Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

30.01.2025   6536   2 min.
Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

Rajab oyi nihoyasiga yetib, Sha’bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo‘llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha’bon deb nomlangan.

Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish oyi sanaladi. Sha’bon oyi Qur’on ko‘p tilovat qilinadigan va ko‘p ro‘za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko‘p ro‘za tutardilar.

Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha’bondagidan ko‘p ro‘za tutmas edilar. Zotan, u zot sha’bonning hammasida ro‘za tutar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g‘aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko‘tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha’bonda ro‘za tutganingizdek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim", deb so‘radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g‘ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a’lamiynga ko‘tariladi. Mening amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ulamolar: "Sha’bon oyida bir yillik amallar Allohga ko‘tariladi", deganlar.

O‘tgan solihlar bu oyda yanada ko‘proq Qur’on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha’bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lardilar.

Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha’bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.

Shuningdek, o‘tgan solihlar bu oyda miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag‘allar Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha’bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur’oni karimning tilovatini ko‘paytirishga juda qattiq e’tibor berardilar".

Bir so‘z bilan aytganda, sha’bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha’bon oyingiz muborak bo‘lsin!
 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Jigarni quritadigan ichimlik

7.02.2025   6780   1 min.
Jigarni quritadigan ichimlik

So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimlik­larni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’­kidlashmoqda.

Energetik ichimliklar 1960 yili Yapo­niyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.

2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saq­lash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘s­mirlarning energetik ichimlikni ko‘p is­te’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.

Salomatlik uchun aso­siy xavflar shakar va ko­fein miqdorining yuqori­ligidir. Energetik­larda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.

“Energetik ichimliklarni muntazam ra­vishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.

Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.

Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qu­rishiga olib keladi.