Jahon ajoyibotlaridan biri Shaqrof tog‘ qo‘rg‘oni, uning joylashuvi shu qadar noqulayki, unga yetib borishning o‘zi mushkul ish. Qadimgi yamanliklar bu yerga qurilish materiallarini qanday olib chiqqanini tasavvur qilish qiyin.
Bu ajoyib qo‘rg‘on Yaman poytaxti San’o g‘arbidagi Haraz hududida joylashgan. Ushbu inshoot hatto hozirgi zamonaviy texnika va uskunalari mavjud bo‘lgan holatda ham qurish juda qiyin bo‘lgan binolardan hisoblanadi. Chunki bu mintaqaning geografik va tog‘li sharoiti juda qiyin.
Qadimgi inson bu ishni qanday uddalagan?
Qadimgi yamanliklar cheklangan vosita va ilg‘or texnologiyalarsiz, faqat o‘z aqli va mahoratiga tayanib, Shaqrof qo‘rg‘oni kabi muhandislik mo‘jizalarini yaratishgan. Bu buyuk qo‘rg‘on sirlari bilan Misr piramidalariga teng keladigan kashfiyot hisoblanadi.
Yaman – sivilizatsiyalar o‘chog‘i
“Yaman as-Sa’id” (Baxtli Yaman) deb atalgan yurt turli sivilizatsiya, din va madaniyatlarni birlashtirgan. Uning ajoyib tarixiy merosi G‘arbni ilhomlantirib, ilg‘or yamanliklarning sivilizatsiya, ilm-fan, ixtiro, bunyodkorlik, dehqonchilik, astronomiya va dengizchilikdagi muvaffaqiyatlarini o‘rganishga chorlagan.
Shaqrof qo‘rg‘oni insoniyat irodasi va zakovatining buyuk namunasi va u haligacha juda ko‘p sirlarni o‘zida saqlab kelmoqda.
Internet materiallari asosida
I.Ahmedov tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.
Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.
Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».
Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».
Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!
Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».
Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!
Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!
Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!
Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!
Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!
Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!
Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi