Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qad rostlagan bu majmua aslida davlat rahbarining xalqchil, ezgulik va savobga, ibratga yo‘g‘rilgan tashabbusining mevasi. Negaki, azaldan xalqimiz qalbida islom ma’rifati yashab kelgan. Bu yog‘du eng og‘ir sharoitlarda ham odamlar ongu shuuri, yuragini aslo tark etmagan. Hatto serzug‘um sho‘rolar davrida ham pokiza imon-e’tiqod, islom nuri ota-bobolarimizga mudom hamroh bo‘lgan.
Xonadonlar to‘rida avaylab saqlangan Qur’oni Karim, dasturxon ustidagi duolar, savobli an’analar, yumushlarning bardavomligi buning yorqin dalilidir. Onalarimiz umrining poyonida ham muqaddas kitoblar mutolaasiga sho‘ng‘iganlar. Zero, Oyati kalimadagi mo‘jizakor satrlar har qanday g‘amgin, iztirobli, g‘ussaga to‘lgan qalblarga taskin, huzur, sokinlik bag‘ishlaydi. Demoqchi bo‘lganimiz, islomning hayotbaxsh quvvati, ziyosidan bahramand bo‘lish bizlarni bir lahzaga bo‘lsa-da, sira tark etmagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida bundan bir necha yillar avval tamal toshi qo‘yilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nainki buyuk ajdodlarimiz merosidan faxrlanish, balki taraqqiyot sari yuz tutgan yangi O‘zbekistonimizda Uchinchi Renessans asoslarini barpo etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlashi bilan qadrlidir.
Aytish kerakki, uch qavatli, g‘oyat ko‘rkam ushbu bino mukammal tarzda barpo etilishi bilan birga, undagi ilmiy-ma’rifiy kontentlar, ekspozitsiya zargarona, mukammal, chuqur ilmiy-fundamental asosda shakllantirilgan. Bu yerda “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi.
2024 yilda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro forumlar, anjumanlar, Madaniy meros haftaliklari, muloqotlar, mashvaratlar majmua fondini bafurja, to‘kis, asosli, qiziqarli, har jihatdan pishiq-puxta yaratish uchun yaxshigina poydevor bo‘ldi.
Mamlakatimizning din sohasi bilimdonlari, olimlar, ulamolar, tarixchilar, restavratorlar, muzeyshunoslar, kutubxonachilar, noshir va xattotlar, dizaynerlar, manbashunoslar, raqamli texnologiyalarning bilimdonlari, rassomlar, mohir usta va hunarmandlar, muhandislar bunday ezgu ishga o‘z g‘oya va takliflari, fikrlari, ijodiy loyihalari bilan munosib hissa qo‘shdilar.
Ayni paytda yurtimiz olimlari bilan birga, eng yetakchi davlatlarning olim va mutaxassislari, yirik universitetlar, muzey va kutubxonalarning, ilmiy markazlar vakillari davlatimiz rahbarining O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy ekspozitsiyasi konsepsiyasini yaratishga oid tashabbusi atrofida faol birlashdilar.
Ushbu majmuani xalqimizga to‘laqonli taqdim etish g‘oyasi Prezidentimizni doimiy o‘ylantirib, yaxshi ma’noda tashvishga solib kelayotgani, uning hayotga joriy etilishi yo‘lida doimiy amaliy g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatib kelinayotgani mamlakatimizda xalqning ma’rifati, ma’naviy yuksalish masalalari ehtimolki, har qanday sohalardan ustuvor, muhim va dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbarining 29 yanvar kuni ulkan va noyob loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishuvi chog‘ida yurtimizda islom madaniyati bilan bog‘liq qo‘hna tarix bir joyda – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mujassam bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Shubhasizki, ushbu tabarruk majmua yangi O‘zbekistonning ulug‘ bunyodkorlik ramzi, betakror ma’naviy-ma’rifiy merosimiz, boy tariximiz, kelajakka intilayotgan ona-Vatanimizning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylanajak.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
Hayotingiz davomida biror kishiga zulm qilmang!
Agar siz ota bo‘lsangiz, farzandlaringizga zulm qilmang!
Bordi-yu, siz rahbar bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagilarga zulm qilmang!
Katta bo‘lsangiz, kichiklarga zulm qilmang!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazlumning duosidan ogoh etib, bunday deganlar: “Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir”[1].
Yana boshqa bir hadisda aytadilar: “Musulmon musulmonga birodardir. Unga zulm ham qilmaydi va (zulm qarshisida uni ) tashlab ketmaydi ham”[2].
Umar ibn Abdulaziz bir vakiliga: “Agar qudrating inson zotiga zulm qilishga undasa, Alloh taoloning ustingda soya solib turgan qudratini yodga olgin”, deya maktub yozgan edilar.
Muoviya roziyallohu anhu aytadilar: “Allohdan o‘zga madadkori bo‘lmagan kishiga zulm qilishdan hayo qilaman”.
Najoshiy aytadi: “Saltanat kufr birla yashamog‘i mumkin, ammo uning zulm bilan boqiy qolishi amrimahol”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Mazlumning badduosidan ehtiyot bo‘ling! Chunki uning duosi bulutlar uzra ko‘tariladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolim haqqi, birozdan keyin bo‘lsa-da, senga, albatta, nusrat beraman”[3], deydi».
Shoir aytadi:
Zulm etma, bo‘lsang-da olam aro zo‘r,
Razolat so‘ngida nadomat bisyor.
Sen uyqu bag‘rida yotganingda hur,
Mazluming qarg‘agay ko‘zlari bedor.
Abu Mas’ud Badriy roziyallohu anhu aytadi: «Men qulimni qamchi bilan urayotgan edim. Ortimdan kimningdir “Bilgin, ey Abu Mas’ud” degan ovozini eshitdim. Achchiqlanib turganim uchunmi, bu gapni yaxshi anglamadim. Menga yaqinlashgan paytda qarasam, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar. U zot bunday derdilar: “Bilgin, ey Abu Mas’ud, bilib qo‘y, ey Abu Mas’ud”. Men qo‘limdagi qamchini tashlab yubordim. U zot: “Bilginki, sening mana bu qulga bo‘lgan qudratingdan ko‘ra, Alloh taolo sening ustingda qudratliroqdir”. Men: “Endi hech qachon qullarimni urmayman”, dedim. Hadisning boshqa rivoyatida: “O‘girilib qarasam Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. Men shu zahoti: “Ey Allohning Rasuli, u Allohning yo‘lida ozoddir”, dedim.
Shunda Nabiy alayhissalom: “Mabodo shunday qilmaganingda, seni do‘zax yondirardi”[4], dedilar.
Siz ham qo‘l ostingizdagilarni urishdan saqlaning va yaqinlaringizdan biror kishiga zulm qilishdan ehtiyot bo‘ling.
Shoir aytadi:
Kishiga og‘irdur xanjar tig‘idan,
Olgan jarohati eng yaqinidan.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Abu Xaysama rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.