Bugun butun dunyo mo'min-musulmonlari katta shodiyona va xursandchilik bilan qarshi olgan Ramazoni sharif oyini yurtdoshlarimiz ham Alloh taoloning rahmati yog'iladigan, qalblar zavqlanadigan ajoyib fursatni ko'tarinki kayfiyat, o'zgacha shukuh bilan o'tkazyapti.
Shunday fayzli kunlarga etkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan xalqimizga qut-baraka, baxtu saodat va tinchlik-ofiyat berishini so'rab, duolar qilamiz.
Ramazon oyida yurtimizga Alloh taoloning rahmati yog'ilyapti. Mo'min-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — taroveh namozini ado etishmoqda. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etilyapti, fitr sadaqasi hamda fidyalar berilyapti. Qutlug' oyda 2 mingdan ziyod masjidda taroveh namozi o'qilmoqda, 1600 dan ortiq jomeda Qur'oni karim xatm qilinib, muxlis xalqimiz Haq taolo Kalomiga some' bo'lmoqda.
Bunday shukuhli damlarda Yurtboshimiz muborak Ramazon oyi bilan butun O'zbekiston xalqini muborakbod etgani dilimizga yana bir shodlik ulashdi. U kishi o'z tabriklarida elimizni qutlar ekan, ushbu ulug' ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz, dedilar.
Darhaqiqat, mana shunday fazilatli kunlarga shukronalar aytish har bir yurtdoshimizning burchidir. Zero, bu kunlarga etgan bor etmaganlar bor. Eng asosiysi, tinchlik-omonlikda bunats rahmat oyiga etganimizdir. Chunki Yurtdoshimiz tabriklariga qayd etganidek, bugun jahon ro'yo berayotgan notinchlik, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar oqibatida begunoh insonlarning qoni to'kilmoqda. Necha minglab insonlar ochligu qiyinchilikni boshdan kechirib, ahvollari tang bo'lib turibdi. Ularni haqqiga duolar ijobat bo'ladigan kunlarda duo qilish va boriga shukronalar aytish lozimdir.
Chunki keyingi yillarda yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar qalbimizni yashnatib, umrimizni nurga to'ldirmoqda. Mamlakatimizda azaliy qadriyatlarimiz sanalgan, muqaddas dinimizning asosiy mezoni bo'lgan o'zgalarga yaxshilik qilish, yiqilganni suyash, kechirimlilik, bag'rikenglik, mehr-oqibat ko'rsatish, ehtiyojmand insonlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar keng quloch yozayotgani barchamizga mamnuniyat bag'ishlamoqda.
Bu boradagi ishlar muborak Ramazon kunlarida yangicha mazmun bilan boyiydi. Mahallalar, xonadonlar toza-ozoda holga keltiriladi. Qarindosh-urug'lar, etimlar, bevalar, keksa va imkoniyati cheklangan insonlar, bemorlar holidan xabar olinadi. Ularning ko'nglini ko'tarish, og'rini engil qilishga ko'maklashiladi. O'zaro sovg'a-salomlar ulashiladi. Shu boisdan muborak kunlarda ko'proq shukronalar aytib, duolar qilmoq joizdir.
Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vassallam: “Ro'za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi ko'paytirib beriladi, duolari ijobat va gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qildilar.
Hadisi sharifda ro'zadorning duosi maqbuldir, deyildi. Chunki inson Alloh taolo uchun nafsining orzularini tark etgani boisidan duosi ijobat qilinadi. Shuning uchun ham bu qutlug' oyda chin qalbdan, astoyidil dunyo va oxirat saodatini so'rab duolar qilishimiz, Alloh taologa astoydil tavba qilib, jonajon yurtimizga tinchlik, xotirjamlik, dasturxonlarimizga to'kinlik kasbu korimizga baraka tilashimiz lozim bo'ladi. Bunday fursatlarni g'animat bilab, toat-ibodatlarda Alloh taolodan bo'ladigan mukofotni qo'lga kiritaylik!
Shu bilan birga Ramazon oyida ezgu amallarni ko'paytirish, muhtojlarga saxovat va mehr-shafqat ko'rsatishning ajru ulug'dir. Zotan, davlatimiz rahbari tabrigida ta'kidlaganidek, bugungi muborak kunlarda xalqimizga xos olijanoblik va mehr-muruvvat ramzi sifatida nuroniylarimiz, yolg'iz va ehtiyojmand bo'lgan opa-singillarimiz, aka-uka va farzandlarimizga e'tibor ko'rsatish, holidan xabar olib, dardiga malham bo'lish, Yaratganga ham, xalqimizga ham, albatta, xush keladi.
Bunday xayriyalar “Inson qadri – ulug'” degan olijanob tamoyili asosida bugun jamiyatimizda keng quloch yoyayotgani elimizda egu fazilatlar ortayotganidan dalolatdir. Hususan, shu kunlarda diniy soha xodimlari Ramazonning shukuhli kunlarida kishilar qalbiga quvonch ulashishi maqsadida, ehtiyojmand, etim, beva-bechora va jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni xabar olib, iftorliklar tashkil etib, ularga “Ramazon hadyalarini ulashmoqdalar. Bunday mehr-muruvvat tadbirlari oy oxirigacha davom etadi, inshaalloh.
Allohning rahmati yog'ilib turgan ushbu fazilatli kunlarda qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Ona-Vatanimiz tinch-osoyishta, xonadonlarimiz fayzu barakali va farzandlarimiz baxtu saodatli bo'lsin. Haq taolo keksalarimizga uzoq umr, yoshlarimizga ilmu ma'rifat va bemorlarimizga shifoi komil bersin.
Homidjon domla IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o'rinbosari
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, Yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar:
"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart".
Uchrashuv davomida "Yangi O‘zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, "Jadid" gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova hamda "Ziyo" media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati