Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli

30.01.2025   11583   6 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Bu majmua tariximizda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.

Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari  uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.

Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi  me’moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.

– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi.

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.

– Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi Prezident.

Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerak.

– Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning me’moriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma’naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani e’tiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy o‘zligimizni anglash va anglatish, – dedi davlatimiz rahbari.

Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma’no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.

Bunday loyihalar ko‘p joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan o‘nlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.

Toshkentning eski shahar hududi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday ko‘cha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham obodonlashtirilmoqda.

Endi bularga uyg‘un ravishda gastronomik va turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta ko‘cha va 32 ta berk ko‘cha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning o‘ziga xos me’moriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha infratuzilmalar yaratiladi.

Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga ko‘payadi, 1 ming 500 ta ish o‘rni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda.

Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

https://president.uz/uz/lists/view/7843 

Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli Islom sivilizatsiyasi markazi – milliy o‘zligimiz, ilm-fan, ta’lim va madaniyat timsoli
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Olim quyoshga o‘xshaydi...

23.07.2025   6106   8 min.
Olim quyoshga o‘xshaydi...

Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.

Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.

Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.

Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.

Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.

«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».

Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.

Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.

So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...

Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.

Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.

Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.

Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.

Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.

Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: Din, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: Din va mol, dedi. Agar uchta bo‘lsa-chi? dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.

Otasi: Din, mol, hayo va chiroyli xulq, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik, deb javob berdi. O‘g‘il yana: Oltita bo‘lsa-chi? deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.

Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.

Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.

Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.