frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

30.01.2025   23088   2 min.
Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rajab oyi nihoyasiga yetib, Sha’bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo‘llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha’bon deb nomlangan.

Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish oyi sanaladi. Sha’bon oyi Qur’on ko‘p tilovat qilinadigan va ko‘p ro‘za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko‘p ro‘za tutardilar.

Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha’bondagidan ko‘p ro‘za tutmas edilar. Zotan, u zot sha’bonning hammasida ro‘za tutar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g‘aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko‘tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha’bonda ro‘za tutganingizdek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim", deb so‘radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g‘ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a’lamiynga ko‘tariladi. Mening amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ulamolar: "Sha’bon oyida bir yillik amallar Allohga ko‘tariladi", deganlar.

O‘tgan solihlar bu oyda yanada ko‘proq Qur’on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha’bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lardilar.

Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha’bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.

Shuningdek, o‘tgan solihlar bu oyda miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag‘allar Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha’bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur’oni karimning tilovatini ko‘paytirishga juda qattiq e’tibor berardilar".

Bir so‘z bilan aytganda, sha’bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha’bon oyingiz muborak bo‘lsin!
 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

13.09.2026   25684   1 min.
Oliy ma’hadning 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan tanishtirildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.

Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari