «Sengagina ibodat qilamiz…» (Fotiha surasi, 4-oyat) oyatida jam bo‘lgan.
Uchinchisi, kamolotga yetkazuvchi odob-axloq masalalari. Suraning «…Sendangina yordam so‘raymiz. Bizni shunday to‘g‘ri yo‘lgayo‘llaginki…» (Fotiha surasi, 4-5-oyatlar)oyatlari barcha axloqiy masalalarning mazmunini qamrab oladi.
To‘rtinchisi, o‘tgan solih zotlar va zolim kimsalar to‘g‘risida xabar qilingan qissalardir. Ularning yetkazilishidan murod – yaxshilarga berilgan ne’matlar va yomonlarga ko‘rsatilgan jazolardan ibratdir. Xususan, suradagi «u Sen in’om etgan zotlarning yo‘li (hidoyat yo‘li) bo‘lsin, g‘azabga uchragan va adashganlarning emas!» (Fotiha surasi, 6-7-oyatlar) oyati Qur’onda zikri kelgan barcha qissalarning mazmunini ifodalaydi.
Imom G‘azzoliyning “Xovoss al-Qur’on al-karim” asarida Fotiha surasi haqida bunday deyilgan: “Surada jamiki itoat qiluvchi solih bandalarning sifati aniq va ravon bayon etilgan”.
O‘MI Matbuot xizmati