Bir ayol radiodagi jonli efirga qo‘ng‘iroq qilib, Alloh unga yordam berishini aytib murojaat qildi. Bu eshittirishni eshitib turgan bir mansabdor ayol bilan hazillashmoqchi bo‘ldi.
Radioga telefon qilib ayolning manzilini oldi. Yordamchisini chaqirib: “Hozir bozorlik qilib men bergan manzilga olib borasan. U yerda bir ayol chiqadi. Unga olgan narsalaringni berasan. Ayol kim berganini so‘rasa shayton berib yubordi deb aytasan” dedi. Yordamchi o‘sha manzilga u bu xarid qilib keldi. Ayol kishi olib kelingan narsalarni mamnuniyat bilan olib qoldi. Yordamchi hayron bo‘lib “Bu narsalarni kim bergani seni qiziqtirmaydimi?” deb so‘radi. Shunda ayol: “menga kim bergani bilan ishim yo‘q. Bir narsani yaxshi bilaman, Alloh buyursa shayton ham bo‘ysunadi” deya javob qildi.
Akbarshoh Rasulov tarjimasi
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi