Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446
Yangiliklar

Hayrat va havas, ibrat va ma’rifat maskani

30.01.2025   6997   4 min.
Hayrat va havas, ibrat va ma’rifat maskani

Bu yerdan deyarli har kuni o‘tamiz. Ko‘pincha xizmat yuzasidan, ba’zan qadrdonlarni yo‘qlab, hol-ahvol so‘raymiz, tabarruk maskanlarni ziyorat qilamiz. Toshkentning qoq yuragida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taalluqli muhtasham, muazzam, salobatli majmua har kimning - xoh yurtdoshlarimiz, xoh dunyoning narigi chekkasidan kelgan sayyoh bo‘lsin, barining e’tibori, hayrati va havasi, hayajoniga sabab bo‘layotgan betakror, go‘zal, ulug‘vor, fayzli maskan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qad rostlagan bu majmua  aslida davlat rahbarining xalqchil, ezgulik va savobga, ibratga yo‘g‘rilgan tashabbusining mevasi. Negaki, azaldan xalqimiz qalbida islom ma’rifati yashab kelgan. Bu yog‘du eng og‘ir sharoitlarda ham odamlar ongu shuuri, yuragini aslo tark etmagan. Hatto serzug‘um sho‘rolar davrida ham pokiza imon-e’tiqod, islom nuri ota-bobolarimizga mudom hamroh bo‘lgan.  

Xonadonlar to‘rida avaylab saqlangan Qur’oni Karim, dasturxon ustidagi duolar, savobli an’analar, yumushlarning bardavomligi buning yorqin dalilidir. Onalarimiz umrining poyonida ham muqaddas kitoblar mutolaasiga sho‘ng‘iganlar. Zero, Oyati kalimadagi mo‘jizakor satrlar har qanday g‘amgin, iztirobli, g‘ussaga to‘lgan qalblarga taskin, huzur, sokinlik bag‘ishlaydi. Demoqchi bo‘lganimiz, islomning hayotbaxsh quvvati, ziyosidan bahramand bo‘lish bizlarni bir lahzaga bo‘lsa-da, sira tark etmagan.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida bundan bir necha yillar avval tamal toshi qo‘yilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nainki buyuk ajdodlarimiz merosidan faxrlanish, balki taraqqiyot sari yuz tutgan yangi O‘zbekistonimizda Uchinchi Renessans  asoslarini barpo etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan qadrlidir.  

Aytish kerakki, uch qavatli, g‘oyat ko‘rkam ushbu bino mukammal tarzda barpo etilishi bilan birga, undagi ilmiy-ma’rifiy kontentlar, ekspozitsiya zargarona, mukammal, chuqur ilmiy-fundamental asosda  shakllantirilgan. Bu yerda “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi.  

2024 yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumlar, anjumanlar, Madaniy meros haftaliklari, muloqotlar, mashvaratlar majmua fondini bafurja, to‘kis, asosli, qiziqarli, har jihatdan pishiq-puxta yaratish uchun yaxshigina poydevor bo‘ldi.  

Mamlakatimizning din sohasi bilimdonlari, olimlar, ulamolar, tarixchilar, restavratorlar, muzeyshunoslar, kutubxonachilar, noshir va xattotlar, dizaynerlar, manbashunoslar, raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, rassomlar, mohir usta va hunarmandlar, muhandislar bunday ezgu ishga o‘z g‘oya va takliflari, fikrlari, ijodiy loyihalari bilan munosib hissa qo‘shdilar.  

Ayni paytda yurtimiz olimlari bilan birga, eng yetakchi davlatlarning olim va mutaxassislari, yirik universitetlar, muzey va kutubxonalarning, ilmiy markazlar vakillari davlatimiz rahbarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy ekspozitsiyasi konsepsiyasini yaratishga oid tashabbusi atrofida faol birlashdilar.  

Ushbu majmuani xalqimizga to‘laqonli taqdim etish g‘oyasi Prezidentimizni doimiy o‘ylantirib, yaxshi ma’noda tashvishga solib kelayotgani, uning hayotga joriy etilishi yo‘lida doimiy amaliy g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatib kelinayotgani mamlakatimizda xalqning ma’rifati, ma’naviy yuksalish masalalari ehtimolki, har qanday sohalardan ustuvor, muhim va dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.  

Davlatimiz rahbarining 29 yanvar kuni  ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishuvi chog‘ida yurtimizda islom madaniyati bilan bog‘liq qo‘hna tarix bir joyda – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mujassam bo‘lishini alohida ta’kidladi.  

Shubhasizki, ushbu tabarruk majmua yangi O‘zbekistonning ulug‘ bunyodkorlik ramzi, betakror ma’naviy-ma’rifiy merosimiz,  boy tariximiz, kelajakka intilayotgan ona-Vatanimizning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylanajak. 

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ilmli bo‘lmasa ham, puldor bo‘lsin!

09.04.2025   4485   1 min.
Ilmli bo‘lmasa ham, puldor bo‘lsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilm – insoniyatni zulmatdan nurga eltuvchi bebaho ne’mat. Tolibi ilmning Alloh huzuridagi martabasi har qanday boylik va dunyoviy ne’matlardan yuksak ekani shubhasiz. Ushbu satrlarni yozishdan maqsad ilmning qadrini bayon qilish emas, balki yuragimni larzaga keltirgan bir haqiqatni siz bilan o‘rtoqlashishdir.

Madrasani bitirgan ikki do‘stim bor – har jihatdan solih, taqvodor, ixlos bilan ilm talab qilgan yigitlar. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlarni nikohga targ‘ib qilgan hadislariga labbay deb, hayotdagi eng go‘zal qadam – oilaviy hayot sari intilishdi.

O‘zlariga munosib turmush o‘rtoq izlashga kirishganlarida, men ichimda shunday o‘yladim: Kim o‘z qiziga mana shunday fazilatli yigitni orzu qilmaydi? Kim solih yigitga yo‘q deya oladi?”.

Lekin hayotning mezonlari boshqacha ekan.

Qizning ota-onalari avvalo yigitning qalbini, imonini, taqvosini emas, balki uning moddiy imkoniyatlarini o‘lchay boshlashdi: Talaba yigit ekan, qizimni qanday boqadi? Qayerda yashaydi? Mashinasi bormi?”.

Ha, bu dunyo sinov bilan to‘la… Farzandining to‘kin hayotda yashashini istagan ota-onani ham tushunsa bo‘ladi, ammo ular rizqni beruvchi Alloh ekanligini unutishdi. Ular tolibi ilm – dunyodagi eng afzal insonlardan sanalishini esdan chiqardilar.

Bu sinovdan qalblari ezilgan do‘stlarimga dalda bo‘lish uchun shuni aytmoqchiman: Sizlar rad etilmadingiz, Alloh sizlarga hali zohir bo‘lmagan bebaho marjonlarini tayyorlab qo‘ygan. Balki sizlar uchun bu kechikish – Allohning rahmati, hayotingizga eng munosib, eng go‘zal insonni olib kelish uchun bitilgan taqdir yo‘lidir. Unutmang, dunyo sinov, ammo har bir sinov ortida bir hikmat bor.


Fotih MURRI