Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446
Yangiliklar

Hayrat va havas, ibrat va ma’rifat maskani

30.01.2025   2447   4 min.
Hayrat va havas, ibrat va ma’rifat maskani

Bu yerdan deyarli har kuni o‘tamiz. Ko‘pincha xizmat yuzasidan, ba’zan qadrdonlarni yo‘qlab, hol-ahvol so‘raymiz, tabarruk maskanlarni ziyorat qilamiz. Toshkentning qoq yuragida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taalluqli muhtasham, muazzam, salobatli majmua har kimning - xoh yurtdoshlarimiz, xoh dunyoning narigi chekkasidan kelgan sayyoh bo‘lsin, barining e’tibori, hayrati va havasi, hayajoniga sabab bo‘layotgan betakror, go‘zal, ulug‘vor, fayzli maskan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qad rostlagan bu majmua  aslida davlat rahbarining xalqchil, ezgulik va savobga, ibratga yo‘g‘rilgan tashabbusining mevasi. Negaki, azaldan xalqimiz qalbida islom ma’rifati yashab kelgan. Bu yog‘du eng og‘ir sharoitlarda ham odamlar ongu shuuri, yuragini aslo tark etmagan. Hatto serzug‘um sho‘rolar davrida ham pokiza imon-e’tiqod, islom nuri ota-bobolarimizga mudom hamroh bo‘lgan.  

Xonadonlar to‘rida avaylab saqlangan Qur’oni Karim, dasturxon ustidagi duolar, savobli an’analar, yumushlarning bardavomligi buning yorqin dalilidir. Onalarimiz umrining poyonida ham muqaddas kitoblar mutolaasiga sho‘ng‘iganlar. Zero, Oyati kalimadagi mo‘jizakor satrlar har qanday g‘amgin, iztirobli, g‘ussaga to‘lgan qalblarga taskin, huzur, sokinlik bag‘ishlaydi. Demoqchi bo‘lganimiz, islomning hayotbaxsh quvvati, ziyosidan bahramand bo‘lish bizlarni bir lahzaga bo‘lsa-da, sira tark etmagan.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida bundan bir necha yillar avval tamal toshi qo‘yilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nainki buyuk ajdodlarimiz merosidan faxrlanish, balki taraqqiyot sari yuz tutgan yangi O‘zbekistonimizda Uchinchi Renessans  asoslarini barpo etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan qadrlidir.  

Aytish kerakki, uch qavatli, g‘oyat ko‘rkam ushbu bino mukammal tarzda barpo etilishi bilan birga, undagi ilmiy-ma’rifiy kontentlar, ekspozitsiya zargarona, mukammal, chuqur ilmiy-fundamental asosda  shakllantirilgan. Bu yerda “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi.  

2024 yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumlar, anjumanlar, Madaniy meros haftaliklari, muloqotlar, mashvaratlar majmua fondini bafurja, to‘kis, asosli, qiziqarli, har jihatdan pishiq-puxta yaratish uchun yaxshigina poydevor bo‘ldi.  

Mamlakatimizning din sohasi bilimdonlari, olimlar, ulamolar, tarixchilar, restavratorlar, muzeyshunoslar, kutubxonachilar, noshir va xattotlar, dizaynerlar, manbashunoslar, raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, rassomlar, mohir usta va hunarmandlar, muhandislar bunday ezgu ishga o‘z g‘oya va takliflari, fikrlari, ijodiy loyihalari bilan munosib hissa qo‘shdilar.  

Ayni paytda yurtimiz olimlari bilan birga, eng yetakchi davlatlarning olim va mutaxassislari, yirik universitetlar, muzey va kutubxonalarning, ilmiy markazlar vakillari davlatimiz rahbarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy ekspozitsiyasi konsepsiyasini yaratishga oid tashabbusi atrofida faol birlashdilar.  

Ushbu majmuani xalqimizga to‘laqonli taqdim etish g‘oyasi Prezidentimizni doimiy o‘ylantirib, yaxshi ma’noda tashvishga solib kelayotgani, uning hayotga joriy etilishi yo‘lida doimiy amaliy g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatib kelinayotgani mamlakatimizda xalqning ma’rifati, ma’naviy yuksalish masalalari ehtimolki, har qanday sohalardan ustuvor, muhim va dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 29 yanvar kuni  ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishuvi chog‘ida yurtimizda islom madaniyati bilan bog‘liq qo‘hna tarix bir joyda – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mujassam bo‘lishini alohida ta’kidladi.  

Shubhasizki, ushbu tabarruk majmua yangi O‘zbekistonning ulug‘ bunyodkorlik ramzi, betakror ma’naviy-ma’rifiy merosimiz,  boy tariximiz, kelajakka intilayotgan ona-Vatanimizning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylanajak. 

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

30.01.2025   2302   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolovning buvilari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!


Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Muzaffar domla Kamolovga hamdardlik bildiramiz.


Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering». 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari